TOShKENT, 13 dek — Sputnik. Toshkentda "Ertangi kun bizniki, marra bizniki!" shiori ostida yoshlar haftaligi boshlandi, deb xabar qilingan Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytida.
Mazkur festivalda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, "Nihol" mukofoti sovrindorlari, xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, sport musobaqalari g‘oliblari, san’at va madaniyat namoyandalari, taniqli ilm-fan arboblari, xorijiy ekspertlar ishtirok etishmoqda. Festival "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan.
Haftalik doirasida Talabalar teatr studiyalari festivali o‘tkaziladi. Unda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent axborot-texnologiyalari universitetining Nukus filiali, Navoiy davlat konchilik instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabalarining teatr jamoalari milliy va jahon adabiyoti asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllarni namoyish etadi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tashkil etiladigan spektakllar namoyishiga yosh tomoshabinlar baho beradi. Festivalning eng sara asari O‘zbek Milliy akademik drama teatrida namoyish etiladi.
Yoshlar haftaligi doirasida mamlakatimizdagi beshta oliy ta’lim muassasasining iqtidorli talabalari o‘rtasida "Tafakkur sinovlari" tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Haftalikning loyihalaridan yana biri O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, tuman va shaharlarning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan "Yangi nigoh" videoroliklar tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimidir.
Mazkur tanlovga turli yo‘nalishlar bo‘yicha 500 dan ortiq ijodiy ish kelib tushgan. Foliblar haftalik davomida internet foydalanuvchilari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.
Moda va dizayn festivali – haftalikning eng yorqin loyihasidir. Ushbu festival an’anaviy modalar haftaliklaridan tubdan farq qilib, uning doirasida "Moda laboratoriyasi" namoyishi, milliy liboslar va zamonaviy modelyerlar defilesi, yosh hunarmand va rassomlar ko‘rgazmalari, mahorat darslari tashkil etiladi.
Haftalik davomida "Quvnoqlar va zukkolar" ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkaziladi. Tanlovda Samarqand davlat universiteti, Andijon qishloq xo‘jaligi instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoalari bahslashadi.
Haftalikda "MIT.uz" loyihasi doirasida axborot-texnologiyalari sohasida, xususan, internet tarmog‘ida milliy sigmentni rivojlantirish borasida izlanishlar olib borayotgan yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tanlov sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
"Turkiston" saroyida "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.