TOShKENT, 30 sen — Sputnik. Shu kechayu-kunduzda butun o‘zbek xalqi O‘zbekistonda moliyaviy piramidaga asos solgan "Ahmadboy" tomonidan sirli joyga berkitilgan ulkan xazina (milon-milon dollarlaru, oltinlar va javohirlar) qidirilayotgani haqidagi yangiliklarni zo‘r qiziqish, xuddiki, o‘tkir sujetli detektivni tomosha qilayotgandek kuzatmoqda.
Xazina rostdan ham bo‘lganmi yoki Ahmadboyning "abonentlari" Afandi singari o‘zlari o‘ylab topgan navbatdagi lofga chippa-chin ishonishmoqdami? Sputnik O‘zbekiston muxbirlari shunga oydinlik kiritishga bel bog‘ladilar.
"Firibgar hatti-harakatlaridan fuqarolarga yetkazilgan zararning umumiy miqdorini aniqlash hozir amrimahol, sababi aksariyat odamlar firibgarga pul bilan birga o‘z mashinalari, kvartiralari va qimmatbaho taqinchoqlarini topshirganlar. Qolaversa, "jabrdiydalar" o‘z arizalarida haqiqiy summani ko‘rsatganmi yoki qo‘shib yozganmi bilish qiyin. Negaki, ularning aksariyati, paytdan foydalanib ko‘proq pulni yulib qolish maqsadida bergan summalaridan ko‘proq summani ko‘rsatayotgan bo‘lishlari ham mumkin", — deya o‘z fikrini bildirdi suhbatdosh.
Uning aytishicha, Ahmadboyning oltin xazinasi haqidagi mish-mishlar ham ancha bo‘rttirilgan.
"O‘zbekiston — bu quyma oltinlarni xuddiki pista xarid qilgandek xarid qilish mumkin bo‘lgan davlatmas. Amalda bunday ishlarni amalga oshirishning iloji yo‘q, birgina yo‘li — oltindan yasalgan taqinchoqlarni xarid qilish va ularni quyma shaklga keltirish yoki asl holicha saqlash. Ammo katta miqdorda oltin taqinchoqlarni xarid qilish — Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari e’tiborini tortgan bo‘lar edi, ular bu bozorni hamda valyuta oldi-sotdisi amalga oshiriladigan "qora bozor"ni diqqat bilan kuzatadilar", — deya hikoya qiladi manba.
Suhbatdoshning ta’kidiga qaraganda, Ahmadboyning uyi tintuv qilinganda qo‘lga kiritilmay qolgan pullar firibgar tomonidan boshqa mijozlarga "foiz" to‘lovi sifatida sarf qilingan bo‘lishi ham mumkin. Axir firibgar bu pullarni ishlab topmagan, faqat bir qo‘ldan olib ikkinchisiga topirish bilan shug‘ullangan, xolos.
Shuningdek, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Ahmadboy hibsga olinishidan bir necha kun oldin ishbilarmonning uyiga qora oynakli qimmatbaho mashinalar zir qatnab qolgan. Taxminlarga ko‘ra, avtomobillarda mansabdor mijozlarning pullari olib chiqib ketilgan. "Mansabdorlar Ahmadboy tez kunda hibsga olinishidan oldindan ogohlantirilgan bo‘lgan", — deya taxmin qiladi suhbatdosh.
Manbaning aytishicha, Ahmadboyning xazinasi chindan ham mavjud bo‘lgan taqdirda, u faqat dollardan iborat bo‘lgan hamda begona ko‘zlardan asrash uchun Qozog‘iston yoxud Rossiyaga olib chiqib ketilgani aniq. Bu davlatlardan esa bu pullarni topish anchayin mushkul ish…