TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Marg‘ilon shahar sudida “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi g‘oyalarini targ‘ib qilgan va Suriyadagi jangarilarga qo‘shilishni rejalashtirgan Farg‘ona viloyatilik 32 yoshli Muhsinjon Dehqonov va 45 yoshli Abdurashid Karimovlar sudlandilar, deb xabar berdi suddagi manba Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati operativ xodimlari ekstremistik va terroristik guruhlarni aniqlash bo‘yicha maxsus tadbirlar chog‘ida Dehqonov va Karimov Janubiy Koreyada ishlab yurgan davrida “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimiga jalb etilishgani haqida ma’lumot oldilar.
A.Karimov “jihodchilar” ta’siriga 2004-yilda tushib qoladi va 2011-yilga qadar ularning yig‘inlarida qatnashadi. 2005-2014 yillarda Seulda mehnat qilgan M.Dehqonov ham shahardagi masjidlardan birida o‘tkaziladigan “jihodchilar” yig‘inlariga qatnashib yurgan.
"Ularning guruhida shuningdek qirg‘izistonlik fuqarolar ham bo‘lishgan. Yig‘inlarda qatnashchilar YouTube va Telegram orqali “Jihodchilar” diniy ekstremistik guruhi va “O‘zbekiston islom harakati” terrorchilik tashkiloti rahbarlarining audio va videomurojaatlarini tinglashgan. Ushbu murojaatlarda O‘zbekistondagi mavjud konstitutsion tuzumni ag‘darish, xalifalik boshqaruvidagi davlat tuzish, Suriyadagi jangarilarga qo‘shilishga da’vat qilingan", — dedi sud vakili.
Tergov jarayonida sudlanuvchilar o‘z qilmishlariga iqror bo‘lishdi va sudda ayblarini tan olishdi.
Keltirilgan dalillarga asosan sud o‘z hukmini e’lon qildi. Sud hukmiga ko‘ra M.Dehqonov besh yilu olti oyga, A.Karimov esa olti yilga ozodlikdan mahrum etilishdi.