TOShKENT, 18 noya – Sputnik. Markaziy saylov komissiyasida MDH Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Yevgeniy Sloboda boshchiligidagi kuzatuvchilar missiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
MDH kuzatuvchilari missiyasi O‘zbekiston MSK taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatishda ishtirok etadi.
Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusalomov mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasining borishi bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda saylov kampaniyasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, saylov to‘g‘risidagi qonunlar va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga to‘la muvofiq holda, ochiqlik va oshkoralik sharoitida o‘tayotgani ta’kidlandi.
MDH missiyasining uzoq muddatli kuzatuvchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni bilan ham tanishtirildi. Nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi.
Uchrashuvda MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida Missiya shtabi faoliyat ko‘rsatishi va kuzatuvni tashkil etish bilan bog‘liq zarur tadbirlarni o‘tkazishi ta’kidlandi.
Saylov jarayoni qanday borayotgani to‘g‘risida materiallar to‘plash va ularni tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, tele-va radiokanallardagi axborot dasturlari va ko‘rsatuvlarni, shuningdek, bosma ommaviy axborot vositalarini monitoring qilish, nomzodlarning saylovoldi shtablarida uchrashuvlar o‘tkazish Missiya shtabining asosiy vazifalari hisoblanadi.
Ilgari xabar berilganidek, Markaziy saylov komissiyasi shu paytga qadar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti missiyalarining 90 dan ziyod kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazdi.