Turdenev: biz Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning yuqori darajasini qadrlaymiz

© IA "JAXON"Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Turdenev
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Turdenev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi ikki davlat xalqaro minbarlarda, birinchi navbatda, BMT, MDH va ShHT doirasida mazkur tashkilotlar vakolatiga aloqador bo‘lgan keng qamrovli masalalarda o‘zaro fikr almashib muvaffaqiyatli hamkorlik qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. O‘zbekiston davlat mustaqilligining 25-yillik bayrami arafasida “Jahon” axborot agentligi muxbiri Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Vladimir Turdenev bilan suhbatda bo‘ldi.

- Vladimir Lvovich, suhbatimiz muhim voqea — O‘zbekiston mustaqilligining 25-yillik yubileyi arafasida o‘tayotgani quvonarli holdir. Davlat va jamiyat qurilishi sohasida mamlakatimiz erishgan muvaffaqiyatlar yuzasidan Sizning fikrlaringizni bilish bizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

— O‘zbekistonda mustaqillik yillari davomida mamlakat siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining o‘suvchanligini, davlat va jamoatchilik tizimlarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlagan chuqur islohotlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
Islom Karimov: O‘zbekistonda sport sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan faxrlanish mumkin!
Ma’lumki, davlatchilikning o‘zbek modeli mohiyatan kuchli ijtimoiy yo‘naltirilganligi bilan ajralib turadi. Mamlakatda oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish, keksa avlod vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar katta hurmatga sazovordir. Yoshlarga benihoya katta e’tibor ko‘rsatilmoqda — o‘smir bolalar va qizlar o‘zlarini namoyon etishlari hamda sifatli ta’lim olishlari uchun borgan sari katta imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Sog‘liqni saqlash, sport, ilm-fan va madaniyat sohalarini rivojlantirish yuzasidan jiddiy ishlar olib borilmoqda. Munosib infratuzilma, zamonaviy sport majmualari, tibbiyot muassasalari, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan dam olish maskanlari barpo etildi.

Shubha yo‘qki, bu muvaffaqiyatlar — mehnatkashligi, yuksak ma’naviyati, aniq maqsad sari intiluvchanligi va qiyinchiliklarni bartaraf etish qobiliyati bilan hurmat va nom qozongan o‘zbek xalqining xizmati. Aynan ana shunday sifatlar davlat va jamiyat barqaror taraqqiyotining garovi hisoblanadi.

- Iqtisodiy rivojlanish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Siz o‘zbek iqtisodiyoti barqaror o‘sishi ta’minlanishining harakatlantiruvchi kuchi nimada deb o‘ylaysiz?

— O‘zbekistonning iqtisodiy muvaffaqiyatlari tanlangan samarali strategiya — milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning o‘zbek modeli bilan bog‘liq. Ko‘p jihatdan mulkchilik shakllarini tubdan o‘zgartirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, korporativ boshqaruv tamoyillari va yondoshuvlarini o‘zgartirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar tufayli iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlariga erishildi.

Toshkentdagi meva va sabzavot yarmarkasi - Sputnik O‘zbekiston
Rossiya meva va sabzavotlar O‘zbekistondan yetkazib berilishi tarafdori
Respublikada sanoatni modernizatsiyalash ishlari olib borilayotgani, mulkdorlar va xususiy tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini kafolatlash va himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha meyoriy-huquqiy hujjatlar to‘plamining qabul qilingani, tadbirkorlik subyektlari tuzish va ular faoliyatini yo‘lga qo‘yish soddalashtirilgani hamda yengillashtirilgani iqtisodiyotga jalb etilayotgan sarmoyalar hajmlari oshirilishini ta’minlamoqda.
Meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik hamda mahsulotlarni sanoat yo‘li bilan qayta ishlash izchil rivojlanib bormoqda. Aholi daromadlarini ko‘paytirish va odamlarning hayot darajasi hamda sifatini yuksaltirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning barqarorligida muhim o‘rin tutadi.

