TOShKENT, 13 avg — Sputnik. Yevropa Yig‘ini Bosh kotibi Turbyern Yaglandning fikricha, Yevropa o‘z xatosi tufayli Turkiyadek ittifoqdoshidan mahrum bo‘ldi. U bu haqda Klassekampen nashri uchun yozgan maqolasida aytgan. RIA Novosti xabari asosida.
Siyosatchi fikriga ko‘ra, yevropaliklar Turkiyadagi harbiy isonni qoralashni ancha cho‘zib yuborganliklari turklarni "o‘ta g‘azablantirgan va achchiqlantirgan".
Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onga yon bosgan kuchlar isonni bostirishga muvaffaq bo‘lgan.
"Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda qo‘poruvchilik harakatlari sodir etilgudek bo‘lsa, Yevropa mamlakatlari yetakchilari "bu hammamizga uyushtirilgan hujum" deya bong urar edi, Turkiyaga kelganda, ular Anqarani qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, bu atay uyushtirilgan "tomosha", deya Erdo‘g‘onning o‘zini aybdor qilmoqchi bo‘ldilar", — deb yozadi Yagland.
Kamiga, Yagland yozgan maqolaga ko‘ra, yevropalik diplomatlarning aksariyati Fatxulla Gulen nomiga Anqara rasmiylari tomonidan yog‘dirilgan ayblovlar asosli ekanini ta’kidlaganlar.
"Bir necha kuni avval Hurriet Daily News nashri Britaniyaning Anqaradagi elchisi bilan katta intervyuni chop etdi. Elchi Turkiyani yaxshi biladi va turkcha so‘zlashadi. U Gulen tarmog‘i chindan mavjudligini va u xafli ekanligini tasdiqlagan", — deb yozadi siyosatchi.
Bundan tashqari, g‘arb ommaviy axborot vositalari Turkiyada sodir bo‘lgan hodisa atrofida avj olgan munozaralarni yoritish o‘rniga, faol tarzda Erdo‘g‘onga qarshi maqolalarni chop eta boshlagan.
"Erdo‘g‘onga qarshi qaratilgan shubha-gumonlar jamoatchilikka muhim ma’lumotlarni olishga halal bermasligi lozim", — deb yozgan Yaglan.
"Anqara va Istambulda bo‘lib o‘tgan voqealar buyuk tarixiy oqibatlarga olib keladi, shu bois "suyanchiq bo‘la oladigan Yevropaning ishtiroki ayni damda juda muhimdir. Lekin ishonchni tiklash uchun Yevropa "Turkiya o‘z ichki ishlarini mustaqil tartibga keltirish huquqiga ega" degan faktni tan olishi kerak bo‘ladi", — deya o‘z maqolasiga yakun yasagan siyosatchi.