TOShKENT, 30 avg — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 1 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25-yilligi nishonlanadi. Ushbu qutlug‘ sana arafasida Sputnik mamlakat viloyatlari haqida maqolalar turkumini e’tiboringizga havola etadi. O‘zbekistonning har bir go‘shasi o‘ziga yarasha takrorlanmas va go‘zal, har bir viloyat o‘z an’anasi, tabiati va diqqatga sazovor joylari bilan kishi qalbini zabt etadi. Sizni O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga taklif etamiz!
Samarqand shahri O‘zbekistonda ikkinchi yirik shahar hisoblanadi. Samarqandda Alisher Navoiy ta’lim olgan, Bobur egalik qilish uchun ko‘p uringan. Mirzo Ulug‘bek shu yerdan turib, osmondagi yulduzlarni sanagan. Ajoyib sarkarda Abdulatif shu yerda o‘zining eng katta xatosiga yo‘l qo‘ygan. Darvoqe, hali-haligacha Samarqandda Padarkush qabristoni bor.
Samarqand shahrining kunchiqar tarafida, qadimiy va afsonaviy shahar xarobalari – Afrosiyobning boshlanishida shaharning yana bir tarixiy va mashhur obidasi joylashgan, u – Doniyor payg‘ambar qabri. Ushbu tarixiy shaxs Samarqandda yashamagan. Uning qabrini Samarqandning yana bir buyuk o‘g‘loni – Amir Temur Iroqdan ko‘chirib kelgan. Aytishlaricha ushbu zotning xoki yotgan tuproqda urush bo‘lmas, tinchlik, farovonlik hukm surar emish. Buyuk sarkarda aynan shuning uchun ham Doniyor payg‘ambarning xokini Samarqandga ko‘chirib kelgan. Bir umr ot ustida yurgan, tinimsiz urushlar olib borgan insoning maqsadi shunday bo‘lgan – bu yurtda tinchlik, obodonchilik bo‘lishini istagan.
Ushbu qabrning falsafasi shu bilan yakunlanmaydi. Shu yerda yashovchilarning rivoyat qilishlaricha qabrdagi ustuxon har yuz yilda bir metrga o‘sarmish. Soddaroq kishi borsa qabrga qarovchilar shunday hikoya qilishadi. Jiddiyroq kishilar qadam ranjida qilsa, ular har yuz yilda qabr maqbarasini bir metrga uzaytirishlarini aytishadi.
Bu ko‘zbo‘yamachilikdan ma’ni ne?!
Yo‘q, bu ko‘zbo‘yamachilik emas. Xalqning o‘z o‘tmishi, ajdodlar ruhiga va o‘zining afsonalariga hurmati!
Shu sababli ham ertaklarda bahaybat maxluqlar ko‘p uchraydi, kishi ongi hazm qila olmaydigan voqea-hodisalar yuz beradi. Rivoyatlarda esa o‘ta sirli, o‘ta bahaybat qahramonlar uchraydi.
Samarqand zaminida bu falsafaning ko‘plab isbotini uchratish mumkin.
Samarqand va Qashqadaryo viloyati o‘rtasidagi Taxtaqoracha dovonining eski yo‘li yoqasidagi toshlarda Muhammad Alining nihoyatda ulkan oyoq va qamchisi izlarini ko‘rsatishadi. Urgut tumanidagi Shirvoq ota ziyoratgohida esa toshlarda ushbu zotning oti suv ichgan ulkan oxur, otining tuyoq izlarini uchratish mumkin.
Xalq bir gapni bilmasa gapirmaydi.
Odamlar, albatta, barcha buyuk ishlar tafakkur orqali bajariladi. Lekin, ko‘pchilikka ushbu tafakkurning qanchalar ulug‘ligini, ulkanligini bilish va anglab yetish uchun qandaydir tushunarliroq narsalar ham bo‘lishim lozim ekan-da. Sun’iy ravishda ulkanlashtirilgan narsa-buyumlar tafakkurning buyukligiga ishora, xolos. Buni xalq to‘liq anglab yetishi uchun yaratilgan holat.
Xuddi shu tarzda, haqiqat rivoyatga, rivoyat afsonaga, afsona esa ertakka aylanib boradi. Samarqand zaminida har uchala unsur uyg‘unlashib ketgan.
