TOShKENT, 5 okt — Sputnik. Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Kreml hukumatini Amerika rahbarlariga nisbatan hurmatsizlikda aybladi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Tramp Rossiyani tanqid qildi
Xabarlarga ko‘ra, Tramp Rossiyaning Suriya mojarosini bartaraf etish bo‘yicha pozitsiyasidan qattiq darg‘azab bo‘lgan. Milliarder ta’kidiga ko‘ra, aynan Moskva sal oldin erishilgan kelishuvni birinchi bo‘lib buzgan.
"Hozir ular (Rossiya demoqchi, tahr.) otapti, bombardimon qilyapti va hokazo. Bunga nuqta qo‘yish kerak, tezda nuqta qo‘yish kerak", — degan Tramp. Milliarderning so‘zlaridan Reyter agentligi iqtibos keltirgan.
Arizonadagi o‘z tarafdorlari oldida chiqishi vaqtida, Tramp, shuningdek, Rossiya AQShning hozirgi ma’muriyatini umuman hurmat qilmasligi haqida aytib o‘tgan.
Sal oldin Rossiya Mudofaa vazirligi Suriya bo‘yicha bitimlar muvaffaqiyatsizlikka yuz tutganida Vashingtonni ayblagan edi. Harbiylar fikriga ko‘ra, Oq uyning hatti-harakatlari Suriyadagi terrorchilarga o‘z kuchlarini qayta taqsimlash va qurol zaxiralarini to‘ldirib olish imkonini bergan.
Trampning hamrohi "rus ayig‘idan" qo‘rqar ekan
Trampning vitse-prezident lavozimiga nomzod vakili ham Rossiyani keskin tanqid qildi. Suriya haqida gapirar ekan, u Vashington Moskva tomonidan amalga oshirilayotgan "fitna"larga javob qaytarishi mumkinligini aytgan.
"Rus ayig‘i hech qachon o‘lmaydi, u faqat uyquga ketishi mumkin", — deb qo‘shimcha qilgan respublikachi.
Demokrat Keyn bilan o‘tkazilgan debatlarning kattagina qismida Pens amerikaliklarni "Tramp Putinni qo‘llab-quvvatlamasligiga" ishontirishga uringan.
Pensning so‘zlariga ko‘ra, Putin bilan do‘stlikdan ayblangan milliarder o‘z chiqishlarida Rossiyaning kuchli tomonlariga urg‘u berishga harakat qilgan, xolos.
"Bu esa yoqimsiz faktni dalillash deganidir, zinhor Vladimir Putinga tilog‘lamalik qilishmas", — degan ishonch bilan siyosatchi.