TOShKENT, 29 avg — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov gospitalizatsiya qilingani bir necha soat ichida butun respublika bo‘ylab tarqalib, kunning eng shov-shuvli xabariga aylandi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Millionlab o‘zbekistonliklar Islom Karimovni qo‘llab-quvvatlab, u kishiga sihat-salomatlik tilamoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida Prezidentimizni yana bir yoshi ulug‘ siyosatchi — yaqinda 90 yoshni qarshi olgan Fidel Kastro bilan taqqoslaganlar ham topildi.
"Mustahkam sog‘lik va uzoq umr tilaymiz! Musaffo osmonimiz uchun rahmat!, — deb yozgan "Novosti Uzbekistana" guruhining Feysbuk tarmog‘idagi ishtirokchisi.
"Ilohim, Prezidentimiz mingga kirsinlar, u kishiga sog‘lik, kuch-quvvat tilaymiz!, — deb yozadi boshqa bir foydalanuvchi.
"U kishiga sog‘lik tilaymiz, Prezidentimizsiz bayram tatimaydi", — deb ta’kidlagan yana bir foydalanuvchi.
Islom Karimovning sog‘lig‘i haqida interenet tarmoqlarida ko‘pam yoritilmagani bois, aksariyat kishi bu xabarga ishonchsizlik bilan qaramoqda.
"Siz bunga qadar Prezidentimizning sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi rasmiy xabarni o‘qiganmisiz? Men shaxsan o‘qimaganman. Shu paytgacha ko‘plab mish-mishlar bo‘lgan, hatto, Islom Karimov koma holatida yotibdi, deb gap tarqatishganida ham hukumat sukut saqlagan. Va mana, kutilmagan xabar… Endi 30-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan Mustaqillik tantanalarini kutishdan boshqa choramiz yo‘q. Agar bayramda Prezidentimiz ko‘rinmasalar… faqat duo qilishdan boshqa choramiz qolmaydi. Bu xabarni eshitib, ko‘nglim g‘alati bo‘lib qoldi", — deb yozadi o‘zining havotirlarini bildirgan bir ayol.
"Ilohim umrlari uzoq bo‘lsin. Mustahkam sog‘lik tilaymiz. To‘g‘risini aytsam, sportchilarimiz bilan ko‘rishmaganini ko‘rib, hayron qolgan edim. Oxirgi marta televizorda u kishini qachon ko‘rsatishgan edi? Bu xabarni e’lon qilishdimi, demak Prezidentimiz milliy bayramimizda bo‘lmas ekanlar-da", — deb yozgan afsus bilan yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi.
Umuman olganda, hozirda O‘zbekistonda hammayoq tinch, favqulodda vaziyat e’lon qilinmagan, xavfsizlik choralari kuchaytirilgani singari holat ham qayd etilgani yo‘q. Respublikada bayram oldi tayyorgarligi tartibi hukmron. Mamlakat, butun o‘zbek ahli yurt boshimiz salomatligi haqida xabarlarni intiqlik bilan kutmoqda.