TOShKENT, 13 dek — Sputnik. Moskvaning Tokio bilan hududiy muammolari yo‘q, deb bayonot qildi seshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yaponiyaning Nippon TV televideniyesiga bergan intervyusida.
Putin, shuningdek, Moskva va Yaponiya o‘rtasida tinchlik shartnomasining yo‘qligini "tarixdan qolgan anaxronizm" deb hisoblashini ta’kidladi. Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, 1956-yilda, ya’ni mamlakatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar qayta tiklangan davrda, Moskva va Tokio o‘rtasida munosabatlar qurilishi uchun zarur bo‘lgan bosh asosning o‘zi bo‘lmagan.
Rossiya yetakchisi mamlakatlar o‘rtasida "ishonch, do‘stlik va hamkorlik muhitini" yaratishga chaqirdi. Putinga ko‘ra, gap bu yerda nafaqat savdo-iqtisodiy, balki xalqaro xavfsizlikni ta’minlash borasida hamkorlik masalalari haqida ham bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Yaponiyaga safari 15-16 dekabrga mo‘ljallangan. Rossiya prezidentini Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening ajdodlariga qarashli Yamaguti prefekturasida mehmonga kutishapti. Tomonlar o‘nlab hujjatlarni imzolashlari kutilmoqda.
Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarning to‘liq tartibga solinishi va tinchlik bitimining imzolanishiga janubiy Kuril orollariga egalik qilish masalasi xalal bermoqda.
Yaponiya va Rossiya o‘rtasidagi hududiy bahs Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri davom etadi — urush yakunlariga ko‘ra, Kuril orollari butunligicha SSSR tarkibiga qo‘shib olingandi. Biroq Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai orollari guruhiga Yaponiya muntazam ravishda da’vo qilib keladi.