TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Shahar kuni arafasida Amir Temur nomidagi madaniyat va istirohat markazidagi "Esperanto" xalqaro do‘stlik to‘garagi faollari "Samarqand haqida so‘z" deb nomlangan xalqaro maktublar kunini tashkil etdilar, deb xabar beradi "Samarqandiyona" ensiklopedik loyihasi matbuot markazi.
Esperantochilar ushbu tadbirga Samarqand ularning hayotida u yoki bu tarzda iz qoldirgan barchani taklif etishdi va shaharga o‘z tilaklarini izhor etishlarini so‘radilar.
"Bunga ancha bo‘lgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonga va Samarqandga kelganimda hayratda qolganligimni hozirgacha kechagidek eslayman. Shahar haqida gid menga ko‘p narsalarni hikoya qilib bergandi. Gruziyaga qaytganimdan so‘ng Samarqand haqidagi ko‘plab kitoblarni o‘qib chiqdim. "Samarqandga qasida" she’rini gruzin tiliga o‘girish imkoniyatini qo‘lga kiritganimda esa o‘zimni yana bir marta baxtli his qildim", — deb yozgan Gruziyaning Rustavi shahridan Galina Dugashvili.
Aksiya qatnashchilari shahar haqida hikoyalar, she’rlar, qo‘shiqlar va o‘z taassurotlarini yo‘llashgan.
"Men Samarqandga uzoq 1975-yilda Chexiyada sotsializm hukm surgan davrda kelganman, — deb eslaydi Liba Gabalda. — Har safar men bu go‘zal suratni – Registon maydonidagi moviy madrasani ko‘rganimda xayolimda o‘sha sayohatim jonlanadi".
Shahar va shaharliklarni qutlab bitilgan maktublar shuningdek Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Bangladesh, Fransiya, Ispaniya, Tayvan va boshqa ko‘plab mamlakatlardan keldi.