TOShKENT, 1 noya – Sputnik. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ joriy yilning 9 oyi davomida aksiyadorlik jamiyatining ijtimoiy–iqtisodiy faoliyati yakunlari va kelgusidagi rejalariga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazdi.
Ta’kidlanishicha, aksiyadorlik jamiyatining temir yo‘l stansiyalaridan 2016-yilning yanvar–sentabr oylarida 50,5 mln. tonna yuk ortilib, o‘z manziliga etkazildi. Shuningdek, o‘tgan 9 oyda 15,8 mln. yo‘lovchi o‘z manziliga etkazib qo‘yildi.
Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida AJ tomonidan 2214 ta yangi ish o‘rni tashkil qilindi. Bugungi kunda jamiyat miqyosida ishchilar soni qariyb 70 ming nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan uzunligi 123,2 kilometrni tashkil etuvchi "Angren–Pop" elektrlashtirilgan temir yo‘li va uning doirasida bunyod etilgan, uzunligi 19,2 kilometrni tashkil etuvchi «Qamchiq» tunnelining qurilishi joriy yil iyun oyida to‘liq tugatilib, foydalanishga topshirildi. 11-iyuldan boshlab esa mazkur yangi temir yo‘l orqali Farg‘ona vodiysiga hamda u erdan O‘zbekistonning boshqa xududlariga yuk poezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Mustaqillik bayramining 25-yilligi bayrami arafasida Toshkentdan Andijonga birinchi yo‘lovchi poezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Toshkent–Andijon–Toshkent yo‘nalishida hamda Andijon–Buxoro–Andijon yo‘nalishida yo‘lovchi poezdlar qatnovi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, bir sutkada 17 ta yuk poezdi yangi temir yo‘li orqali yuklarni o‘z manzillariga etkazmoqda.
Samarqanddan Buxorogacha bo‘lgan masofada 140 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘l qurildi hamda mavjud temir yo‘llar tubdan ta’mirlanib, Buxorogacha bo‘lgan masofada to‘liq elektrlashtirish ishlari amalga oshirildi. Natijada Toshkent–Buxoro–Toshkent yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoezdining qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, temir yo‘llarda elektrlashtirish jarayoni hamda yangi temir yo‘llarni qurish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Toshkent shahrida metro qurilishi ham aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshiriladi.