TOShKENT, 13-may — Sputnik. Asaka avtomobil korxonasida ishlab chiqarilayotgan har tomonlama qulay, turli rusumli yengil avtomashinalarga talab taklifga nisbatan ortib borayotgani tufayli to‘lovlarni amalga oshirgan fuqarolarga avtoulovlar navbat bilan, shartnomada ko‘zda tutilgan muyan muddatlarga yetkazib berilmoqda. Bu esa yengil daromad ilinjida bo‘lgan ayrim nopok shaxslarga qo‘l kelmoqda. Kun.uz xabari asosida.
Shundaylardan biri Ravshan Iskandarov bo‘lib, u oliy ma’lumotli, 5 nafar farzandning otasi. Asaka shahridagi “GM-Uzbekistan” YoAJda ta’minot tizimi direktor o‘rinbosari vazifasida ishlagan R.Iskandarov muqaddam to‘rt marta sudlangan tanishi Zaynobiddin Nizomov bilan jinoiy til biriktirib, 2012-yil avgust oyidan 2014-yil avgust oyiga qadar 68 nafar fuqaroni aldash orqali ularning ishonchiga kirib, “GM-Uzbekistan” YoAJda ishlab chiqarilgan turli xil rusumdagi avtomashinalarni ma’lum vaqtlarda olib berishni va’da qilishadi.
Shu tariqa Ravshan ulardan qariyb 667 ming AQSh dollari va 65 mln 121 ming so‘m oladi. Pullarning 51 ming AQSh dollarini ukasiga, 415 ming AQSh dollarini kasalxona qurilishi uchun beradi. Qolgan pullarni esa o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuboradi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi tomonidan R.Iskandarov va Z.Nizomovga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.