TOShKENT, 4 dek — Sputnik, Kurilkin Anton. 4-dekabr kuni O‘zbekistonda Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Barcha saylov uchastkalari saylovchilar uchun ertalab soat oltida ochildi.
Toshkentda hammayoq tinch
Alisher Navoiy mahallasidagi 132-saylov uchastkasida 2352 saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ular orasida O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oilasi ham bor edi. Bosh vazir ertalab birinchilar qatorida ovoz berdi.
Aksariyat toshkentliklar Mirziyoyevlar kabi oilaviy bo‘lib ovoz berishda ishtirok etdilar. Oilaning jajji a’zolari uchun sovg‘alar bor edi – ularga shirinliklar ulashildi.
Kuzatuvchilarning ta’kidlashlaricha, aholi ovoz berishga mas’uliyat bilan yondashdi – ko‘pchilik nomzodlarning dasturi bilan tanishib chiqqan va saylovda qatnashish uchun boshqa ishlarini chetga surib qo‘ygandi.
Saylov uchastkasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 1945-yilgi g‘alaba paradi ishtirokchisi bo‘lgan otaxon ham ovoz berdi. U yoshlarni yaxshi o‘qishga va yurt taqdiriga mas’uliyat bilan qarashga chaqirdi. Faxriy otaxonning uyda o‘tirib ovoz berish imkoniyati bo‘lsa ham saylovga oilasi bilan shaxsan kelib ovoz berishi ko‘pchilikka namuna bo‘ldi.
282-saylov uchastkasida esa saylovda o‘z nomzodi bilan ishtirok etayotgan Hatamjon Ketmonov ovoz berdi. U Olmazor tumanidagi saylov uchastkasiga turmush o‘rtog‘i bilan birga keldi.
Ovoz berishda imkoniyati cheklangan kishilar ham bemalol qatnashishlari uchun sharoit yaratildi — saylov uchastkalarida ular uchun maxsus yo‘lak va kabinalar tayyorlandi.
Yoshi ulug‘ va saylov uchastkasiga kela olmaydigan fuqarolar uchun esa uyda ovoz berishlari uchun imkoniyat yaratildi — ularning uylariga maxsus saylov komissiyasi xodimlari tashrif buyurishdi. Mazkur holda ham yashirin ovoz berish tamoyiliga amal qilindi — saylov bulleteni taqdim etilgach, komissiya xodimlari saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra ovoz berishi uchun tashqariga chiqib turishdi.
Uchastkalardagi kuzatuvchilar qiziq holatni kuzatishdi — tong saharda asosan yoshi ulug‘ fuqarolar ovoz berishdi, tushgacha esa o‘rta yoshdagi kishilar, tushdan so‘ng saylov uchastkalariga yoshlar kela boshlashdi.
Darvoqe, Toshkentda ertalabki ovoz berishda past ko‘rsatkich qayd etilganini shu bilan izohlash mumkin — shahar aholisini yoshlar tashkil etadi va ko‘pchilik ovoz berish uchun tushdan so‘ng keldi.
Soat 12larga yaqin saylov uchastkalariga Sarvar Otamuratov va Narimon Umarovlar ham tashrif buyurishib, o‘z fuqarolik burchlarini ado etdilar. Shu tarzda tushgacha Prezidentlik poygasining barcha ishtirokchilari ovoz berib bo‘lishdi.
Yana bir narsa. Mamlakat bo‘yicha tushga yaqin saylovchilarning 33,73%i ovoz berib bo‘ldi, bu esa saylovlar bo‘lib o‘tdi deb hisoblashga imkon berdi.
Moskvada bayramona ruh
Saylov kuni mamlakat tashqarisida bo‘lgan fuqarolar ham ovoz berishda ishtirok etishlari mumkin edi. Elchixona va konsulliklarda tashkil etilgan saylov uchastkalari mahalliy vaqt tonggi oltida ochildi.
Shu kuni Moskva metrosida ko‘plab o‘zbekistonliklarni kuzatish mumkin edi — ular tong sahardan O‘zbekiston elchixonasi tomon yo‘l olishgandi. Moskva politsiyasi bir nechta postlar tashkil etdi va o‘zbekistonliklarga elchixonaga borishda yordam ko‘rsatdi.
Ovoz berishni tashkillashtirishda eng og‘ir yumush elchixona xodimlari zimmasida bo‘ldi. Lekin barchaning bir ovozdan ta’kidlashicha, saylov uchastkasida barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, hech qanday noqulayliklar bo‘lmadi.
Umuman olganda, shu kuni Moskvada bayramona ruh hukmronlik qildi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri Dilshoda Rahmatovaning aytishicha, fuqarolar ovoz berish uchun bayramona kiyingan holda keldilar. Saylov uchastkasi Rossiyada o‘qish va ishlashga kelganlar bilan gavjum bo‘ldi. Ayrim talabalar uchun bu ular qatnashgan ilk saylov bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi matbuot kotibi Obid Karimovning ma’lum qilishicha, Moskvadagi saylov uchastkasiga mingdan ortiq fuqaro kelib ovoz berdi.
Qonun buzilishlar bo‘lmadi
O‘zbekistonda ham, xorijda ham saylov qonun buzilishlarisiz o‘tdi. Bu haqda MSK raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov ma’lum qildi.
Saylov xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari tomonidan ham yuqori darajada baholandi. Masalan Rossiya davlat dumasi deputati Leonid
Sluskiy saylovlarning yuqori darajada tashkillashtirilganini bildirdi.
"Odatda sobiq sovet makonidagi mamlakatlardagi saylovlarga tanqidiy yondashadigan saylov missiyalaridagi hamkasblarimiz mazkur saylov o‘tkazilishida hamda uni baholashda ushoqdek ham kamchilik topa olishmaydi, deb o‘ylayman", — dedi Sluskiy.
Rossiyalik yana bir parlamentchi, federatsiya kengashi a’zosi Sergey Lisovskiy O‘zbekistondagi Prezidentlik saylovlaridan ko‘p narsani o‘rganish mumkinligini aytdi.
"Qonun buzilishlari bo‘lmadi, barchasi yuqori tashkiliy ruhda o‘tmoqda, biz bu saylovlardan ko‘p narsani o‘rgansak bo‘ladi", — dedi senator.