TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. GM Uzbekistan avtomobil sanoati atrofidagi vaziyat kundan-kun qizg‘in tus olmoqda: bir necha kun oldin o‘zbek-amerika qo‘shma korxonasi OAVlarda chop etilgan xabarlarga javoban o‘z bayonotini e’lon qildi.
Bundan oldinroq ba’zi nashrlarda GM Uzbekistan va "O‘zavtosanoat" AK vakillari muqaddam eksportga jo‘natilib, so‘ngra O‘zbekistonga noqonuniy yo‘llar bilan qayta olib kelingan avtomobillarning ichki bozorda sotilish "sxemasi" hamda ushbu maqsadlarda foydalanilgan qo‘shni davlatlarning (Qozog‘iston) chegaradosh hududlaridagi saqlash joylari to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgandi.
Bu xabarlar yana bir bor qat’iy inkor etilgan va bu xabarlar orqali nafaqat GM Uzbekistan, balki boshqa davlat tashkilotlari ham mutlaqo asossiz va dalilsiz ayblangani qayd etilgan.
"GM Uzbekistanning Rossiyadagi amaldagi distribyutorlari — "UzDEU Avto Voronej" va "Uzavto Rus" ta’sischilari tarkibida biror-bir xususiy shaxs yo‘q", deyilgan xabarda.
Shuningdek, "O‘zavtosanoat" AK, GM Uzbekistan yoki ularga bog‘liq kompaniyalar ba’zi nashrlar tomonidan e’lon qilingan maqolalarda tilga olingan "Akademiya UzDEU" kompaniyasi muassisi hisoblanmaydi, akademiyaning o‘zi esa "O‘zavtosanoat" AK bilan ham, GM Uzbekistan bilan ham hech qanday shartnomaviy yoki boshqa munosabatlarga ega emas", deyiladi bayonotda.
"Biz O‘zbekistonga noqonuniy yo‘llar bilan qaytarib olib kelingan avtomobillarni ichki bozorda sotish "sxemasi" mavjudligi haqidagi xabarlarni to‘la rad etamiz… Eksport-import operatsiyalarini ro‘yxatga olish va hisobini yuritish, shuningdek, bank va bojxona nazorati tizimlari avtomatlashtirilganidan kelib chiqib, eksport uchun deb ko‘rsatilgan avtomobillarni ichki bozorda realizatsiya qilish bo‘yicha xabarlarda tilga olingan soxta sxemalarning na amaliy, na nazariy jihatdan mavjud bo‘lishiga imkon yo‘q", deyiladi bayonotda.