Mirziyoyev: Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak

© FacebookShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev aholi murojaatlarini o‘z vaqtida hal etishga mas’ul bo‘lgan, qonun talablarini bajarmayotgan rahbar va mansabdor shaxslarni nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka tortish zarur, deb hisoblaydi

TOShKENT, 8 dek – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ma’ruza qildi. Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

"Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvlarida men bir narsaga amin bo‘ldim. Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi.

Hozirgi vaqtda odamlar davlat idoralaridan nimani istayapti? Bu haqda gapirganda, e’tiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
2017 yil "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e’lon qilindi

Xabaringiz bor, shu yil 25-sentabrda Bosh vazirning internet tarmog‘ida elektron qabulxonasi tashkil etilgan edi. O‘tgan davrda ushbu qabulxonaga fuqarolarimizdan 218 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning qariyb 59 foizi yechimini topgan bo‘lsa, 41 foizi ko‘rib chiqilmokda", dedi Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev murojaatlar tahlili orqali xalq nimani istayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

"Ochiq aytishim kerak, bu murojaatlar tahlilidan ko‘p narsa ayon bo‘ldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular hayotimizda mavjud bo‘lgan o‘tkir muammolarga ko‘zimizni ochib berdi.

Mana, odamlar nimalar haqida murojaat qilmoqda. Avvalo, ular turli sohalardagi burokratik to‘siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo‘lgan ko‘plab idoraviy yo‘riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo‘lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo‘yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati haqida murojaat qilmoqda.

Shu bilan birga, aholimizdan uy-joy qurilishi, kommunal, transport va savdo xizmati, energiya ta’minotini, yo‘llarning holatini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Ko‘rib turibsizki, aziz do‘stlar, bu talablarning barchasi qonuniy va adolatli. Bu borada ortiqcha izohning hojati yo‘q, deb o‘ylayman", dedi saylangan Prezident.

Shavkat Mirziyoyev murojaatlarni o‘z vaqtida hal etishga mas’ul bo‘lgan mansabdorlarni tanqid qildi va ularni qat’iy javobgarlikka tortish zarurligini bildirdi.

Virtual qabulxona sahifasi - Sputnik O‘zbekiston
Virtual qabulxonaga tushgan murojaatlarning eng ko‘pi - Toshkent hokimiyatiga taaluqli

"Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: mana shu murojaatlarda ko‘tarilgan hayotiy muammolarni joylardagi hokimlik va idoralar, tegishli mutasaddilar o‘z vaqtida hal etishi zarur emasmidi? Holbuki, bu masalada alohida qonun, ya’ni, "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan. Lekin, ming afsuski, bu qonunning ijrosini nazorat qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Shu sababli ana shu qonun talablarini bajarmayotgan rahbar va mansabdor shaxslarni nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka tortish zarur, deb hisoblayman.

Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak va bu haqiqatni avvalo barcha bo‘g‘indagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarur", dedi u.

So‘zida davom etar ekan, Mirziyoyev "Shu munosabat bilan tadbirkorlik faoliyati va xususiy mulkni himoya qilish yuzasidan yaqinda qabul qilingan Farmon talablariga so‘zsiz amal qilishni ta’minlash shart. Nega deganda, xalq boy bo‘lsa, davlat ham albatta boy va qudratli bo‘ladi", deya qo‘shimcha qildi.

Prezident odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish – aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Yangiliklar lentasi
0