TOShKENT, 8 okt — Sputnik. Sputnik Tojikiston nashri O‘zbekiston hukumati qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni izga solishga harakat qilayotgani haqida maqola e’lon qilgan. Nashr siyosatshunos Rafail Sattorov bilan bog‘lanib, undan hozirgi kundagi "iliqlashuv" jarayoniga izoh olgan.
"Ha, munosabatlarni normal holatga keltirish uchun muayan harakatlarni amalga oshirish talab etiladi, jamiyatga nimadir berish kerak. Ammo shu bilan birga, havolanmasdan, hammasiga teran aql bilan qarash lozim. Aytmoqchimanki, mamlakatlar o‘rtasida fundamental muammolar mavjud bo‘lgan, bor va bundan keyin ham bo‘ladi. Buni chegaraviy masalalar, GES qurilishi hamda millatlararo muammolar misolida ko‘rish mumkin", — deya fikr bildirgan Sattorov.
Siyosatshunos fikricha, ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev boshqa siyosatchilardan, alqissa, O‘zbekistonning Birinchi Prezidentidan farq qilishini, turli masalalarga yechim topishda o‘z fikriga tayanib ish ko‘rishini namoyon etishga majbur.
"Ammo muammolar yechimini tezda hal etishga imkon ham vaj ham yo‘q", — degan ekspert.
Siyosatshunos ta’kidiga ko‘ra, hamma narsani birdaniga o‘zgartirishning iloji yo‘q, negaki O‘zbekistondagi "siyosiy oshxona" bunga hali tayyor emas.
O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilovning Tojikistonga safaridan ham ramziy ma’no izlash kerak emas, deb hisoblaydi Sattarov.
"To‘g‘ri, bu yo‘nalishda allaqanday siljishlarni kuzatish mumkin, ammo Tojikistonning biqinida Afg‘oniston joylashganini, shu bois tahdidlar mavjudligini yodda tutish kerak. Bunda O‘zbekiston o‘zini Tojikistondan himoya qilyapti, deyish ham noo‘rin — bu muammo negizida global xavfsizlik masalalari yotibdi", — deb ta’kidlagan ekspert.
Siyosatshunos, shuningdek, O‘zbekiston munosabatlarni yaxshilashda ilk qadamlarni qo‘yar ekan, qo‘shnilardan ham shunga yarasha javob kutayotgani muhim ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratgan.
"Harakat bir tomonlama bo‘lmaydi. Qo‘shnilarning barchasi egiluvchanlikni, yakdillikni namoyish etib, haqiqatda do‘stona munosabatlar o‘rnatishlari lozim", — deb ta’kidlagan Sattorov.
"Mintaqada munosabatlarni yaxshilashga urinayotgan O‘zbekiston qandaydir iqtisodiy ittifoqlarga qo‘shilishini umid qilish yaramaydi, chunki bu dargumon", — deb hisoblaydi siyosatshunos.