O‘zbekistondagi saylovlar: dunyoni titratmaydigan 10 kun

© Sputnik / StringerSaylovga bag‘ishlangan plakat
Saylovga bag‘ishlangan plakat - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbek mentalitetini hisobga olib aytish mumkinki, o‘tgan yillardagi saylovlarda bo‘lgani kabi 4-dekabr kungi saylovda ham barcha fuqarolar qatnashishadi

TOShKENT, 25 noya — Sputnik. O‘zbekistonda Prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishiga 10 kun qoldi. Mazkur muhim siyosiy voqeaga mamlakatda qanday tayyorgarlik ko‘rilayotgani, nomzodlar saylovchilarni o‘z tomonlariga og‘dirish uchun qanday harakat qilishayotgani haqida Sputnik Tojikiston muxbiri fikr yuritadi.

Saylovlar ilk marta O‘zbekistonning uzoq yillik rahbari Islom Karimov ishtirokisiz o‘tishi aholining ulkan qiziqishiga sababchi bo‘lishi kerakdek edi. Ammo siyosat maydonida uzoq vaqt davomida yagona nomzodning yetakchiligi va munosib nomzodlarning bo‘lmasligi aholining qiziqishi deyarli yo‘qolishiga olib keldi.

Biz tanlaymiz, bizni tanlashadi

O‘zbekistonliklar hozirda nomzodlar dasturini o‘rganishdan ko‘ra qishga tayyorgarlik, dollar kursining oshishi va oziq-ovqat narxlariga ko‘proq e’tibor qaratishgan. Bunga bir necha sabablar bor, lekin asosiysi, oddiy haydovchidan tortib siyosatchilargacha bo‘lajak prezidentlik saylovlari natijasi qanday yakunlanishini yaxshi bilishadi.

SSSR tarqalganidan buyon mamlakat faqat birgina siyosatchi — Islom Karimovni bilardi. Uzoq vaqt davomida vazirlar, vazir o‘rinbosarlari va boshqa amaldorlar matbuotda deyarli ko‘rinmadilar. Aksariyat fuqarolar bosh vazir – Shavkat Mirziyoyevning qiyofasini ko‘rishmagandi.

2016 yilgi saylovlarga taklifnoma - Sputnik O‘zbekiston
Fuqarolarga saylov taklifnomalari tarqatilishi boshlandi

Ikki oy ilgari vaziyat o‘zgardi. Avvaliga respublika bosh vazirining batafsil tarjimai holi chop etildi, mahalliy televideniyeda esa tomoshabinlar katta qiziqish bilan tomosha qilishgan Mirziyoyev haqidagi ko‘rsatuv namoyish qilindi.

Mamlakatda keyingi yigirma yil davomida shakllangan tizim ham xalq dardiga quloq soladigan, ham mas’uliyatsiz amaldorlarni jazolaydigan faqat birgina yetakchini namoyon etib keldi. Tabiiyki, bunday holatda ilgarigi rahbar bilan yonma-yon qadam tashlagan, amalda sinovdan o‘tgan siyosatchigina yetakchilikni o‘z qo‘liga olishi mumkin edi.

O‘zbek mentalitetini hisobga olib aytish mumkinki, o‘tgan yillardagi saylovlarda bo‘lgani kabi 4-dekabr kungi saylovda ham barcha fuqarolar qatnashishadi.

Darvoqe, buni ijtimoiy so‘rov natijalari ham tasdiqlaydi. Lekin aksariyat fuqarolar ovoz berish borasida bir qarorga kelib bo‘lishgan —omma Mirziyoyevni boshqalardan ko‘ra ko‘proq taniydi.

Targ‘ibot va amaliyot

O‘zbekistonda saylovoldi kampaniyasi yakuniy bosqichga yetib keldi, biroq undan Klinton va Trampda bo‘lganidek ehtirosni kutmaslik lozim.

Saylovoldi targ‘ibotlari boshlanishidan ilgari ekspertlar bosh vazirdan tashqari uch nomzod — Otamuratov, Ketmonov va Umarovlar nostandart kampaniya o‘tkazsalargina, amalda odamlar bilan haqiqiy mavjud muammolar haqida gaplashsalargina g‘alaba uchun imkoniyat bo‘lishi mumkinligini aytishgandi. Lekin afsuski, bunday bo‘lmadi.

