TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Filippin prezidenti Rodrigo Duterte shu oyning o‘zida ikki marta matbuot e’tiborini tortdi – avvaliga u Barak Obamani “itvachcha” deb haqorat qildi, lekin buni jiddiy qabul qilmaslik kerakligini aytib o‘zini oqladi, keyin esa BMT bosh kotibi Pan Gi Munni “ahmoq” deb atadi.
Aftidan, bu yil prezidentlik kursisini egallagan Duterte hozircha o‘z hamkasblaridan diplomatiyaning nozik sirlarini o‘rganmagan ko‘rinadi, deb yozadi RIA Novosti.
Donald Tramp va Xillari Klinton
AQSh prezidentligiga har ikki nomzod bir-birlari haqida gapirganida so‘zlarni ayab o‘tirishmaydi. Tramp Klintonni "jahon miqyosidagi yolg‘onchi" va "aynigan" deb atasa, Klinton o‘z navbatida uni tovlamachi, irqchi va telba deydi.
Britaniya TIV rahbari Boris Jonson
Londonning sobiq meri, hozirda Britaniya TIV rahbarining nomi matbuotda turli janjallari orqali ko‘p tilga olingan bo‘lsa-da, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onni haqoratlovchi she’rlar tanlovida uning g‘olib bo‘lishi hammasidan oshib tushdi.
O‘z she’rida turk prezidentini “echkini sevib qolgan telba turk” degan Jonson ming funt miqdorida mukofot puli olgan.
Senator Jon Makkeyn
Respublikachi senator nafaqat Rossiyani, balki o‘z prezidenti ma’muriyatini ham tanqid qilib turadi. Xususan u Oq Uy matbuot kotibi Josh Ernestni terrorchilar bosib olgan Iroqdagi Ramadi shahri haqidagi so‘zlaridan keyin "ahmoq" deb atagandi.
Ernest jangarilarga qarshi har bir muvaffaqiyatsiz operatsiyadan keyin Shtatlar “sochiini yulishi shart emas” degach, senator "Bu ahmoq janob Ernest “sochini yulmasligi mumkin”, lekin hozir Ar-Ramadi ko‘chalarida odamlar yonmoqda” degandi.
Arsen Avakov va Mixail Saakashvili
Odessa gubernatori Mixail Saakashvili va Ukraina IIV rahbari Arsen Avakov o‘rtasidagi janjal internetda ham keng tarqalib ketgandi.
Videoda Saakashvili Avakovni "poraxo‘r vazir", Avakov esa uni "o‘g‘ri" deb atagani va stakandagi suvni unga qarata sepib yuborgani tasvirlangan.
Urugvayning sobiq prezidenti Xose Muxika
2012 yilda Urugvay prezidenti Xose Muxika noqulay ahvolga tushib qolgandi. Mikrofon yoniqligini bilmagan prezident “bu kampir haligi g‘ilayko‘zdan ham battar" degandi.
Bir qator ommaviy axborot vositalari ushbu so‘zlar Argentina prezidenti Kristina Kishner va uning marhum eri Nestor haqida borayotganini taxmin qilgandi. Argentina hatto norozilik notasi ham yo‘llagan, lekin Muxika bu so‘zlar unga qaratilmaganini aytib oson qutulgandi.
Shu yilning may oyida esa u Venesuela prezidenti Nikolas Maduro sha’niga haqoratli so‘zlarni aytdi. "Mening Maduroni qo‘llab-quvvatlashim unga ahmoqligini aytmasligimni bildirmaydi, u ahmoq, Venesuelada hamma ahmoq", — dedi u.