TOSHKENT, 22 mar — Sputnik, Grigoriy Dubovitskiy. Kuba rahbari Raul Kastro AQSH prezidenti Barak Obama bilan uchrashuv chogʻida Guantanamo bazasining qaytarilishi haqida masalani koʻtardi. Ammo AQSH bu haqda muhokama qilishni istamasligini aytdi, deb taʼkidladi Amerika prezidenti yordamchisi Ben Rods.
"Ular (Kuba hukumati – tahr.) har doim bu masalani koʻtaradilar. Shu bois, ularga masala kun tartibiga kiritilmagani haqida shaʼma qildik…
Kuba rahbariyatiga barcha hatti-harakatimiz Guantanamodagi qamoqxona yopilishiga qaratilganini aytdik", — dedi jurnalistlarga Rods.
Kuba hukumati ancha yillardan buyon Guantanamo qoʻltigʻida joylashgan hududni oʻz tasarrufiga qaytarishga urinib kelmoqda. AQSH hatti-harakati ular tomonidan okkupatsiyaga tenglashtirilgan. AQSH esa strategik jihatdan oʻta muhim harbiy baza joylashgan hududni Kubaga berishdan bosh tortib kelmoqda.
AQSH Guantanamodagi bazani 1903-yildan buyon ijara qilib keladi. Muddatsiz shartnoma faqat ikki tomon roziligi bilangina bekor qilinishi mumkin.
AQSH baza ijarasi uchun Kubaga har yili 3,4 ming dollarlik chek yuboradi, ammo Kuba hukumati, amerikalik harbiylar orolni tark etishlari kerak deb hisoblagani uchun, bu pullarni olishdan har safar bosh tortib keladi.
“11 sentyabr voqealari” va Afgʻonistonda “Al-Qoida” terrorchilik uyushmasi hamda toliblarga qarshi operatsiya boshlanganidan soʻng, AQSH Guantanamoda qamoqxona tashkil qilgan edi. Oʻtgan yillar davomida bu yerda Amerika maxsus xizmati xodimlari tomonidan terrorchilikka aloqasi borlikda gumon qilingan yuzlab chet elliklar saqlanib kelindi. Ayni vaqtda Guantanamoda 100ga yaqin kishi saqlanmoqda.
Obama qamoqxonani yopishga urinmoqda, AQSH kongressi esa bunday boʻlishiga yoʻl qoʻymayapti.