TOShKENT, 14 sen — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Mustaqillik hech bir xalq, hech bir millat tarixida osonlikcha qo‘lga kiritilmagan. Yurtboshimiz Islom Karimovning yengilmas qat’iyati va jasorati bilan O‘zbekiston mustaqillikka erishdi va o‘z taraqqiyot yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Islom Karimov yozib qoldirgan asarlarni varaqlar ekansiz, ularning har bir jumlasida o‘zbek xalqining xohish-irodasi, qudrati va bunyodkorligi aks etganiga guvoh bo‘lasiz.
Vatan va xalq haqida
"Menga yuksak ishonch bildirgan ona xalqimga bosh egib, yana va yana bir bor ta’zim qilaman. Mana shunday olijanob, bag‘rikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish - men uchun eng yuksak sharaf, oliy saodatdir!"
"Harakatlar deymiz, tashvishlar deymiz, qancha-qancha qiyinchiliklar boshimizdan o‘tdi. Hammasi nima uchun? Kim uchun? Inson uchun, millat uchun, kelajagimiz uchun!!!"
"Men hech narsadan qo‘rqmayman. Nega deganda, hayotimizni shunday relsga qo‘yamizki, uning o‘z manzili bor. Bu manzil — erkinlik, ozodlik va barqaror yashash…"
"Yana va yana bir bor aytishni o‘zimning burchim, deb bilaman — O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmaydi, o‘z hududida chet el harbiy bazalarini joylashtirishga, bizning harbiylarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi".
Biz uchun Vatan bitta! Mamlakat bitta! Bizni bitta manfaat birlashtiradi: mustaqil O‘zbekiston manfaatlari! Ana shu buyuk maqsad, oliy manfaat yo‘lida birlashib kurashishimiz kerak".
Amir Temur haqida
"Xalqimiz tarixida insoniy kamoloti va ijtimoiy faoliyati bilan dovruq qozongan, millatimiz faxri bo‘lmish ulug‘ zotlar benihoya ko‘p. Ammo ular qatorida yulduzlar aro quyoshday charaqlab turgan bir buyuk zot borki, u Vatanimiz kechmishi, buguni va ertasida behad yuksak o‘rin tutadi. Ul muhtaram inson sohibqiron Amir Temur hazratlaridir.
Amir Temur hayotining mazmuni, betakror faoliyatining asosiy ma’nosi — Vatan ozodligi, Vatanga muhabbat degan oliy qadriyatlardan iboratdir. U hatto umrining so‘nggi onlarida ham zurriyodlariga qarata "Istiqlol bilan mulku millat, lashkar va ra’iyatni boshqaringiz" deb vasiyat qilgan.
Ilohim, hazrati Amir Temur e’zozlagan g‘oyalar — shijoat va mardlik, adolat va qat’iyat har birimizga hamisha hamroh bo‘lsin!
Jahonga Amir Temurdek buyuk dahoni bergan xalq mangu yashasin, baxtu saodati ziyoda bo‘lsin!
Bu dunyoda xalqimiz, millatimiz, O‘zbekistonimiz bor ekan, Amir Temur nomi barhayot!"
Rahbarlarga nasihati
"Agar har bir kishi o‘z joyida, o‘z xizmati doirasida qonunga amal qilib yashashni hayot tarziga, mehnatga munosabatning axloq normalariga aylantira olsagina ortiqcha nazoratga hojat qolmaydi".
"Men sizlardan faqat bir narsani iltimos qilmoqchiman: ko‘proq odamlar orasida bo‘linglar, xalqning turmushidan, hol-ahvolidan xabar olib turinglar. Ayniqsa, muhtojlarning, yetim-yesir, beva-bechoralarning, ehtiyojmand oilalarning muammolari Navro‘z yoki Hayit kunlaridagina emas, doimiy e’tiboringizda bo‘lsin".
"Xudo bizga qo‘ygan talab bitta — iymonli bo‘lish, halol yashash va halol mehnat qilish. Har qaysi inson qayerda bo‘lmasin va qaysi vazifani bajarmasin, u viloyat rahbarimi, tuman hokimimi, xo‘jalik yoki korxona rahbarimi, oddiy kosib yoki oddiy dehqonmi — martabasi va kasbidan qat’i nazar, o‘zini harom-xarish ishlardan tiysin va o‘z joyida o‘z vazifasini halol bajarsin".
Vatanparvarlik tuyg‘usi haqida
"Vatan hissi, Vatan tuyg‘usi barcha narsadan qadrliroqdir. Biz farzandlarimiz ongiga va qalbiga ana shu tuyg‘uni singdirishimiz lozim. Bizning barchamiz ota ekanligimizni, ona ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Har bir ota-ona uchun farzand kamoli, oilasining shon-shuhrati muqaddas orzu-havas hisoblanadi. Shunday ekan, biz kelgusi avlod barkamolligi uchun, o‘g‘il-qizlarimizning ulug‘ ajdodlarimizga xos oqil va yuksak madaniyatli kishilar bo‘lishlari uchun doimo e’tibor bermog‘imiz kerak.
Ulug‘ ajdodlarimizdan muqaddas meros bo‘lib kelayotgan vatanga muhabbat tuyg‘usi, farzandlarimiz, bugungi va kelajak avlodlarimiz uchun chinakam e’tiqodga, chinakam aqidaga aylansin".
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari haqida
"Ikkinchi jahon urushiga qanday qaralmasin, bu urush qaysi g‘oya ostida va kimning izmi bilan olib borilgan bo‘lmasin, o‘z vatani, el-yurtining yorug‘ kelajagi, beg‘ubor osmoni uchun jang maydonlarida halok bo‘lganlarni, o‘z umrlarini bevaqt xazon qilgan insonlarni doimo yodda saqlaymiz".
