TOShKENT, 22 avg – Sputnik. Rossiya OAVlari Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi (IPC)Riodagi O‘yinlardan chetlashtirgan rossiyalik paralimpiyachilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "#qaramasdan" loyihasini yo‘lga qo‘ydi, deb xabar beradi RIA Novosti.
Ilgariroq aravachada o‘tiruvchi sportchilar o‘rtasida yadro va disk uloqtirish bo‘yicha ikki marta Rossiya chempioni bo‘lgan Yelena Gorlova IPC prezidenti Filip Kreyvenga murojaat qilgandi.
"Janob Kreyven, mening bir savolimga javob bering: men ham, siz ham nogironlar aravachasidamiz, bir-birimizni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tushunamiz, bizni nima uchun orzumizdan – Paralimpiadada qatnashishdan mahrum etapsiz?", — deydi Gorlova telekanal orqali.
Sportchi jarohat olganidan so‘ng deyarli falaj bo‘lib qolganida faqatgina sport unga “ikkinchi mash’ala”ni yoqish imkonini berganini aytadi. U sof sportni yoqlashini va taqiqlangan moddalar iste’mol qiluvchi sportchilarni hech qachon qo‘llab-quvvatlamaganini ta’kidlaydi.
Suzuvchi Dmitriy Kokarev ham o‘z hayoti haqida hikoya qiladi.
Rossiyalik yana bir sportchi Tatyana Savastyanova sport bilan shug‘ullanish og‘ir ekanligini aytadi: "Ba’zida murabbiying oldida yig‘lab yuborasan, chunki og‘riqqa chidash qiyin bo‘ladi. Shunda murabbiy: "Olimpiadagacha sabr qil, sabr!" deydi. Uxlamayman, mashq qilaman, og‘riqlarga chidayman".
Ilgariroq Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi Richard Maklaren rahbarligidagi Butunjahon antidoping agentligi komissiyasi xulosasiga tayanib butun boshli Rossiya paralimpiya terma jamoasini Riodagi Paralimpiadada ishtirok etishdan chetlashtirgandi. Biroq hujjatda rossiyalik sportchilarga qarshi aniq ayblov bo‘lmagandi.
Rossiya ushbu qarorga qarshi Sport arbitraj sudiga raddiya berdi. 22-avgust yarim tuniga qadar mazkur sud Rossiya paralimpiya terma jamoasiga nisbatan o‘z qarorini e’lon qiladi.