TOShKENT, 24 okt — Sputnik. IHT TIVKning Toshkentda bo‘lib o‘tgan 43-sessiyasi gumanitar masalalarga, birinchi navbatda ta’lim va islom qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlandi. Ushbu sammit hamda mamlakatning IHTdagi raisligi doirasidagi rejalar haqida O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov batafsil so‘zlab berdi.
Sammit yakunlariga bag‘ishlab O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan brifingda elchi IHTda kuzatuvchi davlat maqomida 43-sessiyada ishtirok etgan Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasiga, xususan, alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi Konstantin Shuvalovga minnatdorlik bildirdi. Sessiyada 50dan ortiq a’zo davlatlar va IHT kuzatuvchilarining vakillari ishtirok etishdi. Sessiya mavzusi "Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l" deya nomlandi.
Elchi yig‘ilganlarni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda bo‘lib o‘tgan IHT TIVK sessiyasida so‘zlagan nutqida bayon etilgan asosiy yo‘nalishlar bilan tanishtirdi.
Mirziyoyev O‘zbekiston boy madaniy tarixga ega ekanligini, ushbu zaminda turli davrlarda yashab o‘tgan buyuk mutafakkirlar nafaqat islom, balki jahon madaniyati va faniga ulkan hissa qo‘shganlarini ta’kidladi. Ular orasida Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Iso va Hakim Termiziylar, Mahmud Zamaxshariy, Muhammad Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa ko‘plab daholar bor.
O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev globallashuv davrida dunyo jiddiy tahdidlar bilan yuzma-yuz kelayotgani, bu tahdidlarga qarshi faqatgina birgalikda kurashish mumkinligini ta’kidladi.
"Boshpanasiz qolib, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurgan odamlar og‘ir musibatlarni boshdan kechirmoqda, qurolli qarama-qarshiliklar va terrorizm oqibatida gunohsiz bolalar, keksalar, xotin-qizlar halok bo‘layotir. Oxiri ko‘rinmaydigan urushlar tufayli ko‘plab mamlakatlar vayronaga aylanmoqda.
Bunday sharoitda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarni musulmon olamida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish yo‘lida birlashtirish, o‘zaro hamkorlikning ishonchli mexanizmlarini, a’zo mamlakatlarning dolzarb masalalar yuzasidan muloqot qilishi uchun o‘ziga xos maydon yaratishga xizmat qiladigan Islom hamkorlik tashkilotining roli va mas’uliyati yanada ortmoqda", — dedi Mirziyoyev o‘z nutqida.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi o‘z chiqishida respublikada islom madaniyatining mustahkamlanishi va rivojlanishi borasidagi muvaffaqiyatlar haqida ham so‘z yuritdi. Bugungi kunda har yili o‘zbekistonlik besh mingdan ziyod kishi o‘zining ezgu orzusi va musulmonlik burchi – haj amalini ado etmoqda. Mamlakatda minglab masjidlar faoliyat yuritmoqda, tarixiy islom yodgorliklari, muqaddas qadamjolar qayta tiklandi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining raisi sifatida quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratishini bildirdi:
Ta’lim tizimini rivojlantirish, ajdodlar madaniy merosini ommalashtirish, xalqaro miqyosda konfessiyalar, millatlar va madaniyatlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish;
Innovatsion texnologiyalar va IHTga a’zo davlatlar o‘rtasida texnik sohadagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash;
Xavfsizlik muammosi va har qanday ziddiyat va to‘qnashuvlarni muzokaralar, siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga erishish;
Hududdagi energetika resurslaridan oqilona foydalanish, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va moliyaviy-investitsion hamkorlikni kengaytirish;
Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida nafaqat islom madaniyati, balki umumbashariy sivilizatsiyaga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etish;
Yadro qurolidan xoli hududlar ko‘lamini izchil kengaytirish va Yaqin Sharqda ham yadro qurolidan xoli hududni tashkil etish.
IHT TIVKning Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi davomida o‘nlab ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, hamkorlikning turli sohalarida, jumladan iqtisodiy va investitsion hamkorlik bo‘yicha umumiy qiymati 1,4 milliard dollarlik 21 loyiha imzolandi. IHT doirasidagi loyihalarning asosiy investor va kreditori Islom taraqqiyot bankidir.
IHT – BMTdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi, 57 mamlakat a’zo va besh mamlakat kuzatuvchi bo‘lgan tashkilot. Tashkilot tarkibiga kiruvchi davlatlar hududida 1,5 milliarddan ortiq aholi istiqomat qiladi, IHT davlatlari jahon neft zaxiralarining 60, tabiiy gaz zaxiralarining 14%i hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining uchdan bir qismini nazorat qiladi.