TOShKENT, 12 avg — Sputnik. O‘tgan haftada Rossiyaning MTS shirkati O‘zbekistondagi Universal Mobile Systems (UMS) operatorida bo‘lgan o‘z ulushini sotganini ma’lum qilgan edi.
"Yangi sarmoyadorni jalb qilish haqida reja yo‘q, ayni damda bozor shakllanib bo‘lgan, yuzaga kelgan holat yangi o‘yinchilar kelishini nazarda tutmaydi", — deya aniqlik kiritdi suhbatdosh.
Manbaga ko‘ra, O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlari aksiyadorlari ustidan boshlangan tergov jarayoni ham yangi sarmoyadorlar kelmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta juma kuni MTS o‘zining UMSdagi 50,01 % ulushini O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar vazirligi huzuridagi “Radioaloqa radio eshittirish va televidenie markazi” (RRTM)ga sotganini ma’lum qilgan edi.
Shartnoma qiymati qanchani tashkil etgani e’lon qilinmagan.
2029 yilga qadar litsenziyaga ega UMS bundan buyog‘iga o‘z faoliyatini mustaqil operator sifatida davom ettirishi e’lon qilindi.
Bu orada AQSh hukumati Gollandiya prokuraturasi bilan birgalikda Vimpelcom, MTS va skandinaviyaning TeliaSonera shirkatining nomi Gulnora Karimova bilan bog‘liq Takilant kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan kelishuvi bo‘yicha tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Tergov qo‘zg‘atilishiga Stokgolm sudi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar sabab bo‘lgan. Ularga ko‘ra, Vimpelcom virginiyaning Water Trail Industries kompaniyasi orqali 2007 va 2011-yillarda Gulnora Karimovaga tegishli deb aytilayotgan Takilant kompaniyasiga 55 million dollar o‘tkazgan.