TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Bugun O‘zbek xalqi og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mustaqillik me’mori Islom Karimov insult oqibatida vafot etdilar. Bu haqda juma kuni "O‘zbekiston" telekanali xabar qildi.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haqiqatan buyuk tarixiy shaxs edi. Islom Karimovning qat’iyati va jasorati bilan respublikamiz mustaqillikka erishdi va o‘z taraqqiyot yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Yosh davlatimiz uchun g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrda vaziyat beqarorlashuvining oldi olingani va xalqimizning urush dahshatlarini ko‘rmasdan eson-omon o‘tishi bevosita Islom Karimov nomi bilan bog‘liq.
Xalqimizning cheksiz muhabbatini qozongan, mustaqil mamlakatimizning Birinchi Yo‘lboshchisi Islom Abdug‘aniyevich Karimov qalblarimizda abadiy qoladi va kelajak avlodlar xotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot rahnamosi, buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashaydi.
Barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Prezidentimizning vasiyatiga ko‘ra, Islom Karimov shu yil 3-sentabrda ota-onasi mangu qo‘nim topgan ona shahri Samarqandda musulmon urf-odatlariga binoan dafn etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bilan vidolashuv marosimi 2016-yil 3-sentabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
Biz barchamiz uchun o‘ta og‘ir judolik munosabati bilan marhumning oila a’zolari va butun O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz", — deyildi xabarda.
Dafn marosimini tashkil qilish bo‘yicha Komissiyaga O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev rahbarlik qilishi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 78 yoshli Prezident Islom Karimovning miyasiga qon quyilgani haqida ilk bor uning kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva o‘zining Instagram sahifasi orqali ma’lum qilgan edi.
Kuni kecha Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovni Mustaqillik kuni bilan tabriklagan edi.
Shu bilan bir qatorda Mustaqillik kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan katta tadbir bekor qilinib, xalq sayligina qoldirilgan edi.
25 yil ichida birinchi marotaba o‘zbek xalqi Mustaqillik bayramini Prezidentsiz va mushakbozliksiz nishonladi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2-sentabr tongida prezident Islom Karimovning "sog‘lig‘i birdaniga yomonlashdi" deya ma’lum qilgan edi.
Vazirlar Mahkamasi shifokorlarga tayangan holda prezident ahvolini "o‘ta og‘ir" deya baholagandi.
Eslatib o‘tamiz, 78 yoshni qarshi olgan Islom Karimov 1991-yildan buyon O‘zbekistonni boshqarib kelayotgan edi.