TOShKENT, 11 noya – Sputnik. Yevroittifoq O‘zbekistonning sud islohoti va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borayotgan ishlarini e’tirof etdi, deyiladi YeIning respublikadagi vakolatxonasi juma kuni e’lon qilgan xabarda. Bu haqda RIA Novosti yozmoqda.
"YeI O‘zbekistonning tegishli qonunchilikni modernizatsiya qilish, masalan, sud tizimini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish borasidagi sezilarli sa’y-harakatlarini e’tirof etdi", — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi 8-9 noyabr kunlari Brusselda Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va boshqa masalalar bo‘yicha quyi qo‘mitaning 13-majlisini o‘tkazdi, deyiladi vakolatxona xabarida. O‘zbekiston delegatsiyasiga adliya vaziri o‘rinbosari Nodir Jo‘rayev, Yevroittifoq delegatsiyasiga Yevropa tashqi faoliyat xizmatining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqarmasi rahbari Toyvo Klaar rahbarlik qildi.
"YeI 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidentligi saylovlarini kuzatish uchun YeXHTning to‘laqonli missiyasi taklif etilganligini olqishlaydi", — deya qayd etdi vakolatxona.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar keng doiradagi savollar, jumladan, O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi munosabatlar rivojini muhokama etdilar. Tomonlar, xususan, fikr va diniy e’tiqodni erkin ifodalash, jazoni ijro etish tizimi, ayollar huquqlari va aholining himoyaga muhtoj qatlamlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston tomoni paxta yig‘im-terimi davomida bolalar va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida erishilgan natijalar hamda Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyasining ratifikatsiya qilinganligini eslatib o‘tdi. Tomonlar BMT, XMT va YeXHT kabi xalqaro va hududiy tashkilotlar bilan hamkorlik va monitoringlar o‘tkazishni davom ettirish muhim ekanligini qayd etdilar.
Oktabr oxirida O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Qonun loyihasi O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan edi.
Shuningdek, oktabr oxirida Mirziyoyev jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik-protsessual va odil sudlov tizimi samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan qator qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish haqidagi farmonni imzoladi. Jumladan, 2017-yil 1-apreldan boshlab respublikada ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatiladi.