TOShKENT, 29 avg — Sputnik. O‘zbekiston Prezidentining shifoxonaga yotqizilgani haqidagi xabar nafaqat mahalliy, balki, dunyo OAVlarida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Birinchi versiya: haqiqatga yaqini
O‘zbekiston Prezidenti jiddiy betob, bunga hech kim shubha qilmayapti. 25-yil deganda birinchi marta hukumat davlat rahbarining kasalligi haqida e’lon qilgani ham bu faktni tasdiqlamoqda.
Hozirda mavjud qonunchilikka ko‘ra, Prezident davlat organlari yoki mansabdor shaxslarga o‘z vakolatlarini o‘tkazishi mumkin emas, shu bois, mabodo kasallik cho‘zilib ketsa, Islom Karimov boshqaruvni boshqa shaxsga rasman topshira olmaydi.
Shunday ekan, agar amaldagi davlat rahbari jiddiy betob bo‘lsa, unda, quyidagi mexanizm ishga tushadi: Prezident vakolatlari va majburiyatlari vaqtinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi (Yuqori Parlament) senati Raisi Nigmatulla Yo‘ldoshevga o‘tkaziladi.
Bu shaxs xalqqa unchalik yaxshi tanishmas, u shuningdek, siyosiy vaznga ham egamas.
U butun faoliyati davomida prokuratura va adliya organlari tuzilmalarida mehnat qilgan, shu bois, hukumatning yangi Prezidentga o‘tishini ta’minlaydigan texnik-shaxs bo‘lib xizmat qilishi haqiqatga yaqin.
Aynan unga respublikaga yangi rahbar tayinlash uchun uch oy vaqt ichida saylovlarni tashkil etish topshirig‘i yuklatiladi.
Shu kechayu-kunduzda 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, o‘zbek tilida bemalol gapira oladigan, O‘zbekiston hududida yashab kelgan va oxirgi o‘n yil ichida respublika yashagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi prezidenti etib saylanishimumkin.
Navbatdagi nomzod kim?
Eng loyiq nomzodlar orasida ikki kishi katta siyosiy vaznga egaligi ta’kidlanmoqda.
Bular — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Moliya vaziri Rustam Azimovdir.
Shavkat Mirziyoyev Islom Karimovning eng yaqin safdoshlaridan biri hisoblanadi, shu bois, agar u prezident etib saylangudek bo‘lsa, O‘zbekistonning birinchi rahbarining manfaatlarini himoya qilishi aniq, deb ta’kidlamoqda ekspertlar.
Sputnik O‘zbekiston muxbirlari tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada siyosatshunoslarning aksariyati prezident o‘rinbosari sifatida Shavkat Mirziyoyevni tilga oldilar. Ularning nazdida mamlakat prezidentiga yangi nomzod tanlashda aynan "oilaga sadoqat" eng muhim omillardan biri bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Mirziyoyev davlat hokimiyatiga boshchilik qilgan holda, kattagina siyosiy resurslarni o‘z qo‘lida jamlashga muvaffaq bo‘lgan.
Rustam Azimov esa ko‘pincha texnokratik shaxs sifatida tilga olinadi. Aynan shu inson o‘zbek hukumatida moliyaviy va bank tizimi, hamda xalqaro moliyaviy tuzilma va tashkilotlar bilan aloqani yo‘lga qo‘yishda mas’ul bo‘lgani aytilmoqda.
Qiziq fakt — xorijda o‘tadigan, maqomi bo‘yicha bosh vazir qatnashishi kerak bo‘ladigan aksariyat xalqaro tadbirlarda aynan Azimov ishtirok etadi. Lekin ekspertlarning fikricha, iqtisodchi bo‘lgan va g‘arbda yaxshi qabul qilinadigan ushbu nomzod davlatning yangi rahbari bo‘lish uchun yetarlicha resurs va siyosiy ta’sirga ega emas.
Aksariyat xorijlik siyosatchilar ushbu ro‘yxatga Islom Karimovning kichik qizi — Lola Karimova-Tillyayevani ham kiritishmoqda. Lekin O‘zbekistonda u haqda gapirilmaydi, chunki Lola na siyosiy tajribaga, na xohishga, va na bunday qadam tashlash uchun jamoaga ega. Shuni ham unutmaslik lozimki, O‘zbekiston aksariyat aholi ayollarni rahbarlik lavozimida ko‘rishni unchalik xushlamaydigan sharq mamlakatidir.
Eng muhimi, ushbu vaziyatda kuch tizimlari kimni qo‘llab-quvvatlashidir. Keyinchalik xalq tanlaydigan ehtimoliy yetakchining kim bo‘lishi aynan ularga bog‘liq. Shuningdek, hukumat atrofidagilarning ko‘rsatmasi bilan xalqaro maydonda rasmiy shaxs rolini o‘ynaydigan qo‘g‘irchoq odam tanlanishi mumkinligi haqida ham versiya mavjud.
Siyosatchilar xavfsirayotgan yagona narsa Prezident sog‘lig‘i bilan bog‘liq axborot bo‘shlig‘i va uning o‘rnini kim egallashi borasidagi mavhumlik cho‘zilib ketishidir. Odamlar hozirda xavotirga tushib qolishgan, mamlakatdagi osuda hayot uchun ular birinchi navbatda Islom Karimovdan minnatdor va agar "yuqoridagi"lar qanchalik uzoq cho‘zishsa, xalq orasida tushunmovchilik shunchalik ko‘payib boradi.
Mamlakatda hokimiyatning boshqa shaxsga o‘tishi osoyishtalik bilan yuz berishiga aksariyat ekspertlarning ishonchlari komil. Yaratilgan va ishlayotgan tizimni hech kim yangilamaydi, shunchaki velosipedga boshqa odam o‘tiradi va mamlakatni hozirgi yo‘lidan olib ketishni davom ettiradi.
Lekin albatta amaldagi Prezident Islom Karimov bir oydan keyin yana televizor ekranlarida hammasi joyida ekanligi haqida bayonot bilan chiqishi mumkinligini va butun mamlakat bu xabardan yengil tortishi ehtimolini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak.