Observer: Putin Obamani so‘nggi marta xo‘rlamoqchi

© Fotoxost-agentstvo / Mediabankka o‘tishPutin va Obama
Putin va Obama - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Kreml Amerikaning hozirgi prezidentini mutlaqo mensimaydi, deb yozadi New York Observer sharhlovchisi Jon Shindler

TOShKENT, 10 okt – Sputnik. Hech kimga sir emaski, Kreml Amerikaning hozirgi prezidentini mutlaqo mensimaydi, deb yozadi New York Observer sharhlovchisi Jon Shindler, nuz.uzga asosan. Uning fikricha, Moskva Barak Obamaning vakolat muddati nihoyasiga yetayotganidan foydalanib unga nisbatan nafratini namoyish etishga urinmoqda. Nafratning ana shunday ifodalaridan biri Kaliningradda Rossiyaning “Iskander-M” raketa majmualarining joylashtirilishi haqidagi xabardir.

New York Observer sharhlovchisi Jon Shindlerning fikricha,  Vladimir Putin va uning atrofidagilar Barak Obamani mensimasliklari allaqachon ma’lum bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, KGBda ta’lim olgan moskvaliklar uchun Amerikaning advokat prezidenti — "zaif, ular yomon ko‘radigan postmodernistik G‘arbning karikaturasidir".

Indiana shtati gubernatori Mayk Pens va AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp - Sputnik O‘zbekiston
Tramp: Rossiya Amerika yetakchilarini umuman hurmat qilmaydi

Obama tez orada lavozimini tark etishi bois Kreml unga nisbatan nafratini yashirishga ham urinmayapti. Bu yuqori darajadagi diplomatiyaga ham tegishli.
Masalan, Suriya Amerika prezidentidan meros qoladigan haqiqiy tashqi siyosiy dahshat bo‘lib qoladi. "Obamaning hech narsaga arzimaydigan davlat kotibi Jon Kerrining bu nizoda AQShning rolini himoya qilishga urinishlari Moskva tomonidan ochiqchasiga qarshilikka uchradi. Kreml Vashington bilan Suriya borasidagi muzokaralar qiziqtirmasligini aniq qilib tushuntirib qo‘ydi: Biz g‘alaba qozondik, sizlar yutqazdingiz, ko‘nikinglar", −deb ta’kidlaydi maqola muallifi.

Boshqa tarafdan, Shindlerning fikricha, Obama ma’muriyati bunday yakunga hayron bo‘lmasligi kerak. Oq Uy yetakchilikni bundan uch yil ilgari Moskvaga topshirib qo‘ygan va bu AQSh prezidenti hamda uning atrofidagi "o‘zlarini tashqi siyosatning daholari" deb biladiganlardan boshqa hammaga ma’lum bo‘lgandi.

"Biz Putinga Suriyada o‘zi istagan narsani – Asadning qo‘g‘irchoq hukumatini saqlab qolish va Rossiyaning qat’iyati hamda qudratini namoyish etishiga imkon yaratdik. Va buning uchun barcha ayb o‘zimizda", − deb yozadi sharhlovchi.

S-300 zenit - raketa kompleksi - Sputnik O‘zbekiston
Rossiya Suriyada S-300 joylashtirishga haqli

Bularning bari oldindan ma’lum edi. Har doim vaziyatdan foydalanishga usta bo‘lgan Putin Obamaning muddati yakunlanayotganidan foydalanib oldinga o‘tib olmoqda. Kremlga boshqa bunday irodasiz AQSh prezidenti duch kelmasligi mumkin, shuning uchun ruslar imkoniyat borida "kutilmagan geostrategik sovg‘a"dan iloji boricha ko‘proq narsa undirib olishga urinishmoqda. Va bunday "agressiv boshboshdoqlik"ni hamma joyda uchratish mumkin.

AQSh amerikalik harbiylarning kemalari Rossiya sohillariga yaqinlashganida Moskva "xavfli o‘yin" olib borishiga allaqachon ko‘nikib bo‘ldi. Lekin endi bu Qora dengiz bilangina chegaralanmayapti. Rossiya harbiy-dengiz floti Tinch okeani hududida amerikaliklarni kuzatish va "tutish” uchun Uzoq Sharqda strategik bombardimonchi samolyotlarning yangi bo‘linmasini tashkil qildi. Tez orada "aviatashuvchilarning qotillari" bo‘lgan Tu-23M3 samolyotlari yana AQSh harbiy-dengiz kuchlari kemalarini kuzatishni boshlab yuboradi.

Obama bor kuchi bilan AQSh va Rossiya yangi sovuq urush holatida emasligini inkor qilishga urinmoqda, lekin Putin bunday fikrda emasligi ma’lum. Ushbu haftada Rossiya mudofaa vazirligi Vyetnam va "Floridadan juda qulay masofada joylashgan" Kubada harbiy bazalarini qaytadan ochish masalasini ko‘rib chiqayotganligini bildirdi.

Kreml qovog‘ini uymoqda va ommani chalg‘itmoqda, deb hisoblaydi Shindler. Lekin Moskvaning ayrim qadamlari juda tashvishli va NATO hamda Pentagonning xavotirini uyg‘otishi lozim. Ayniqsa Rossiya "boshqalar nima deb o‘ylashlari haqida qayg‘urib ham o‘tirmasdan o‘z jangovar qudratini ochiqchasiga namoyish etayotgan" notinch Boltiqbo‘yi hududida vaziyat xavotirli.

8 iyulda Varshavada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti - Sputnik O‘zbekiston
NATO sammiti: alyans Moskvadan bo‘ladigan "xatar"ga javob topishga urinmoqda

Estonlarning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya harbiylari Kaliningradga "Iskander-M" majmualarini yuborishgan. Yadroviy kallaklar bilan jihozlanishi mumkin bo‘lgan bu raketa majmualarining radiusi 500 kilometrni tashkil etadi, bu esa Polsha va Boltiqbo‘yida joylashgan nishonlarni urishga yetadi.

"Kaliningradda, Boltiqbo‘yi respublikalari g‘arbida  "Iskander-M" majmualarining joylashtirilishi Oq Uyning xavfsizlik haqidagi ishontirishlariga qaramasdan, NATOning Rossiya hujumiga dosh berolmaydigan sharqiy qanotini izdan chiqarishi mumkin. Varshava va alyansning boshqa poytaxtlari uchun bu qadam Karib inqirozining boltiqcha talqinini eslatadi", − deydi Shindler.

Bu Moskvaning Vashingtonga bevosita chorlovi va Vladimir Putinning Barak Obamaga nisbatan shaxsiy chorlovi hisoblanadi. Kremldagi KGB ofitseri Amerika prezidenti Oval kabinetni tark etguniga qadar uni strategik jihatdan so‘nggi marta xo‘rlamoqchi.

"Nega bunday bo‘lmasligi kerak? – deydi maqola muallifi. – Ruslarning bunday harakatlari yaxshi ish bergan, ayniqsa Moskva istaganini qilayotganida Obama bunga ko‘z yumib yaxshilikka umid qilganida".

Aftidan, Putin tez orada imkoniyatlar eshigi yopilishini biladi. Kremlga "juda do‘stona munosabatdagi" Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi inqirozga uchramoqda, shuning uchun Moskva "yovuz" Xillari Klinton bilan to‘qnashishiga to‘g‘ri keladi.

Klinton Kreml uning g‘alaba qozonish imkoniyatini kamaytirish uchun josuslik, xakerlik hujumlari, shantajlardan foydalanganini biladi. Klintonlar oilasi biror narsaga erishgan bo‘lsa ham faqatgina shaxsiy qasos yo‘lida erishgan.

"Shuning uchun ham Putin hozirning o‘zidayoq harakat qilmoqda. Tayyorlaning, bizni notinch kuz kutmoqda", − deb yakunlaydi maqolasini Jon Shindler.

Yangiliklar lentasi
0