TOShKENT, 26 noya — Sputnik. O‘zbekistonning bir guruh fuqarolari xorijga chiqishda talab qilinadigan, ikki yil muddatga beriluvchi chiqish vizasini bekor qilishni so‘rab Shavkat Mirziyoyev nomiga petitsiya imzolashni boshlashgan. Murojaat xati Сhange.org saytida e’lon qilingan.
"Biz, quyida imzo qo‘ygan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari, Sizga tashabbus tariqasida respublikamiz meyoriy qoidalari qatorida saqlanib kelayotgan fuqarolarning horijga safar qilishi uchun talab qilinadigan ikki yilga beriladigan chiqish vizasi to‘g‘risida murojaat qilmoqchimiz.
Darhaqiqat, chiqish vizasini olish uchun talab qilinadigan xujjatlarda fuqaro bir qator savollarga javob bergan holda muayan anketani to‘ldiradi. Unda aslida ikkita asosiy savol mavjud: bu fuqaro avval sudlanganmi va u davlat sirlariga egami. Ta’kidlash kerakki, ikkala savol bo‘yicha tegishli davlat idoralarida to‘la ma’lumot mavjud bo‘ladi va mazkur toifaga kiruvchi shaxslar horijga chiquvchi oddiy fuqarolar orasida deyarli uchramaydi. Qolaversa, horijga chiqishi ta’qiqlangan yoki cheklanganlar toifasiga kiritilgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumot chegara idoralariga oldindan berilgan bo‘lib, bu ma’lumotni doim fuqaro chegarani kesib o‘tish vaqtida kompyuter orqali avtomatik tarzda tekshirish oson.
Shuni ham eslatishimiz zarurki, BMTning Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 13.1 bandida insonning butun dunyo bo‘yicha erkin yurishi, o‘z mamlakatidan erkin chiqish va kirish huquqiga ega deb ta’kidlangan. Dunyoning deyarli boshqa hech bir davlatida bunday viza mavjud emas. Bizga qo‘shni bo‘lgan davlatlarda ham yo‘q. Aslida bunday amaliyot faqat O‘zbekistonda va Shimoliy Koreyada qolgan. O‘zbekiston Respublikasi jahonning rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan ekan va shu yo‘lda bugunga kelib ancha islohotlarni amalga oshirganligini inobatga olgan holda, biz o‘zbekistonliklarga chiqish vizasini bekor qilish uchun tegishli qaror qabul qilishingizni taklif etamiz", — deyilgan petitsiya xatida.