TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi vashundan so‘ng ular birgalikda O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildilar.
Shuningdek, oliy martabali mehmon Samarqand shahridagi Forumlar majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimovning rafiqasi Tatana Karimovaga chuqur hamdardlik izhor etdi, deb xabar qiladi "Jahon" AA.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgani uchun Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari bundan keyin ham izchil davom etishini, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ta’kidladi.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov butun faoliyatini o‘z xalqi, Vatani ravnaqiga bag‘ishlagani, bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlangan, tinch va barqaror davlatga aylanganini qayd etdi. Islom Karimov vafotidan keyingi sinovli kunlarda O‘zbekiston xalqi donoligini, yuksak madaniyatini va hamjihatligini yana bir bor namoyon etganini, shunday buyuk zaminga tashrif buyurganidan mamnunligini ta’kidladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yaqinda bo‘lib o‘tgan 71-sessiyasida majlis ishtirokchilari Islom Karimov xotirasini yodga olib, hurmat bajo keltirgani ham Prezidentimizning xalqaro obro‘-e’tiborini yaqqol tasdiqlaydi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakatimizga tashrifi nihoyasiga yetdi.