TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. Xonanda Sitora Farmonovaning litsenziyadan mahrum etilgani ijtimoiy tarmoqlarda eng keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylandi, deyish mumkin.
"O‘zbeknavo" tomonidan e’lon qilingan rasmiy bildirishda “O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari talabini bajarish har bir xonanda va san’atkorning burchidir”, deyilgan edi.
Sputnik O‘zbekiston xonanda bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdi, ammo Sitora Farmonovaning telefoni o‘chirilgan edi.
Xonandaning produseriga qo‘ng‘iroq qilganimizda, u bizga Sitora hozirda Toshkentga "O‘zbeknavo" estrada birlashmasiga borib, litsenziya bilan bog‘liq shov-shuvlarga shaxsan oydinlik kiritish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Sal oldin Sputnik Qirg‘iziston Sitora Farmonova bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgani haqida yozgan edi. Nashrda berilgan xabarga ko‘ra, Sitora Farmonova Sputnik Qirg‘iziston muxbiriga "Tafsilotlardan xabarim yo‘q. Barcha tashkiliy ishlar bilan produserim shug‘ullanadi. Litsenziyamdan mahrum etilganimni eshitib, o‘zim ham "shok"ka tushdim. Hozircha bu borada hech qanday izoh berolmayman", deb aytgan.