TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Turkiyada ro‘y bergan harbiy ison — davlat to‘ntarishini amalga oshirishga bo‘lgan urinishlar, va buning oqibatida yuzaga kelgan tartibsizliklar tufayli o‘z yaqinlarini Turkiyaga ishga kuzatgan o‘zbekistonliklar yuragida hadik uyg‘ongani rost. Turli xil sabab bilan kimningdir akasi, opasi, yana kimningdir ota-onasi hozirda Turkiyada.
Tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilgan o‘zbekistonlik ayolning so‘zlariga qaraganda, u mana ikki haftadirki Turkiyaga ishlashga ketgan opasi bilan bog‘lana olmayapti. Ayol na ketgan manzilini aytgan, na telefon raqamini qoldirgan.
Sputnik O‘zbekiston bu holatga aniqlik kiritish uchun O‘zbekiston TIV matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qildi. Tashqi ishlar vazirligi xodimining so‘zlariga qaraganda, "bedarak ketgan shaxsning yaqinlari hududiy IIBga murojaat etishlari lozim. Militsiya bo‘linmasida ularga bu holat yuzasidan zarur yo‘l-yo‘riq tushuntiriladi".
Turkiyadagi o‘zbekistonliklar taqdiri haqidagi savolga esa muassasada "biz bu holat yuzasidan izoh bermaymiz", deya javob qaytarishdi.
Shu bois, Turkiyadagi holatni bilish uchun bu mamlakatda uzoq yillardan beri yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi bilan bog‘landik.
Uning so‘zlariga qaraganda, Turkiyada ayni vaqtda hammayoq tinch, o‘zbeklar taqdiri uchun havotirlanishga o‘rin yo‘q.
"Sizlarga chetdan xuddi Turkiyada urush bo‘layotgandek tuyulishi mumkin. Aslida esa bizda hammayoq tinch. Havotir olmanglar", — dedi suhbatdosh.
"To‘g‘ri, davlat to‘ntarishini amalga oshirishga harakat qilishdi, lekin bu amalga oshmadi. Hukumat bir kunda isonchilarning aksariyatini hibsga oldi", — qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, 15-iyuldan 16-iyulga o‘tar kechasi Turkiyada bir guruh harbiylar hukumatni egallab olishga harakat qilgan. Ular harbiy vertolot va tanklar yordamida aeroport, ko‘prik, OAV binolari va prezident saroyiga hujumlar uyushtirgan. Turkiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, harbiy ison oqibatida 290 kishi qurbon bo‘lgan.