TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Markaziy Osiyoda terrorchilik xavfi yildan-yilga ortib bormoqda, deya ta’kidladi ekspert. "Bu bir tomondan Afg‘onistondagi surunkali beqarorlik natijasi bo‘lsa, boshqa tomondan "arab bahori", jihodchilar faoliyatining "barq urishi", "ID" tashkil etilganligi va radikal islomning boshqa shakllari faollashuvi singari yangi omillar natijasidir, — dedi Sputnikka bergan intervyusida Andrey Grozin.
"Gap yuzlab odamlar haqida bormoqda. Hozircha bu unchalik ahamiyatli bo‘lib ko‘rinmasligi mumkin, ammo bu ilgari mavjud bo‘lmagan yangi chaqiriq ekanligini hisobga olish lozim. Xavfsizlik xizmatlari Afg‘onistondan Markaziy Osiyo hududiga kirib kelayotgan muammolarni yengishni o‘rgandilar. 2011-yilda avj olgan terrorchilikdan so‘ng, radikal islomiy kuchlar hech qanday jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritganlari yo‘q. "Aktube" voqealariga qadar hech qanday shov-shuvli terrorchilik aktlari yuz bergani yo‘q", — deya ta’kidladi ekspert.
"Arab bahori"dan keyin yuzaga kelgan omillarni kutilmagan yangi chaqiriqlar, deb atash mumkin. Yaqin Sharq boshidan kechirayotgan muammolar, bir tomondan olib qaralganda an’anaviy deb atash mumkin, negaki u qadimdan mojaro salohiyati yuqori bo‘lgan mintaqa hisoblanadi.
Boshqa tomondan, butun dunyoga qarshi axborot urushini olib borayotgan terrorchi kvazi davlatning barpo etilishi ham yangi tahdidga aylandi.
"Natijada — urushga ketishga rozi odamlar paydo bo‘ldi: kimdir o‘zining diniy savodsizligi oqibatida, yana kimdir mafkuraviy sabablarga ko‘ra, ba’zilar esa bir-ikki so‘m ishlash ilinjida terrorchilar to‘dasiga qo‘shilmoqda.
Odamlarning ommaviy chiqishlarining oldini olishning iloji bo‘lmadi", — dedi Grozin.
"Albatta, bu yerda jahonda yuz bergan iqtisodiy inqiroz, energiya bozorida narxlarning pasayishi, milliy valyutalarning qadrsizlanishi, ishsizlik darajasining ortishi ham rol o‘ynamoqda. Qozog‘istonning Aktubesida guvoh bo‘lgan hodisalar takrorlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak", — deya alohida ta’kidladi ekspert.
Qozog‘iston maxsus xizmatlari, ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, ularning biqinida yashirinib yotgan radikal islomchilarni ko‘rmay, g‘aflatda qolganlari natijasida 5-iyunda Aktubeda ro‘y bergan terakt o‘ziga xos "signal" vazifasini o‘tadi. Buni hech kim inkor eta olmaydi.
Natijada savodsizligi, ijtimoiy muhofaza qilinmagani tufayli mafkuraviy "zombi"ga aylantirilgan odamlar paydo bo‘ldi. Ular "halifat"ni tashkil qilsak, hammasi izga tushib ketadi, deb o‘ylaydilar. Ongli, savodxon odamlar esa, bunday ta’kidlarni safsata deb biladilar.
"Afsuski, Markaziy Osiyo davlatlari istiqlol yillarida mafkuraviy vakuumni to‘ldira olmadilar". — deya o‘z mulohazalariga nuqta qo‘yadi Grozin.