Jasurlik haqida
"Xalqimizda dono bir naql bor: "Ota rozi — Xudo rozi, ona rozi — payg‘ambar rozi". Bizni dunyoga keltirgan aziz insonlarni qanchalik ulug‘lasak, bu ham yaratganimizning nazariga tushadi va shubhasiz, farzandlarimizning mehr-oqibati sifatida yana o‘zimizga qaytadi.
Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, har bir inson yurtimizni obod qilishga ulush qo‘shib, shu obod yurtda savob ishlari bilan o‘zidan yaxshi nom va yaxshi iz qoldirib, Alloh va el-yurt oldidagi muqaddas burchini bajarishi shartdir.
Biz andisha, o‘zbekchilik, musulmonchilik degan ezgu tushunchalarni o‘ziga niqob etgan ana shu qusurdan butunlay xoli, butunlay xalos bo‘lishimiz kerak. Andisha o‘z yo‘li bilan, lekin inson, eng avvalo, jur’atli va jasur bo‘lishi lozim. Dard yashirilsa, oqibati yomon bo‘ladi, madda boylab ketadi. O‘z dardimizni o‘zimiz oshkor etishimiz, o‘z vaqtida chora topishimiz, tuzatishimiz, bu har kunlik oddiy odatimizga aylanishi zarur".
Istiqlol haqida
"O‘zbekistonga hech kim xalaqit bermasin! O‘z kelajagini o‘z qo‘llari bilan barpo etayotgan boshqa respublikalarga ham xalaqit berilmasin!"
Alisher Navoiy haqida
"O‘zbekiston istiqlolga erishgan 1991-yilni "Navoiy yili" deb e’lon qilganimiz, o‘sha unutilmas kunlarda bobomiz ruhini shod etish maqsadida azim poytaxtimiz Toshkentda ul zotning tabarruk nomida milliy bog‘ barpo etib, uning to‘rida shoirga muazzam haykal o‘rnatganimiz bu boradagi xayrli ishlarimizning debochasi bo‘lgan edi.
Alisher Navoiy xalqimizning ong va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g‘ururi, sha’nu sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir.
Agar bu zotni avliyo desak, u — avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak — mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak — shoirlarning sultonidir.
Ona tiliga muhabbat, uni ulug‘lash, beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ham bizning ongu tafakkurimizga, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib kelgan.
Hazrat Navoiy shunday buyuk zot ekan, uning tafakkur durdonalari bo‘lmish boqiy asarlari zamonlar osha yashab kelayotgan ekan, bu ulug‘ merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko‘p bahramand etsak, ma’naviyatni yuksaklikka ko‘tarishda, insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz".
Terrorchilik balosi haqida
"Odam qiyofasini yo‘qotgan bu kallakesarlarning na dini, na millati bor, binobarin, ularning islom olamiga, musulmon dunyosiga hech qanday aloqasi yo‘q. Hammamiz yaxshi bilamizki, Qur’oni Karimda birovning qonini nohaq to‘kish gunohi azim, deyilgan. O‘zini musulmon deb da’vo qiladigan, lekin qilmishi qo‘poruvchilik, qotillik, butun-butun xalqlarning hayotini barbod etishdan iborat bo‘lgan bu manfur to‘dalarga islom dunyosi nomidan gapirishga kim huquq berdi?
"Men faqatgina bugun emas, oldindan ham — davlat rahbari bo‘lganimdan beri hamurtlarimizga qarata, ey, vatandoshlarim, ogoh bo‘linglar, terrorizm xatari, bu qora kuch boshimizda balo-qazo bo‘lib, o‘zining manfur niyatlariga yetish uchun qurol va kuch to‘plab, xanjarini ishga solishga har lahzada shay turibdi, deb da’vat etib kelganimni, bu dahshatli kuch ostonamiz oldida turganini bugun ham takror-takror aytishni o‘z burchim deb bilaman.
Hech shubhasiz, biz avvalo, o‘z kuchimizga, o‘z Qurolli Kuchlarimizga, xalqimizning iymon-e’tiqodi va qat’iyatiga suyanishimiz darkor".
"Eng muhimi, qalbimizda g‘ururimiz, bilagimizda kuchimiz bor ekan, biz tinchlikni himoya qilishga, unga xavf solayotgan kuchlarga qarshi kurashishga, qaddimizni tik tutib, boshimizni baland ko‘tarib yashashga qodirmiz.
Bizni qo‘rqitmoqchi bo‘layotgan g‘alamislar shuni bilib qo‘ysinki, biz hech kimga bosh egmaganmiz va hech qachon bosh egmaymiz".
O‘zbekistonning pirovard maqsadi haqida
"Bizning endigi vazifamiz — mana shu yo‘ldan og‘ishmay, boshlangan islohotlarni yanada chuqurlashtirib, pirovard natijaga yetkazish va "Biz dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaymiz!" degan shiorni amalda ro‘yobga chiqarishdan iborat.
Bugun mana shunday buyuk maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yar ekanmiz, yana bir masalaga alohida e’tiboringizni tortmoqchiman.
Biz yangi hayot, yangi jamiyat barpo etish yo‘lidagi islohotlarimizni, o‘zgarishlarni kimlargadir yaxshi ko‘rinish, kimlarningdir homiyligiga erishish, shu tariqa kimlardandir sadaqa undirish uchun emas, balki bu ishlarni, avvalo xalqimiz manfaatlariga to‘la javob bergani uchun amalga oshirmoqdamiz va kelajakda ham bunday qarash va intilishlardan qaytmaymiz".