TOShKENT, 24 noya — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan "Hizb ut-Tahrir"diniy-ekstremistik guruhi a’zolari bilan bog‘liq jinoya ishini ko‘rib chiqdi, deb xabar berdi sud vakili Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
Ekstremistik guruh tarkibiga Oltiariq, Quva va Rishton tumanidan yoshi 26dan 44gacha bo‘lgan 15 nafar shaxs: T.Sattorov, M.Rahimov, N.Ibragimov, D.Bo‘taboyev, E.Yunusov, A.Mirzarahimov, A.Jo‘raboyev, K.Abdusattorov, M.Yo‘lchiyev, A.Azizboyev, A.Usmonov, X.Karimov, A.Qo‘ziyev, Sh.Boltaboyev va A.Ro‘zmatov kirgan.
"Tergov jarayonida guruh uning a’zolari Rossiyaning Orenburg shahrida ishlagan vaqtlarida tashkil etilganligi aniqlandi. Vatanga qaytishgach, ular qo‘shni va tanishlari hisobiga o‘z saflarini kengaytirishgan. Guruhning asosiy maqsadi O‘zbekiston hududida "xalifalik" tashkil etish bo‘lgan", — dedi O‘zbekiston MXX vakili.
Yashirin guruh Farg‘ona viloyati hududida 2015-yildan faoliyat ko‘rsata boshlagan. Guruh a’zolari o‘zaro yig‘ilib turli diniy ekstremistik adabiyotlarni o‘qigan, internet orqali terrorchilik tashkilotlari tomonidan tayyorlangan Suriya va Iroqdagi janglar videoyozuvlarini tomosha qilishgan.
Sudlanuvchilar "Hizb ut-Tahrir" guruhining boshqa a’zolariga, jumladan qo‘shni respublikalarda yashirinib yurgan sheriklariga moddiy yordam berish maqsadida daromadlarining o‘ndan bir qismini "tabarruot" sifatida yig‘ishgan. Guruhning ayrim a’zolari janglarda qatnashish uchun Suriya va Iroqqa borishni rejalashtirishgan.
Guruhning ayrim a’zolari ilgari ham sudlanganlar. Xususan, T.Sattorov 2003-yilda jinoyat kodeksining 169-moddasi ("O‘g‘irlik") bo‘yicha ikki marta javobgarlikka tortilgan. Natijada u jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudi tomonidan 5-yil 4 oyga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan. Sh.Boltaboyev 1992-yilda Rishton tuman sudi tomonidan yo‘l harakati va transportdan foydalanish qoidalarini buzgani uchun 5-yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2002-yilda u 104-moddaga ("Qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish") asosan 11-yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
"Hizb ut-Tahrir" guruhining a’zolariga 159 ("O‘zbekiston Respublikasi konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish"), 244-1 ("Jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish"), 244-2 ("Diniy ekstremistik, separatist, fundamentalist yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, boshqarish va ishtirok etish") moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Sud hukmiga ko‘ra ularning har biri 7-yildan 10-yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi.