IHT TIVK: "soatlarni to‘g‘rilash" va yangi kreditlar

Obuna bo‘lish
Yaqin ikki yil davomida ITB O‘zbekistonda 21 loyihaga umumiy miqdori 1,4 milliard dollar sarmoya kiritishiga kelishib olindi

TOShKENT, 20 okt — Sputnik, Anton Kurilkin. O‘zbekiston poytaxtida Islom hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi o‘z nihoyasiga yetdi. Ikki kun davom etgan sessiya doirasida tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchrashuvlar o‘tkazildi, O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritiladigan 1,4 milliard dollar miqdoridagi investitsiyalar bo‘yicha 21 kelishuv imzolandi va bir nechta muhim bayonotlar berildi.

Sammitning birinchi kuni uchrashuvlarga boy bo‘ldi — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkiya, Indoneziya, Iordaniya, Kuvayt, Qirg‘iziston, Kot d'Ivuar, Falastin davlatlarining tashqi ishlar vazirlari va IHT bosh kotibi bilan uchrashdi.

Oliy iqtisodiyot maktabi ilmiy tadqiqot universitetining siyosiy fanlar departamenti vakili Grigoriy Lukyanovning aytishicha, bunday tig‘iz uchrashuvlar ana shunday miqyosdagi tadbirlar uchun oddiy holdir.

"Bu qabul qiluvchi tomonning majburiyati — imkon boricha ko‘plab ishtirokchilar bilan uchrashish va muzokaralar o‘tkazish uchun imkoniyatdan unumli foydalanish lozim. Buning ustiga, boshqa holatlarda muzokara olib borish imkoniyati yo‘q vakillar bilan uchrashish uchun bu qulay fursat hisoblanadi", — dedi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IHT konsultativ tuzilma bo‘lib, bunday tadbirlardan "soatlarni to‘g‘rilash" uchun foydalanadi, zero murakkab geosiyosiy vaziyat va global tahdidlar mavjud holatda bu juda muhim hisoblanadi.

Shariat bo‘yicha kredit

Shuningdek, IHT sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Xajar respublika iqtisodiyotiga kiritiladigan investitsiyalar masalasini muhokama qilishdi.

Abdulaziz Kamilov - Sputnik O‘zbekiston
Kamilov: IHT TIVK Falastinni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi

Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin ikki yil davomida ITB O‘zbekistonda 21 loyihaga umumiy miqdori 1,4 milliard dollar sarmoya kiritishiga kelishdilar.

QBF analitigi Roman Kuznetsovning aytishicha, Islom taraqqiyot bankining investitsiyalari boshqa shunga o‘xshash tashkilotlar investitsiyalaridan farq qiladi.

"Islom taraqqiyot banki taraqqiyotning g‘ayrioddiy instituti bo‘lib, na Yevropanikiga, na Osiyonikiga o‘xshaydi. Bank o‘z faoliyatida shariat tamoyillariga amal qiladi. ITB bankni emas, ma’lum bir soha yoki mamlakatni rivojlantiruvchi tashkilotni eslatadi", — deydi ekspert.

Islom dinida sudxo‘rlik taqiqlangani sababli ITB qarz beruvchi emas, aksiyador sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

"Mazkur bank ssuda foizi tamoyili bo‘yicha ishlamaydi, hamma narsa aksiyadorlik jamiyatiga yaqin tamoyillar asosiga qurilgan. Bank foyda va zararni hamkorlariga teng taqsimlaydi. Bundan tashqari, bank yuqori tavakkalchilikka asoslangan va chayqovchilikka yaqin – masalan, valyuta savdosi kabi yo‘nalishlarga pul ajratmaydi", — deb qo‘shib qo‘ydi Kuznetsov.

Bank birinchi navbatda ijtimoiy va ta’lim loyihalariga, shundan keyingina iqtisodiyotga sarmoya ajratadi.

Yangiliklar lentasi
0