TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Latviyaning "Otkritiy gorod" jurnalida O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi iqtisodiy muvaffaqiyatlari haqida hikoya qilindi, deb xabar beradi "Jahon" AA.
Butunjahon iqtisodiy forumi reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2014-2015 yil natijalari va 2016-2017 yillar o‘sish prognozi bo‘yicha iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan beshta davlat orasidan joy olgan.
"Butunjahon bankining dokladida aytilishicha, O‘zbekiston keyingi yillarda ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlik faoliyati uchun sharoitlarni yaxshilagan davlatlar ro‘yxatining yuqori o‘ntaligidan joy oldi. Bu muvaffaqiyatlar mamlakat mustaqillikning 25-yili davomida nimalarga erishganining yaqqol isbotidir", — deb yozadi nashr.
Maqolada shu bilan birgalikda O‘zbekistonning investitsion salohiyati, respublikada biznes yuritish uchun yaratilgan qulayliklar haqida so‘z boradi. Xususan, investitsiya kiritish ustunliklari, respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari jalb etilgan maxsus industrial zonalar haqidagi ma’lumotlar sanab o‘tiladi.
"Xorijiy investorlar uchun yengil sanoat ulkan mayoq bo‘ldi. Bu yerda eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ko‘plab yangi korxonalar tashkil etildi. Sohaga kiritilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi mustaqillik yillarida 2,5 milliard dollardan oshib ketdi", — deyiladi maqolada.
Maqolada shuningdek mamlakatning ta’lim, bank sohasi, qishloq xo‘jaligi, tashqi iqtisodiy hamkorlik borasidagi yutuqlari ham yoritilgan.