TOShKENT, 22 avg — Sputnik, Dilshodbek Asqarov. Bugun quyoshli O‘zbekistonning qay bir go‘shasiga bormang, keng miqyosdagi bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lasiz. Keng va ravon yo‘llar, bir-birini takrorlamaydigan ko‘rkam bino va inshootlarni ko‘rib hayratlanasiz. O‘tgan 25-yil davomida misli ko‘rilmagan darajadagi bunday o‘zgarishlar albatta Andijonni ham chetlab o‘tmagan.
Ma’lumot: Andijon viloyati respublikaning maydoni eng kichik hududi bo‘lib, viloyat bor-yo‘g‘i 4200 kv.km maydonni egallaydi. Bu O‘zbekiston maydonining 1 foizga yaqinini tashkil etadi, xolos. Aholi soni bo‘yicha esa Andijon viloyati to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Viloyatda 2,9 milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi, bu esa butun mamlakat aholisining 10 foizi demakdir. Aholi zichligi bo‘yicha Andijon viloyati mamlakatda eng yuqori o‘rinda turadi. Ushbu hududning har bir kv. km maydoniga 520 nafardan ortiq kishi to‘g‘ri keladi.
Asaka tulporlari
Andijonning Asakasi bir paytlar o‘zining “Cho‘ntak” palovi bilan tanilgan bo‘lsa, bugun Asakada ishlab chiqarilayotgan avtomobillar shaharni butun dunyoga tanitdi. 1996-yilning martida Asakadagi avtomobil zavodi konveyeridan ilk “Damas” avtomobili chiqqan bo‘lsa, 2014-yilda “JiEM O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi o‘zining ikki millioninchi avtomobilini ishlab chiqardi. Dastlab atigi uchta: “Damas”, “Tico” va “Nexia” avtomobillari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib zavodda tayyorlangan “Matiz”, “Lacetti”, “Epica”, “Captiva”, “Spark”, “ Malibu”, “Cobalt”, “Gentra”, “Orlando” avtomobillari yaqin va uzoq xorij mamlakatlarida o‘z xaridorini topmoqda.
Yaqindan boshlab zavodda "Ravon" brendi ostidagi "Nexia-R3" avtomobillarini xaridorlarga yetkazib berishga kirishildi. Metan gazi asosida harakatlanishga moslashtirilgan "Lacetti" avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha dastlabki qadam qo‘yildi.
Bunyodkorlik: tarix va zamonaviylik uyg‘unligi
Mustaqillik yillari davomida Andijon qiyofasi tubdan o‘zgardi: tor yo‘llar, pastak uylar o‘rnini keng va ravon yo‘llar, muhtasham va ko‘rkam inshootlar egalladi. Bir necha yil ilgari bu yerda bo‘lgan kishi bugun Andijonni tanimaydi. Barcha sohalarda bo‘lgani kabi andijonliklar bunyodkorlikda ham ilg‘orlar. Bugungi Andijon viloyatida shahar bilan qishloq o‘rtasida tafovut topish qiyin. Viloyat markazida ham, chekka tumanlarda ham bir-biridan ko‘rkam, zamonaviy binolarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylar esa har kimning havasini keltiradi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayni kungacha 5050 dan ziyod ana shunday uy-joylar andijonliklarga topshirilgan bo‘lsa, 2017- 2019-yillar davomida 4220 ta namunaviy loyihalardagi turarjoy o‘z egalariga topshiriladi.
Viloyatda 2016-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga muvofiq, 118 ta ijtimoiy soha obyektini qurish, kapital rekonstruksiya qilish, 1139 ta turarjoy, 4 ta ko‘p qavatli "Kamolot" uyini bunyod etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, har bir tumanda 25 tadan jami 475 ta namunaviy ko‘cha tashkil etilib, mustaqillik ayyomi arafasida foydalanishga topshiriladi.
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida yosh avlodga tuhfa etilgan Andijon shahridagi 300 o‘rinli muhtasham qo‘g‘irchoq teatrida ma’naviyat va ma’rifat xonalari, muzey, kutubxona, shuningdek, kompyuter hamda informatika, drama to‘garaklari, xoreografiya zallari joylashgan. Binoda qo‘g‘irchoqlarni yasash, ta’mirlash, saqlash va aktorlarning hordiq chiqarishiga qulay sharoitlar yaratilgan. Teatr atrofidagi qariyb 1 gektarlik maydon ham kichkintoylar bilan gavjum. Bu yerdan mo‘’jazgina amfiteatr, turli attraksionlar joy olgan.
Andijonning Bog‘ishamol dahasida hayvonot bog‘i qurilishi qizg‘in davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25-yilligi bayrami arafasida ishga tushadigan mazkur hayvonot bog‘ida turli noyob hayvonlar hamda qushlarni saqlashga mo‘ljallangan maxsus joylar hamda ulkan akvarium o‘rin oladi.
Sportda ham birinchi
Prezident Islom Karimovning “Hech bir narsa mamlakatni sport kabi tezda dunyoga mashhur qila olmaydi…” degan fikri naqadar to‘g‘ri ekanligini andijonlik sportchilar o‘zlarining qit’a, jahon miqyosidagi yutuqlari bilan isbotlab berishdi.
1999 yili Nyu-Yorkda o‘tkazilgan “Yaxshi niyat” o‘yinlari g‘olibi Temur To‘lakov, 1999-yilgi Jahon chempionatining kumush medal sovrindori To‘lqin Turg‘unov, Quvonchbek Tayganboyev, Qahramon Orziqulov, jahon va Osiyoning bir necha karra chempioni, professional boksning WVO yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vaznda jahon chempionligiga erishgan hamda kubalik afsonaviy bokschi Feliks Savonni, yengilmas Nikolay Valuyevni mag‘lub eta olgan jahondagi ilk va yagona bokschi Ruslan Chagayev, Sidneyda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Muhammadqodir Abdullayev, ushbu o‘yinlarda bronza medali sovrindori bo‘lgan Sergey Mixaylov, Afinada bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sovrindorlari O‘tkir Haydarov, Bahodir Sultonov, erkin kurash bo‘yicha Osiyo chempioni Umidjon Ismonov, taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionatining kumush medali sovrindori Irina Kaydashovalar ana shunday sportchilar sirasiga kiradi.
Andijonlik sportchilar nafaqat chempionlik, balki jahon rekordlarini o‘rnatishda ham birinchidirlar. Jumladan, tosh ko‘tarish bo‘yicha jahon chempioni Muhtarama Aliyeva 2012-yil Germaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 16 kilogrammli toshni «uzoq vaqt» yo‘nalishida ko‘tarish bo‘yicha birinchi o‘rinni olgan va jahon rekordini o‘rnatgandi. 2013-yili Toshkentda xuddi shu yo‘nalishda toshni 75 marotaba ko‘tarib ikkinchi marta jahon rekordini o‘rnatdi. Gretsiyaning Afina shahrida "rebok" yo‘nalishida 16 kilogrammli toshni bir daqiqa ichida 50 marotaba ko‘tarib birinchi o‘rinni olgan.
U 2013-yili Rossiyaning Arxangelsk shahrida ikkita 6 kilogrammli toshni bir daqiqa ichida 118 marotaba ko‘tarib jahon rekordini o‘rnatgan.
Fransiyada o‘tkazilgan tosh ko‘tarish musobaqalarida 60 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Muhtarama Aliyeva eng yuqori natijaga erishdi va yettinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Andijonning yana bir farzandi Hasanboy Do‘stmatov Rio Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritib, andijonlik sportchilar an’anasini davom ettirdi.
Ruslan Nuriddinov esa og‘ir atletika bo‘yicha musobaqada nafaqat Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritdi, balki siltab ko‘tarishda 237 kilogrammli shtangani ko‘tarib Olimpiya rekordini o‘rnatdi.
So‘ngso‘z o‘rnida
Biz yuqorida tilga olgan yutuqlar dengizdan bir tomchi xolos. O‘zbekistonning istiqlol davrida erishgan yutuqlariga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lishni, Prezident Islom Karimov rahbarligidagi oqilona siyosat, islohotlar samarasini ko‘rishni istaganlar Andijonga bir kelib ketishsin, deya so‘zimizni yakunlar ekanmiz, barchangizni mustaqillikning 25-yillik ayyomi bilan qutlaymiz.