TOShKENT, 12 okt – Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 12-oktabr kuni boshlangan "Rossiya zovet!" — 8-an’anaviy investitsion forumi sessiyasida nutq so‘zladi. U nutqida bugungi kundagi Rossiya va dunyo miqyosida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy vaziyat, yechimini kutayotgan muammolarga to‘xtaldi.
G‘arb sanksiyalarining Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri haqida
"Sanksiyalar bizga unchalik ham ta’sir qilmayotgani haqida tez-tez gapiramiz. Ta’sir qiladi va tahdidni birinchi navbatda texnologiyalar berishni cheklashda ko‘raman", — dedi Putin.
Bu esa "nafaqat Rossiya iqtisodiyotiga, balki butun jahon iqtisodiyotiga zarar keltiradi, chunki Rossiya iqtisodiyoti butunjahon iqtisodiyoti uchun muhim sektor hisoblanadi", — dedi u.
"Shunday ekan, bunday qilayotganlar oxir-oqibat o‘zlariga zarar yetkazadilar. Lekin menimcha, biz albatta hammasini uddalaymiz", —deb qo‘shib qo‘ydi Rossiya yetakchisi.
AQSh bilan munosabatlar haqida
"Biz ham Rossiya-Amerika munosabatlari yomonlashishidan tashvishdamiz. Buni biz tanlaganimiz yo‘q. Biz hech qachon bunday bo‘lishiga urinmaganmiz, aksincha, biz shunday ulkan, iqtisodiyoti rivojlangan buyuk davlat bilan do‘stona munosabatda bo‘lishni istaymiz".
AQShdagi saylovlar haqida
"Hozirda butun boshli saylov kampaniyasining birinchi o‘rindagi muammosi Rossiya bo‘lib qoldi, faqat u haqida gapirishadi. Bu albatta, juda yoqimli, lekin qisman. Nima uchun qisman? Chunki ushbu jarayonning barcha ishtirokchilari Rossiyaga qarshi so‘zlarni ko‘p ishlatishmoqda va bu davlatlararo munosabatlarga zararli".
"Bu mamlakatlarimiz uchun ham, xalqaro hamjamiyat uchun ham yomon. Yirik yadroviy davlatlar sifatida biz yer yuzidagi tinchlik va xavfsizlik uchun zimmamizda alohida mas’uliyat borligini unutmasligimiz darkor", — dedi Rossiya prezidenti.
Xakerlar hujumlari haqida
"Biz nimaga guvoh bo‘lyapmiz … Qandaydir xakerlar (Xillari) Klinton xonimning shtabi saylov kampaniyasi jarayonida o‘zini yomon tutayotgani — boshqa partiyaga zarar yetkazish uchun boshqa birini qo‘llayotgani haqida ma’lumot joylashtirishgan. Shu zahoti bu Rossiya manfaatlari uchun qilingan deya jazava boshlandi".
"Bu yerda Rossiyaning hech qanday manfaati yo‘q. Lekin jazavaning boisi xakerlar qo‘ygan ma’lumotning mazmunidan Amerika xalqini chalg‘itishdir. Bu jamoatchilik fikrini chalg‘itish degani. Hamma faqat bu ishni kim qilgani haqida gapiradi. Nahotki bu shunchalik muhim bo‘lsa?" — dedi Putin.
AQShning bo‘lg‘usi prezidenti haqida
"Amerika xalqi kimni tanlashni o‘zi hal qiladi va biz AQShning har qanday rahbari bilan ishlashga tayyormiz… Albatta, agarda AQSh rahbari biz bilan ishlashni xohlasa".