TOShKENT, 27-may — Sputnik. Shu kechayu kunduzda O‘zbekistonda uchuvchisiz parvoz qurilmalari(dronlar) haqida ajoyib tragikomediya suratga olish mumkin. Gap shundaki, ushbu qurilma goh ta’qiq ostiga olinsa, goh undan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilashga harakat qilishmoqda, mana yaqinda esa dronlardan foydalanishga yana ruxsat berilgani xabar qilindi. Sputnik muxbirlari uchuvchisiz parvoz qurilmalari amaldorlarga nima sababdan tinchlik bermay qo‘yganini aniqlashga harakat qildilar.
Ekspertlar fikri
Aksariyat ekspertlar fikricha, uchuvchisiz parvoz qurilmalaridan foydalanish muammolari aslida yo‘q narsa. Chunki bunday qimmatbaho qurilmani (narxi 2 ming dollar atrofida) faqatgina yirik kinokompaniyalar xarid qilish imkoniga ega. Uchuvchisiz parvoz qurilmalarining O‘zbekistonda ommalashmagani boisi ham mana shunda.
Kulfatlar o‘chog‘i
Demak, texnikaga talab yo‘g‘u, lekin undan foydalanishga ta’qiq bor. Nega?
Oydinlik kiritishga harakat qilamiz.
2015-yil 1-yanvardan boshlab, dronlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish, sotish va foydalanish qonun orqali ta’qiqlangan edi. Hujjatlarda dronlar "samolyotlar va og‘irligi 2 ming kilogrammdan ortiq bo‘lgan boshqa parvoz qurilmalari" sifatida ta’riflangan.
Xo‘sh, bunday qaror qabul qilinishiga nima sabab bo‘ldi? Eskpertlar bir ovozdan, bu davlat chegarasida xavfsizlik kuchaytirilishi sababli yuzaga kelganini ta’kidlashmoqda.
Hali ta’qiq kiritilmay turib, noma’lum uchar apparatlar O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgani holatlari aniqlangan. Misol uchun, 2014-yil 16-dekabrda Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi chegaradan noma’lum dron uchib kelgani kuzatilgan. O‘zbekiston harbiylari so‘zlariga qaraganda, qurilma oq rangda bo‘lib, unda hech qanday boshqa belgi qayd etilmagan. Dron O‘zbekiston hududiga 7,5 km masofagacha kirib kelgan, orqaga, ya’ni, Qirg‘izistonga qarab qaytib ketgan.
Mutaxassislar hanuzgacha ushbu uchar jism borasida turlicha fikr bildirishadi. Ammo bir narsa shubhasiz — u shunchaki uchar o‘yinchoq bo‘lmagan. Aksariyat ekspertlarning so‘zlariga qaraganda o‘sha noma’lum jism Qirg‘izistondan O‘zbekistonga giyohvand moddalarni olib o‘tish bilan shug‘ullanuvchi kontrabandistlarga tegishli bo‘lishi mumkin. Chunki faqat ulardagina qimmatbaho parvoz apparatlarini xarid qilish imkoni mavjud.
Demak, qonun bo‘yicha:
Havo hududidan, jumladan uchuvchisiz parvoz qurilmalaridan noqonuniy foydalanish 100 dan 200 gacha minimal ish haqi miqdorida jarima to‘lash ko‘rinishidagi ma’muriy javobgarlik yoki qoidabuzarlik buyumlarini musodara qilish bilan 15 kunga hibsga olishga olib keladi.
Odamning o‘limiga olib kelgan dronlar bilan harakatlar 3-yilgacha axloq-tuzatish ishlari yoki 2-yildan 5-yilgacha erkinlikni cheklash yoki 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Qurbonlar, fojia yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan harakatlar 5-yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum etishga olib keladi.
O‘zbekistonga dronlarni olib kirish, sotish va ulardan foydalanish 2015-yil 1-yanvardan taqiqlab qo‘yilgan.
Ortga chekinish
Bir tomondan olib qaraganda, va nihoyat, muammo o‘z yechimini topdi — dronlardan foydalanish ta’qiqlandi.
Ammo amaldorlarimiz shundan keyin ham tinchlanmadi. O‘zbekiston hukumati may oyi o‘rtalarida yana dronlar mavzusiga qaytdi va… uchuvchisiz parvoz qurilmalaridan foydalanish mumkinligi haqida qaror qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasining maxsus ruxsatnomasini olsangiz, marhamat, dronlarni xarid qilib ulardan foydalanishingiz mumkin.
Shuningdek, chet el kinokompaniyalari ham bu ruxsatnomadan foydalanishlari mumkin. Misol uchun, "Rossiya 1" telekanali tomonidan suratga olingan "O‘zbekiston. Qumliklar marvaridi" nomli hujjatli filmni qush parvozi balandligida suratga olingan qadimiy yodgorliklar panorama kadrlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, neftchilar cho‘l va boshqa uzoq hududlarda gazo‘tkazgichlarni dronlar yordamida kuzatishlari mumkin, Favqulodda vaziyatlar vaziriligi xodimlari esa bunday qurilmalar yordamida sel kelish xavfi bo‘lgan tumanlarda monitoring o‘tkazish imkoniga ega.
Bir so‘z bilan aytganda, uchuvchisiz parvoz qurilmalaridan keng foydalanish mumkin bo‘lgan sohalar juda ko‘p. Hukumat qonunlarda ulardan foydalanish imkonini beruvchi tuynuklarni qoldirgani esa, shubhasiz, kishini quvontiradi.