Samarqanddagi shu kabi muqaddas ziyoratgohlardan biri hazrati Dovud payg‘ambar g‘ori. Dovud payg‘ambar temirchilarning piri emasmi, yangi mashina olgan kimki bor, hammasi imkon qadar ushbu g‘orga borib, jonliq so‘yib, ziyorat qiladi. Buning ustiga, 1200 dan ortiq zinapoyadan piyoda ko‘tarilib, tog‘ ustidagi g‘orni ziyorat qilish lozim bo‘ladi. Aytishlaricha, hazrati Dovud dushmanlardan qochib, ushbu g‘orga bekingan emish.
To‘g‘risi, bu Dovud o‘sha, eramizdan burungi 10-asrlarda yashagan, bahaybat filistim – Goliafni (yana o‘sha bahaybatlik) o‘ldirib, isroil-yahudiy davlatiga podsholik qilgan Dovudga nisbatmi, boshqasigami, bilmayman.
Ismoil Buxoriy ziyoratgohi haqida ham ikki og‘iz so‘z aytish lozim. Bu ziyoratgohni yaqin-atrofdagilar Xo‘ja Ismoil, deyishadi. Aytishadiki, bir paytlar, sovet tuzumi davrida bu tabarruk joy xarob bo‘lgan. To‘g‘ri, qarovsiz edi, siqilib qolgandi. Lekin xalq hech qachon bu ziyoratgohni unutmagan. O‘sha zamonlarda ham hayit kunlari bu dargohga odam sig‘may ketardi. Xalqning ko‘nglida bu makon har doim muqaddasligicha qolgan. Hovli o‘rtasida katta chinor, hovuz bo‘lardi, odamlar allaqanday mo‘’jiza sifatida uning baliqlarini tomosha qilishga borishardi.
Samarqandliklarning yana bir jihati – baliqni muqaddas sanashadi.
Viloyatdagi barcha muqaddas ziyoratgohlarda albatta buloq yoki hovuz va baliq albatta bo‘lishi lozim.
Samarqand bugun zamonaviylashib, chiroy ochib bormoqda. Lekin hech kim uni zamonaviy shahar sifatida qabul qilmaydi. Masalan, Toshkent, deyilganda albatta zamonaviylik tushuniladi. Holbuki ushbu shahar o‘zining shonli tarixi, obidalari bilan dunyodagi har qanday tarixiy shahar bilan bemalol bahslasha oladi, lekin baribir Toshkentni eski shahar sifatida hech kim qabul qilmaydi. Samarqand esa, aksincha, u qanchalar zamonaviy bo‘lmasin, qadimiy ruh, o‘tmish saqlanib qolaveradi. Bunda milliy kolorit ham o‘ta kuchli.
Samarqand falsafalar shahri
Samarqandga boqib, sayr qilib, beixtiyor millatimizning o‘ziga xos jihatiga e’tibor berasiz: biz hech qachon dabdabaga berilmaganmiz. Bizda har doim hayotdan o‘tgan insonlar va ilm-fan ulug‘langan. Bo‘lmasa, Samarqandni o‘zining kuch-qudrati va aql zakovati bilan dunyoni titratgan zotlar poytaxt qilgan. Ne-ne buyuk zotlar shu yerda umrguzaronlik qilgan. Lekin shaharda birorta ham qadimiy qal’a yo‘q, xon va podsholar saroylari yo‘q. Yevropada har bir knyaz o‘z qal’asiga, qo‘rg‘oniga ega bo‘lgan bir davrda, dunyoning yarmini egallagan shohlarimizning esa saroyi mavjud emas…
Bog‘lari bor, lekin saroylari yo‘q.
Buyam bir ibratmikin?! Tobora hashamat va dabdabaga berilib borayotgan bizning avlodga bir saboqmikin?!
Buning sababi, nazarimda, millatning o‘ziga xosligidan.
