Manba: Ahmadboy mijozlari orasida shou-biznes vakillari va amaldorlar bo‘lgan

© Sputnik / Vitaliy Ankov / Mediabankka o‘tishHujjatlarni tekshirish ishlari
Hujjatlarni tekshirish ishlari - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ahmadboyga o‘n minglab dollarlarini ishonib topshirgan mijozlarning aksariyati o‘z pullarini qaytarishni talab qilmoqchi emas, deya ta’kidlamoqda manba.

TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. O‘zbekiston soliq organlari moliyaviy piramida asoschisi Ahmadboy Tursunovga pul va boshqa moddiy boyliklarni ishonib topshirgan mijozlar ustidan tekshiruv ishlarini boshladi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekistonga manba.

Manbaning ta’kidlashicha, Ahmadboy mijozlari orasida estrada va kino yulduzlari, amaldorlar, yirik biznesmenlar bo‘lgan. Ular 100 ming dollargacha pullarini va, hatto, qo‘sha-qo‘sha qimmatbaho mashinalarini "uddaburron" firibgar qo‘liga tutqazishgan.

Shuningdek, manbaning so‘zlariga qaraganda, Ahmadboy Tursunboyev uyida o‘tkazilgan tintuv natijalarida topilgan "qora daftar" esa huquq-tartibot xodimlari e’tiborini ayrim o‘zbekistonliklarga nisbatan kuchaytirgan.

"Huquqni muhofaza qilish xodimlari Ahmadboyning ayrim mijozlari buncha pullarni qayerdan olishganiga qiziqib qolishgan. Balki bu pullar biznes orqali topilgan va ulardan soliq to‘lanmagan bo‘lishi ham mumkin. Bunday harakat uchun esa qonunan chora ko‘riladi. Xullas, tergov asta sekin oydinlik kiritib boraveradi", — deydi manba.

Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish organlari va prokuratura hozirda bu ish yuzasidan hech qanday izoh bermayapti.

Ahmadboy moliyaviy piramidasining fosh qilinishi haqidagi sujet - Sputnik O‘zbekiston
Manba: Ahmadboy pullarni uch yil ichida qaytarishga va’da berdi
Ahmadboyning mijozlari o‘z pullarini qaytarib olishlari iloji bo‘ladimi degan savol ham jumboqligicha qolmoqda. Ammo, manbaning ta’kidlashicha, voqea bunday tus olishiga qaraganda, firibgarga pullarini ishonib topshirgan aksariyat odamlar noqonuniy tadbirkorlik faoliyatlari fosh qilinmasligi uchun "jim" o‘tirishlari aniq.

"Rostini aytsam, juda ko‘pchilik Ahmadboyga bergan pullarga qo‘l siltamoqda. Mana misol uchun, bir tanishim unga 10 ming dollar bergan, boshqasi esa ikkita "Lasetti"sini topshirgan. Ular o‘zlariga e’tibor qaratmaslik uchun huquqni muhofaza qilish organlariga pullar qaytarilishini so‘rab murojaat qilmoqchi emas", — deydi manba.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri Chinoz tumanida joylashgan "Chinoz xalol chorva" hamda "Chinoz avto Hamkor" korxonalari ta’sischisi Ahmad Tursunboyev va uning xodimlari aholidan yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan milliy va chet el valyutalarini olish bilan shug‘ullanib kelgan. Va shu bilan birga ularga pullari qaytarilishi haqida hech qanday kafolat bermagan. Bundan tashqari, tomonlar kelishuviga muvofiq, biror kor-xol ro‘y bergan taqdirda, pul bergan insonning yaqinlari pullar qaytarilishini talab qilishga haqli bo‘lmagan. Tursunboyev, yiliga 40% ustama haqi evaziga chet el valyutasini qarz berish bilan ham shug‘ullangan.

Aholidan olingan mablag‘larning bir qismiga chet eldan turli tovarlar va qimmatbaho buyumlar olib kelinib, tadbirkorlarga ustama foiz evaziga tarqatilgan. Tursunboyev bu pullardan o‘zi uchun qimmatbaho avtomobillar xarid qilgan, shohona boshpana qurgan.

Tursunboyev va uning yaqinlari uylarida, shuningdek, "boy"ga qarashli firmalarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, ashyoviy dalil sifatida 13,139 milliard so‘m hamda 7,9 million AQSh dollari olib qo‘yilgan.

Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Yangiliklar lentasi
0