TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Migrant ishchilar kasaba uyushmasi patent uchun oylik to‘lovni kamaytirish iltimosi bilan Moskva meri Sergey Sobaninga murojaatnoma yo‘llamoqda. Ayni vaqtda maktub ostida xorijiy ishchilardan imzo yig‘ish boshlangan.
Rossiya poytaxti ma’muriyati mehnat migrantlariga qay darajada yon bosishlari ehtimoli haqida ekspertlar Sputnik nashriga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
"Tojikistonlik mehnat migrantlari" Umumrossiya jamoatchilik harakati sobiq rahbari Karomat Sharipovning so‘zlariga ko‘ra, patent uchun avans to‘lov miqdorining kamaytirilishi, muhojirlik haq-huquqlari poymol etilishi bilan bog‘liq muammolarni hal etmaydi.
"Kasaba uyushmasi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbus tahsinga loyiq. Balki ularning qo‘lidan bu ish kelar. Biz ham bunga qarshi kurashishga urinib ko‘rgan edik, natijada o‘tgan oy Rossiya Oliy sudi bizning tashkilotimizni bartaraf qilish haqida buyruq chiqardi. Biz Yevropa sudiga appelyatsiyaga bermoqchimiz. Tojikistonning aksariyat fuqarolari Rossiyada huquqiy himoyasiz qolgan, ularning manfaatlarini himoya qiladigan tashkilot endi yo‘q.
Moskva so‘nggi yil ichida Tojikiston fuqarolariga milliard rubldan ko‘p mablag‘ qarz bo‘lib qoldi. Ish beruvchilar maoshni o‘z vaqtida bermayaptilar, ular migrantga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lmoqda, migrantlarning murojaatlari aksariyat hollarda javobsiz qolyapti va ularga "norozilik bildirishga haqlaring yo‘q" deyishgani-deyishgan. Mashhur Bolalar dunyosi tojiklar tufayli qayta qurilgan, ammo hanuzgacha bu millat vakillari 2014-2015 yillar uchun maoshlarini ololgani yo‘q.
Pullar qayoqqa ketdi? Nega Tojikiston prezidenti o‘z xalqi manfaatlarini himoya qilmaydi?", — dedi kuyunchaklik bilan intervyu davomida Karomat Sharipov.
Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, patent uchun to‘lanadigan oylik to‘lov miqdori 1000 rublni tashkil qilsagina, bu normal hisoblanadi.
"Ammo, Rossiyada yashash uchun barcha zarur hujjatlarga ega bo‘la turib, sud qarorisiz mamlakatdan deport qilinayotgan odamlar bor ekan, bu to‘lov miqdori 4200 rubl bo‘ladimi yoki 1000 rubl — ahamiyatsiz. Migratsiya siyosatiga doir yangi konsepsiya qabul qilinishi lozim. Rossiyadan migrantlarning hammasi chiqib ketadigan bo‘lsa, bu Kreml uchun jiddiy muammo keltirib chiqarishi mumkin, ammo Moskva ma’muriyati hozircha buni anglagani yo‘q. Ular Kasaba uyushmasi da’vatini eshitib, uni e’tiborga olishlariga ko‘zim yetmaydi", — deya o‘z mulohazalariga nuqta qo‘yadi ekspert.
O‘zbeklar va o‘zbekistonliklar Umumrossiya kongressi markaziy yig‘ini raisi o‘rinbosari Tojiddin Nurmatovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva meriga murojaat yo‘llash — noto‘g‘ri g‘oya.
"Shahar boshlig‘ining bunga nima aloqasi bor? Bu muammoni hal etishga vakolati bor, bu kabi masalalarni haqiqatan yecha oladigan odamlarga murojaat qilmoq lozim. Patentlar masalasi bilan kimga qancha ish kuchi kerakligidan xabarsiz Federal Migratsiya xizmati emas, Mehnat vazirligi shug‘ullanishi kerak, nazarimda. Bundan tashqari, tashkilotlarga chet elliklarning o‘zlari emas, balki Rossiyada faoliyat yuritayotgan xorij mamlakatlari muxtor vakillari murojaat etishlari darkor.
Mer nomiga petitsiya yozish befoyda. Bu masala mamlakat qonunchiligi darajasida hal etilmog‘i lozim va biz muammoga qonuniy yechim topish tarafdorimiz", — deya o‘z fikriga yakun yasadi Tojiddin Nurmatov.
"Rossiyadagi Mehnat migrantlari kasaba uyushmasi murojaatnomasida patentni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish va har oyda to‘lanadigan to‘lov miqdorini kamaytirishni iltimos qilganmiz", — deya izoh beradi vaziyatga tashkilot raisi Renat Karimov.
Suhbatdoshning fikriga ko‘ra, patentni rasmiylashtirgan migrantlarning aksariyati ish beruvchilar bilan shartnoma asosida ishlaydilar. Ishchi uchun soliq to‘lashni istamaydigan ish beruvchilar esa migrantlarni rasman rasmiylashtirishdan aksariyat hollarda bosh tortadilar. (Ikki oy ichida migrant FMXga ish beruvchi bilan tuzgan shartnomasini olib bormasa, uning patenti "kuygan" hisoblanadi, tahr.).
Xullas, Kasaba uyushmasi rahbari patent uchun oylik to‘lov Moskvada ishlayotgan muhojirlar o‘rtacha oylik ish haqiga mutanosib bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Karimovning so‘zlariga ko‘ra, petitsiyaga yuzdan ziyod odamlar imzo chekkan. Avgust oyi oxiriga ko‘ra, kasaba uyushmasi bir necha ming imzo to‘plashni rejalashtirmoqda. So‘ngra murojaatnoma poytaxt meri Sobaninga yuboriladi.