Millat dabdabaga intilmagan. Hattoki, shunchalik qudrat, boylik bilan xonlar, podsholarki, saroylar qurishga berilmagan ekan, demak, hashamatli uylar, saroylar rusumda bo‘lmagan. Faqat hayotdan o‘tganlarning so‘nggi makoni – maqbaralar va ilm maskanlari – madrasalar hashamatli qurilgan va bizning kungacha saqlanib qolgan. Barcha saroylar, qo‘rg‘onlar esa paxsadan tiklangan va vaqtinchalik bo‘lgan.
Balki bularning sababini, yurtga rahbarlik qilgan xonlarning avlodlari ko‘chmanchilarga – Chingizxonga taqalishi, ular qurilish ishlariga qiziqmaganligidan izlash kerakdir? Balki… Lekin, shunday desak, Samarqand ko‘proq temuriylar uchun poytaxt bo‘lgan… Shunday desak, ulkan madrasa tiklagan Bibixonim ham chingiziy bo‘lgan…
Samarqand betakror shahar!
Bir yonda mahobatli, sokin va o‘zi bag‘rida yashirgan tarix kabi hadsiz Afrosiyob xarobalari, uning yonida mahobatli o‘tmish, g‘am-alam, hasrat va o‘kinch makoni, maqbaralar majmui – Shohi Zinda, bir yonda millat aql-zakovati, imon-e’tiqodi timsoli, madrasalar majmui – Registon; bir yonda shon-shavkat va uning o‘tkinchiligidan so‘ylagan Go‘ri Amir maqbarasi, boshqa tomonda oqilalik, donolikdan hikoya qiluvchi Bibixonim madrasasi; qolaversa, Ishratxona va yana son-sanoqsiz boshqa osori-atiqalar shaharning o‘ziga xosligini, betakrorligini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, Samarqandni uning xushta’m va san’at darajasiga ko‘tarilgan nonlari, o‘ziga xos novvoti, tillaqosh taqqan, yaltiroq kiyimlardagi, shildiragan jamalakli kelinlari, haqiqiy sharqona ruh ufurgan bozorlari, har bir masallig‘i alohida-alohida ajralib turadigan palovi, no‘xatlari boshmaldoqday-boshmaldoqday keladigan no‘xatsho‘ragi ham ajratib turadi. Bir vaqtlar Samarqand deyilganda Toshkentda tanqis bo‘lgan, u tomonlarda esa qadrlanmagan qora choy ham tushunilardi. Biroq bu bozor iqtisodining qonun qoidalariga ko‘ra o‘z-o‘zidan barham topib ketdi.
Va, keluvchilarning ruhiyatida tarix bergan ruhidan foydalanib, o‘sha ruhiyatdan o‘z ulushlarini olib qolishga harakat qilayotgan tilanchilar – mo‘ltonilar.
Bir o‘kinch bor – samarqandliklar, albatta o‘z yurti bilan faxrlanadilar, lekin ulardagi bu faxr buxoroliklarnikichalik emas. Bunga havas qilsa arziydi. Ular "Buxoro" so‘zining o‘ziniyoq chuqur ehtirom, yuksak g‘urur bilan ifoda etadi.
Viloyat haqida qiziqarli fakt
Bugungi kunda Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi 100dan oshgan keksa otaxon-onaxonlar soni 99 nafarni tashkil qiladi.
Samarqand tumanlari — turfa olam
Samarqandda har bir tuman o‘ziga xos. Bu jihatlar, albatta, barcha uchun bir xilday tegishli emas. Chunki tumanlardagi qishloqlarning ham bir-biriga o‘xshamaydigan xususiyati bor. Deylik, Urgut tumanining G‘o‘s qishlog‘i lahjasi, o‘z atrofidagilarnikidan ko‘ra, Namanganning ayrim lahjalariga o‘xshab ketadi. Shunga qaramay, tumanlarning o‘ziga xosliklari ko‘p.
Masalan, Qo‘shrabot tumani aholisi chetga chiqib ketishga ishqiboz. Ularning shu jihati ko‘proq qashqadaryolik, surxondaryoliklarga o‘xshab ketadi. Aytishlaricha, qo‘shrabotliklar shaharda o‘qib, qishlog‘iga qaytib kelganlarni hurmat qilmas emish. "Qo‘lidan ish kelmay, qaytibdi", dermish. Shu sababli boshqaruv, ilm-fan, adabiyot sohalarida ko‘plab qo‘shrabotliklarni uchratish mumkin.
