Ekspert: O‘zbekistonda saylovoldi targ‘ibotlari boshlanmoqda

Obuna bo‘lish
Ekspertning fikricha, saylovlar jarayonida saylovchilar ro‘yxatini tuzishda muammolar kelib chiqishi mumkin

TOShKENT, 24 okt — Sputnik, Kurilkin Anton. O‘zbekistonda siyosiy partiyalar tomonidan Prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun ilgari surilgan nomzodlarning hujjatlarini topshirish jarayoni nihoyasiga yetdi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri saylov kampaniyasining borishi to‘g‘risida Toshkentdagi Inson huquqlari va demokratiya instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva fikrlariga qiziqdi.

Qonun buzilishlari bo‘lmadi

Xo‘jayevaning aytishicha, nomzodlarni ilgari surish bosqichi yakuniga yetdi. "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin. Hozirda bizda to‘rtta partiya: "Adolat", Xalq demokratik partiyasi, Liberal demokratik partiya va "Milliy tiklanish" partiyalari mavjud, — dedi ekspert.

Shu kungacha "Adolat" partiyasi Narimon Umarov, Xalq demokratik partiyasi Hotamjon Ketmonov, "Milliy tiklanish" partiyasi Sarvar Otamuratov nomzodlarini ilgari surdi. Liberal demokratik partiya tomonidan esa respublika Bosh vaziri, Prezidentlik vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev nomzodi ko‘rsatildi.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
O‘zLiDeP a’zolari saylovoldi targ‘ibotini o‘tkazishmoqda

Hozirda partiyalar taqdim etgan hujjatlar respublika MSK tomonidan tekshirilmoqda – ekspertlar imzo varaqalarining va boshqa hujjatlarning haqiqiyligini tekshiruvdan o‘tkazadilar.

Ekspertning aytishicha, partiya jami beshta hujjat: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olish haqida ariza, partiya yuqori organining Prezidentlikka nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori, partiya yuqori organi majlisining Prezidentlikka nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, Prezidentlikka nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi hamda Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini topshiradi.

"Imzo varaqalari O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilarining umumiy soni kamida bir foizining, kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo‘lgan saylovchilarning imzosini qamrab olgan bo‘lishi kerak. Ma’muriy-hududiy tuzilmalardan birida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin. Bunday tuzilmalar respublikada 14tani tashkil etadi", — dedi Xo‘jayeva.

Ekspertning aytishicha, nomzodlarni ilgari surishda qonun buzilish holatlari qayd etilmagan, hozirda mamlakatda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi targ‘iboti boshlanmoqda. Ekspertning fikricha, saylovlar jarayonida saylovchilar ro‘yxatini tuzishda muammolar kelib chiqishi mumkin.

O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar

"Aholining qanchadir qismi mamlakat tashqarisida ekanligini va ular borgan mamlakatlarida qonunan ro‘yxatdan o‘tmagani bois ular saylovlarda ovoz bera olmaydilar", — dedi Xo‘jayeva.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Prezidentlik saylovlari 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Islom Karimovning vafotidan so‘ng Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Mamlakatda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni ShHT, YeXHT, MDH, IHT va qator davlatlar vakillari kuzatadilar.

Yangiliklar lentasi
0