Mirziyoyev Islom Karimov boshlab bergan yo‘ldan borishini ta’kidladi

© Gazeta.uzSenat binosi.
Senat binosi. - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
“Ishonamanki, ulug‘ Yurtboshimizning bizga qoldirgan bebaho merosi, o‘lmas g‘oya va dasturlari yo‘limizni nurafshon qilib, barchamizga doimo madadkor bo‘ladi”, dedi Mirziyoyev.

TOShKENT, 9 sen – Sputnik. 8-sentabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchisi etib tayinlandi. U qo‘shma majlisda so‘zlagan nutqida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan mustaqil taraqqiyot yo‘lini davom ettirish o‘zining eng asosiy vazifasi deb bilishini ta’kidladi.

“Biz oxirgi 25-yil davomida juda ko‘plab muhim anjuman va yig‘ilishlarni o‘tkazdik. Ularning barchasiga muhtaram Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshchilik qilganlaridan yaxshi xabardorsiz. Bugun esa tariximizda birinchi marta bunday muhim yig‘ilishni aziz rahbarimizning ishtirokisiz o‘tkazmoqdamiz. Go‘yoki xayolimizda u kishi hozir zalga kirib keladigandek”,-dedi Sh.Mirziyoyev. — O‘ylaymanki, bugungi majlisda qatnashayotgan har bir inson shu zalda buyuk Yo‘lboshchimizning ruhi va nafasini sezib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining o‘lmas g‘oyalari, fikr, ko‘rsatmalari bizning qalbimiz va ongimizga shunday chuqur singib ketganki, ular bizning kelajak sari qat’iyat bilan borishimizda barchamizga doimo tayanch va suyanch bo‘lishi muqarrar”.

Mamlakat hukumati oldida turgan birinchi galdagi vazifalarni belgilab olish darkorligi haqida so‘zlarkan, u jumladan shunday dedi: “Bugun biz xalqimizni ishontirib, baland ovoz bilan aytishimiz zarurki, buyuk ustozimizning siyosiy merosi, ya’ni, u kishi belgilab bergan taraqqiyotimizning asosiy tamoyillari, ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalarni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish biz uchun ham qarz, ham farzdir”.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev muvaqqat prezident etib tayinlandi

Shavkat Mirziyoyev “makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va keyingi yillardagi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, nodir va qimmatbaho metallarni chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat va kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni amalga oshirish zarurligini, iqtisodiyotning real tarmoqlari bilan bir qatorda mamlakatimiz hududlarida ham raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirish alohida ahamiyatga egaligini, Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xususiy tadbirkorlik va kichik biznes subyektlari manfaatlarini mustahkam himoya qilish to‘g‘risidagi talab va topshiriqlari ijrosini izchil davom ettirish, yil oxiriga qadar bir milliondan ziyod yangi ish o‘rinlarini tashkil etish” zarurligini bildirdi.

U ta’lim va tarbiya, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sportni rivojlantirish masalalari, yoshlarimizning chuqur bilimga ega bo‘lishi, chet tillarini va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashini ta’minlash doimiy ustuvor vazifa bo‘lib qolishini bildirdi.
Mirziyoyev shuningdek, mamlakatning tashqi siyosiy faoliyati haqida so‘zlar ekan, bundan buyon ham barcha xorijiy mamlakatlar, jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorlik davom etishini, hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va obyektlari O‘zbekiston hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilgarigidek, mamlakatning qat’iy siyosiy pozitsiyasi bo‘lib qolishini bayon etdi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Ekspert: Shavkat Mirziyoyevning tayinlanishi – to‘g‘ri qaror

“Yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ruhi poklarini shod etish uchun bor bilim va tajribamni, salohiyat va kuch-g‘ayratimni safarbar etaman.
Ishonamanki, ulug‘ Yurtboshimizning bizga qoldirgan bebaho merosi, o‘lmas g‘oya va dasturlari yo‘limizni nurafshon qilib, barchamizga doimo madadkor bo‘ladi”, deb yakunladi Sh.Mirziyoyev nutqini.

Yangiliklar lentasi
0