Sayyora Xo‘jayeva - Sputnik O‘zbekiston
Ekspert: O‘zbekistonda saylovoldi targ‘ibotlari boshlanmoqda

Mirziyoyevning barcha raqiblari chaqiriqli bannerlar ilish, TV uchun rolik tayyorlash va saylovchilar bilan uchrashuvlar uyushtirish bilan cheklandilar. Ularning oldida Mirziyoyevning aniq va rejali kampaniyasi ancha ishonchli. Bosh vazir jamoasi birinchi navbatda xalq orasidagi u haqidagi qattiqqo‘l siyosatchi degan tasavvurni tarqatib yuborishga kirishdi. Mamlakatning Birinchi Prezidenti vafotidan so‘ng Mirziyoyev qattiqqo‘llik qilishi va vaziyat yomonlashishi haqida gap-so‘zlar bolalagandi. Lekin amalda hammasi boshqacha bo‘ldi.

Birinchidan, mamlakat tarixida ilk bor bunday yuqori darajadagi mansabdor shaxs internet orqali har qanday fuqaro murojaat qilishi mumkin bo‘lgan virtual qabulxona ochib, omma bilan muloqotga kirishdi. So‘ngra mavjud muammolar va ularning hal qilinganligi haqida maqolalar chop etildi.

Ikkinchidan, bosh vazir poytaxt Toshkentga alohida e’tibor qaratdi. U muammoli tumanlarga shaxsan o‘zi borib, qo‘lidan ish kelmaydigan rahbarlarni bo‘shatishdan tashqari, anchadan buyon og‘riqli bo‘lib kelayotgan muammolarni hal qilishga – metro yo‘li qurish, Sergelida yangi uylar barpo etish, uy-joy kommunal sohasidagi masalalarni yechishga va’da berdi. Bundan tashqari, Mirziyoyev Toshkent markazida ilgari yopib qo‘yilgan va mashinalar qatnovida muammo tug‘dirayotgan ko‘chalarni ochdi.

Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva - Sputnik O‘zbekiston
Ekspert: G‘arbning O‘zbekiston haqidagi taxminlari puch bo‘lib chiqdi

Tashqi siyosatda esa Prezident vazifasini bajaruvchi Mirziyoyev qo‘shnilar, ayniqsa Qirg‘iziston va Tojikiston bilan munosabatlarni yaxshilashga kirishdi. Bu yo‘nalishda olg‘a siljish darhol sezildi — tomonlar bahsli hududlardagi chegara chiziqlari bo‘yicha kelishuvlarni faollashtirdilar.

Aksariyat qismi u yoki bu tarzda Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan aholi ham asosiy nomzoddan ko‘p narsani umid qilmoqda. Migrantlarning oila a’zolari Rossiyada o‘zbeklarni ishga qabul qilish jarayonlari soddalashishidan, rus tilida so‘zlashuvchi aholi esa Toshkentning Moskva bilan yanada mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishidan umidvor. 

Bundan tashqari, Mirziyoyev raqiblaridan farqli o‘laroq, Prezidentlikka saylanadigan bo‘lsa taklif etayotgan loyihalarini amalga oshirish uchun aniq raqamlarni keltirmoqda.

Siyosatdan ko‘ra tinchlik muhimroq

Xorijlik ekspertlarning fikricha, Karimovning vafotidan so‘ng yuqori lavozimli mansabdorlar Prezidentning vorisi haqida kelishib olishgan. Shu nuqtayi nazardan davlat siyosiy tizimida ishtirok etayotgan qolgan uch nomzod bu yilgi saylovlarda ko‘p ovoz olmagan holda kelgusida ustunlik  qozonishga umid qilishlari mumkin.

Shuni ham unutmaslik lozimki, so‘z erkinligi va demokratiyani hamma narsadan ustun deb biladigan yevropalik va amerikaliklardan farqli ravishda o‘zbekistonliklar uchun xavfsizlik va barqarorlik har doim ustuvor bo‘lib kelgan. Afg‘oniston, ID, ekstremistik guruhlar tomonidan tahdid mavjud bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasida esa ko‘pchilikning ta’kidlashicha, kuchli qo‘l darkor.

O‘zbekistonda deyarli hamma, hattoki maktab o‘quvchilari ham saylovlar qachon bo‘lib o‘tishini va saylov uchastkalari qayerda joylashganligini bilishadi. Lekin aholining aksariyat qismi ishdan bo‘sh vaqtini siyosatga emas, dam olish va ko‘ngil ochishga sarflashni ma’qul ko‘radi.

Jamoat transporti, do‘kon va oshxonalarda ham suhbat mavzusi kim Prezident bo‘lishi haqida emas, nomzod hokimiyat tepasiga kelganidan keyin qanday ishlarni amalga oshirishi haqida bo‘ladi.

Yangiliklar lentasi
0