Shuni qayd etishni istardimki, Rossiya — O‘zbekiston savdo- iqtisodiy aloqalari izchil rivojlanib bormoqda va ular yaxshi istiqbollarga egadir. Iqtisodiy hamkorlik, hech mubolag‘asiz, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining eng asosiy qirralaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston hamon Rossiyaning Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari orasidagi asosiy savdo sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining qariyb 18 foizi bizning mamlakatimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiya O‘zbekistonning eng yirik sarmoyaviy sheriklaridan biri hamdir. So‘nggi yillar davomida Rossiya kompaniyalari tomonidan o‘zbek iqtisodiyotiga 6 milliard AQSh dollaridan ziyod miqdordagi sarmoya kiritildi. Respublikada salkam 900 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, Rossiyada esa o‘zbek kapitali asosida 500 dan ziyod korxona tuzildi.

- Yaxshi an’anaga ko‘ra, O‘zbekistonda har yil muayan ijtimoiy yo‘nalishga bag‘ishlanadi. Joriy yili “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi hayotga tadbiq etilmoqda. Shu o‘rinda Sizning ushbu dastur va respublikada ijtimoiy sohaning rivojlanishi to‘g‘risidagi fiklaringizning bilishni istar edik.

— O‘tgan yili mamlakatda “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi amalga oshirildi, 2016-yil esa Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan Sog‘lom ona va bola yili, deb e’lon qilindi. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bu ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosatining haqqoniy va mantiqiy davomi bo‘lib qoldi. Ayollar va bolalar salomatligi muhofazasi, har tomonlama barkamol, jismonan va ma’nan sog’lom avlod tarbiyasi bu siyosatdagi ustuvorlik hisoblanadi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
Islom Karimov: ertangi kun bizniki, marra bizniki

Jumladan, bu yo‘nalishda muvaffaqiyatlarga erishish uchun oila, onalik va bolalik muhofazasiga oid qonunchilik va meyoriy-huquqiy zaminini mustahkamlash, zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha izchil ishlarni davom ettirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ta’lim tizimining rolini kuchaytirish ustuvor vazifa etib belgilandi.

2016 yil mamlakatda “Sog‘lom ona va bola yili”, deb e’lon qilinishi O‘zbekiston rahbariyatining gullab-yashnaydigan davlatni barpo etish yo‘lida yangi muvaffaqiyatlarga erishishga bo‘lgan qat’iy sodiqligidan dalolat beradiki, bunda sog’lom avlodning o‘rni alohidadir. Onalik muhofazasi har qanday mamlakat uchun muhimdir, chunki sog’lom bola — kuchli davlat va har qanday millat kelajagining asosi.

- O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari istiqomat qilishadi. Millatlararo hamjihatlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zbek modelining noyobligini butun dunyo jamoatchiligi e’tirof etdi. Hurmatli elchi janoblari, o‘zbek jamiyatida tolerantlik muhitining hukmronligi yuzasidan Sizning fikrlaringizni bilishni istar edik…

— Tolerantlik O‘zbekistonda o‘zining ko‘p asrlik ildizlariga ega. Aynan shu zaminda turli-tuman millatlar, dinlar va an’analar o‘zaro yaqin hamkorlikda, yonma-yon hayot kechirgan. Turli sivilizatsiyalar bir-biriga qo‘shni bo‘lgan, dunyo madaniyatlarining bir-birini global boyitishi jarayonlari ro‘y bergan.

Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari uchrashuvi - Sputnik O‘zbekiston
Islom Karimov va Vladimir Putin alohida uchrashuv o‘tkazishdi
Mustaqillik yillari davomida ko‘p millatli O‘zbekiston barqarorlikni, millatlararo va dinlararo tinchlik muhitini saqlab qoldi. 130 dan ziyod millat va elatlar, 16 diniy konfessiya vakillari istiqomat qiladigan, Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p mamlakatda hamjihatlik va tolerantlik muhitining qo‘llab-quvvatlanishi bo‘yicha o‘zbek tajribasi zamonaviy dunyoda noyob hisoblanadi. Bu, shubhasiz, mazkur masalaga katta e’tibor qaratayotgan va samarali ijtimoiy siyosat yuritayotgan respublika rahbariyatining xizmatidir.

