TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Prezidentimiz Islom Karimov raisligida 11-fevral kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon, 14-yil ichida amalga oshirilgan ishlar va ularning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha fikr yuritdi.
–Mana, oradan 14-yil o‘tdi. Bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadli ishlarimiz natijasida o‘g‘il-qizlarimiz muntazam shug‘ullanadigan sport turlarining soni keskin ravishda oshib bormoqda. Masalan, ayni shu yoshdagi bolalar 2005-yilda 43 turdagi mashg‘ulotlarga qatnagan bo‘lsa, bugungi kunda ular 59 sport turi bilan shug‘ullanayotgani bu sohadagi yutuqlarimiz nafaqat son jihatidan, balki sifat jihatidan ham o‘sib borayotganini ko‘rsatadi, — dedi Prezidentimiz.
"Ilgari bugungiday zamonaviy suzish havzalari, tennis kortlari yoki gimnastika zallari yetti uxlab tushimizga ham kirmas edi. Misol uchun, suzish deganda, ariq yoki kanallarda, oddiy sanitariya talablariga ham javob bermaydigan loyqa suv va hovuzlarda cho‘milishni tasavvur qilar edik. Buning oqibatida respublikamiz aholisi, eng yomoni, bolalar o‘rtasida og‘ir kasalliklar nihoyatda ko‘payib ketgani, onalar va bolalar o‘limi bo‘yicha O‘zbekiston sobiq ittifoqda eng oldingi o‘rinlarda turgani ham kechagi tariximizdan yaxshi ma’lum.
Keyingi yillarda keng ko‘lamdagi bolalar sportini tizimli asosda rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirgan ishlarimiz natijasida bugungi kunga kelib sport bilan shug‘ullanadigan 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarimiz o‘rtasida o‘tkir respiratorli virusli infeksiyalar bilan kasallanish 47,3 foizga, pnevmoniya bo‘yicha 55,6, bronxit bo‘yicha 61,7, skolioz bo‘yicha 45,5 foizga kamaygani biz erishgan eng muhim natija sifatida albatta barchamizni quvontiradi", — deb qayd etdi Islom Karimov.
Bunday ijobiy o‘zgarishlarni har qaysi ota-ona o‘z oilasi, o‘z farzandlari misolida ko‘rib, sportning bu boradagi ta’siri va ahamiyatini tobora chuqur anglab yetmoqda.