TOShKENT, 13 avg — Sputnik. Kuba respublikasi bugun inqilob yetakchisi Fidel Kastroning 90 yoshga to‘lganini keng nishonlamoqda, deb xabar qiladi RIA Novosti.
Janob Prezident, menga 10$ yuboring!
Kuba inqilobi tarixiy yetakchisining to‘liq ismi — Fidel Alexandro Kastro Rus. Fidel 14 yoshligida Amerika prezidenti Franklin Delano Ruzveltga maktub yozgan. U xatda Oq uy rahbarini ikkinchi bor prezident bo‘lib saylangani bilan tabriklab, Ruzveltdan unga 10 dollarlik banknota yuborishni iltimos qilgan.
"Men hech qachon 10 dollarni ko‘rmaganman, ammo shunday pulga ega bo‘lishni juda ham xohlayman", — deb yozgan yigitcha. AQSh ma’muriyati Fidelga javob maktubini yo‘llagani haqida ma’lumot bor, ammo xat ichida 10 dollar bo‘lganmi-yo‘qmi, bizga noma’lum.
Sersoqol
Fidel Kastroning tashqi ko‘rinishidagi eng xarakterli xususiyati — albatta, soqol. Shu bois kubalik inqilobchilarni "barbudos", ya’ni sersoqollar, deya atashgan. Kastro inqilob to‘liq g‘alaba qozonsagina soqolini olishga so‘z bergan. "Agar bir kun soqolingizni olmasangiz, 15 daqiqa tejagan bo‘lasiz, bir yilda shu tariqa 10 kunni tejash mumkin. Siz bu vaqtni ish, mutolaa, sport, umuman istagan narsangizga sarflashingiz mumkin. Bundan tashqari, piska, sovun va issiq suv ham tejaladi!", — degan bu borada Kastroning o‘zi.
Darvoqe, Markaziy razvedka boshqarmasi (SRU) xodimlari Kastroni talliy tuzlari yordamida soqolidan mahrum qilishni rejalashtirganlar.
Suiqasdlar
Fidel Kastroga qarshi juda ko‘p marotaba suiqasd uyushtirilgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning soni 600dan ziyod bo‘lgan. Yovuz niyatlilar Ozodlik oroli yetakchisini zaharlangan tamaki mahsulotlari, beysbol koptogi ichiga yashiringan bombalar, ruchka-shpris va hokazolar yordamida yo‘q qilishga uringanlar.
Men ketapman
2006 yil iyul oyi oxirida Fidel Kastro sog‘lig‘i tufayli o‘zining eng asosiy pozitsiyalardagi majburiyatlarini ukasi Raul Kastroga topshirgan. 2008-yilning 24-fevralida davlat boshqaruvidagi barcha vakolatlardan voz kechgan, 2011-yilning 24-fevralida esa hukmron partiya rahbarligi lavozimidan ketgan.
Quyida Fidel Kastro tomonidan aytilgan eng yorqin iboralarni keltirib o‘tamiz.
O‘zi haqida
"Menga hukm o‘qing! Buning ahamiyati yo‘q! Tarix meni oqlaydi!"
"Agar suiqasdlardan so‘ng omon qolish qobiliyati olimpiya o‘yinlaridan o‘rin olganida, men bu borada oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lar edim".
Kurash haqida
"Vatan sizga g‘urur bilan boqsin! Shonli o‘limdan qo‘rqmang. Vatan uchun jon taslim qilmoq — yashash demakdir!
"G‘alaba — bu qat’iyat!"
"Boshqalar uchun kurasha olmagan shaxs, hech qachon o‘zi uchun kurasha olmaydi".
Hozirgi zamon haqida
"Dunyo hozir boshqacha bir davrga kirdi, va undan qanday chiqib olishini kuzatmoq kerak".