Shuni ta’kidlash zarurki, millatlararo va dinlararo hamjihatlik o‘zbek xalqi fe’l-atvoridagi fazilat, ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik va mehmondo‘stlik an’analarining in’ikosi hisoblanadi. Bu, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistonning 1,5 million evakuatsiya qilingan odamlarni qabul qilganida yaqqol namoyon bo‘lgan edi. Ular orasida qamaldagi Leningrad, Belorussiya, Polsha va Ukrainadan olib kelingan qariyb 300 ming yetim bolalar bor edi.
- Zamonaviy O‘zbekiston — xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti…

— Mamlakatimiz XXI asrda davlatlararo hamkorlik faqat xalqaro huquq va BMTning markaziy muvofiqlashtirish roli asosida, tom ma’nodagi teng huquqlilik va bir-birining manfaatlari o‘zaro hisobga olingan holda qurilishi mumkin, deb biladi.

Rossiya Federatsiyasi ittifoqchimiz va strategik sherigimiz — suveren O‘zbekiston Respublikasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik mustahkamlanishiga katta ahamiyat qaratadi. Konstruktiv siyosiy muloqot amalga oshirilmoqda, iqtisodiy aloqalar mustahkamlanmoqda, gumanitar hamkorlikning ko‘lamlari kengaymoqda.

- Marhamat qilib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanishi istiqbollari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalaringizni o‘rtoqlashsangiz…

— Biz Rossiya — O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik borasida ajralib turadigan bir-birini to‘g’ri tushunish va o‘zaro ishonchning yuqori darajasini qadrlaymiz. Mamlakatlarimiz bir-birining barqaror rivojlanishi va gullab-yashnashidan, mintaqada hamda xalqaro maydondagi nufuzining oshishi va o‘rnining mustahkamlanishidan manfaatdordir.

Rossiya va O‘zbekiston xalqaro minbarlarda, birinchi navbatda, BMT, MDH va ShHT doirasida mazkur tashkilotlar vakolatiga aloqador bo‘lgan keng qamrovli masalalarda o‘zaro fikr almashish bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda.

Rossiya O‘zbekistondan paxta sotib olish hajmini oshirmoqda
Mamlakatlarimiz yetakchilari — Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘rtasidagi muntazam muloqot ikki tomonlama hamkorlikning butun tizimi rivojlanishida katta rol o‘ynaydi. Davlatingiz rahbarining joriy yil 25-26 aprel kunlari Rossiyaga buyurgan tashrifi chog‘ida qator yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlik, xavfsizlik, madaniyat va sport sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash yo‘llari belgilab olindi.
Hukumatlararo komissiya Rossiya — O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishning muhim mexanizmi hisoblanadi. Uning navbatdagi o‘n yettinchi yig‘ilishi joriy yil 24-25 mart kunlari Moskvada bo‘lib o‘tdi.

Izchil rivojlanib borayotgan Rossiya — O‘zbekiston munosabatlarining asosini mamlakatlarimiz xalqlari o‘rtasidagi asriy do‘stlik va o‘zaro ko‘maklashish an’analari tashkil etadi. Ishonchim komilki, ular bundan keyin ham shitob bilan rivojlanib boraveradi.
- Mamlakatimiz mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga qanday tilaklarni izhor etishni istar edingiz?
— Ushbu fursatdan foydalanib, o‘zbekistonliklarni mamlakat barcha fuqarolari milliy birligining yorqin ramzi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Mustahkam sihat-salomatlik, ezgulik, eson-omonlik hamda farovonlik va tinchlikka xizmat qiladigan barcha ezgu niyatlarning ro‘yobga chiqishini tilayman. Har bir oilada osoyishtalik, farovonlik va qut-baraka hukmron bo‘lsin!

Yangiliklar lentasi
0