TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudi Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi shaxsni "jihodchilik" diniy-ekstremistik oqimi faoliyatiga aloqador deb topib uni to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar berdi kuch tizimidagi manba Sputnik muxbiriga.
21 yoshli Abdulatif Alijonov 2014-2015 yillarda Sankt-Peterburgda ishlagan vaqtida ekstremistlar ta’siriga tushib qolgan.
"Rossiyada bo‘lgan vaqtida u internetda faol ravishda taqiqlangan materiallarni ko‘rishni boshlagan. Alijonov "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘idagi manbalar orqali ekstremistik mafkurani o‘rgana boshlagan va uning tarafdoriga aylangan. Shundan so‘ng u mazkur tarmoqdagi turli diniy guruhlarga a’zo bo‘lgan va diniy-ekstremistik tashkilotlar rahbarlarining videomurojaatlari bilan tanishgan", — dedi manba.
Rossiyada bo‘lgan chog‘ida Abdulatif Alijonov shuningdek tanishlariga internet tarmog‘i orqali turli ekstremistika materiallarni faollik bilan tarqatgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur maqsad uchun u uyali telefondan foydalangan.
O‘tkazilgan sud ekspertizasida Alijonov internet orqali tarqatgan materiallar konstitutsiyaga zid ekanligi aniqlandi.
Sud hukmiga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi ("O‘zbekiston Respublikasining konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish") va 244-1 moddasi 2-qismi ("Jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish") bo‘yicha aybdor deb topildi va unga to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtda o‘zbek kuch tizimlari O‘zbekistonda jihodchilarning bir nechta yashirin guruhlarini fosh etishdi. Ularning aksariyati ekstremistik mafkura ta’siriga Rossiyada ishlagan vaqtlarida tushib qolishgan.