Kattaqo‘rg‘onliklar esa ishbilarmon xalq, chaqqon va pul topishning epini biladigan odamlar.
Urgutliklar ko‘proq savdogar xalq. Shuning uchun ham shu yaqin atrofda Urgutning bozoriga teng keladigani yo‘q.
Urgutlikliklar haqida bir latifa:
Amerikalik astronavtlar oyga qo‘nibdi. Tashqariga chiqishga tayyorgarlik ko‘rib urishsa, ilyuminator taqillabdi. Qarashsa, ikki kishi:
— Mayiz olmaysizlarmi? – deb so‘rarmish.
— Kimsiz? – hayron bo‘lib so‘rabdi astronavtlar.
— Urgutliklarmiz… Mayiz sotib yuribmiz.
— Bu yerga qanday keldilaring?
— KamAZda keldik, — debdi urgutliklar.
Bu latifaning ishonchsiz joyi nimada, bilasizmi? Ishonib bo‘lmaydigan jihati – urgutliklar KamAZdan foydalanmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Hozir ular "ISUZU"da yuradi.
Samarqandda esa aynan "ISUZU" yig‘iladigan zavod faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, viloyatda "Samarqand avtomobil zavodi", “8-Mart”, "JV MAN avto", "UrgGazKarpet", "Daka Teks", "SamAntepGilam", "Siyob saxovati", “Agromir Samarqand”kabi qo‘shma korxonalari, "Sino", "Samarqandkimyo" aksionerlik jamiyatlari kabi ko‘plab mamlakat ahamiyatiga molik sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda.
Bir paytlar o‘zining uzumi va konyagi, bog‘dorchiligi bilan mashhur Bulung‘ur bugun kartoshkaga zo‘r bergan. Toyloq tumani ham kartoshka yetishtirishning hadisini olgan. Bu tumanda konserva tayyorlash, vino yetishtirishni ham boplashadi.
Jomboy deganda esa asosan paxta va un yodimizga tushadi. Bir paytlar Jomboy un zavodining shuhrati yetti iqlimga ketgan edi-da. Hozirda bog‘dorchilikka ham e’tibor qaratilmoqda.
Bog‘dorchilik to‘g‘risida so‘z ketganda, Samarqand tumanini alohida ajratib ko‘rsatish lozim. Katta shaharlar atrofida tumanlar, albatta shu shaharning ehtiyojlariga moslashadi. Samarqand tumani ham shunday. Bu tuman shaharni meva-cheva bilan ta’minlaydi. Shu sababli ham Toshkentning bozorlarida Urgutning zirasi, mayizi, Bulung‘ur va Toyloqning kartoshkasi ko‘plab uchragani holda, Samarqand tumanidan hech nimani uchratmaysiz.
Samarqandlik eng mashhur adabiyot vakillari
Samarqandning bugungi adabiyoti to‘g‘risida gap ketganda, albatta, she’riyat va jurnalistika darg‘alaridan, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davronni, o‘zbek nasriga yangi uslub olib kirgan, romanchilikni yuqori pog‘onaga ko‘targan Murod Muhammad Do‘stni, mustaqil o‘zbek dramaturgiyasining otasi, deyishimiz mumkin bo‘lgan Sharof Boshbekovni, bir paytlar eng xushmuomala jurnalist, deb tan olingan, endi esa she’riyatga ummoniga sho‘ng‘ib ketgan Abdusaid Ko‘chimovni, yoshlar bo‘yicha davlat mukofotining birinchi va so‘nggi sohibi Sobir O‘narni, she’riyatga yangi ruh olib kirgan Abduvali Qutbiddinni, inson ruhiyatining shafqatsiz tasvirchisi Abduqayum Yo‘ldoshevni, o‘zbek adabiyotining "Sholoxovi" nomiga sazovor Ismoil Shomurodovni, son o‘zgarishi baribir sifat o‘zgarishiga olib kelishiga ishonib, falsafiy umid bilan yashashimizga sabab bo‘layotgan Azamat Qorjovovni va yana ko‘plab iqtidorli ijodkorlarni aytish mumkin-ki ularning barchasini birma-bir sanab o‘tishning imkoni yo‘q.