TOShKENT, 20-may — Sputnik. Bundan sal oldin Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Ge Anning mamlakatimizga rasmiy tashrifi kutilayotgani haqida xabar qilgan edik. O‘z tashrifi davomida Janubiy Koreya hukumatining rahbari "Jahon" AA bergan intervyusini e’tiboringizga havola qilamiz.
- Janob Bosh vazir, Siz O‘zbekistonga rasmiy tashrifingiz davomida bo‘lib o‘tadigan muzokara va uchrashuvlardan nimalarni kutayotirsiz va O‘zbekiston — Janubiy Koreya hamkorligi istiqbollarini qanday baholaysiz?
— Men Buyuk ipak yo‘lining yuragi hisoblanadigan va bugungi kunda Markaziy Osiyoning transport-logistika xabi sifatida yana o‘zini namoyon etayotgan ajoyib mamlakatingizda bo‘lishimdan juda quvonaman.
Tashrif dasturida Qoraqalpog‘istondagi Usturt gaz-kimyo majmuasining qurilishi tugallanishi hamda Toshkentda Koreya madaniyati va san’ati uyi barpo etilishining boshlanishi marosimlarida ishtirok etish ko‘zda tutilgan.
Bu loyihalar davlatlarimiz rahbarlarining katta jonbozliklari va qo‘llab-quvvatlashlari tufayli muvaffaqiyat bilan voqelikka aylandi va ular ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarning ajoyib namunasi hisoblanadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik savdo sherigi hisoblanadi, mamlakatimiz esa O‘zbekistonning sarmoyaviy sheriklari ro‘yxatida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ko‘rib turganimizdek, davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik og‘ishmay rivojlanib bormoqda va u katta istiqbollarga egadir.
- Hozirgi paytda turli sohalardagi O‘zbekiston — Koreya qo‘shma loyihalari muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda. Surg‘il konida barpo etilgan Usturt gaz-kimyo majmuasi ulardan biri hisoblanadi. Ushbu majmuaning noyobligi va ikki mamlakat uchun ahamiyati nimada deb o‘ylaysiz?
— Ushbu sanoat giganti qurilishining yakunlanishi marosimida ishtirok etish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Uni Koreya-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligining yangi “chaqirimlarni ko‘rsatadigan ustuni” deb atash mumkin. U o‘zining ko‘lamlari bilan haqiqatan ham mega-loyihadir: yotqizilgan sarmoya hajmi qariyb 4 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
Bu loyiha hamkorlikning yangi modeli bo‘lgani tufayli ham alohida qimmatga egadir. U xom ashyo resurslari eksportidan qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tishni va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazib berishni ko‘zda tutadi.
Obyekt qurilishi yakunlanishiga bag‘ishlangan marosimda Janubiy Koreya va O‘zbekiston hukumatlari vakillarining ishtiroki bu loyihaga qaratilayotgan alohida e’tibordan dalolat beribgina qolmay, tomonlarning o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga bo‘lgan qat’iy xohish-irodasi va intilishini ham ko‘rsatadi. Kelajakda ham bunday tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, Qandim gazni qayta ishlash majmuasining barpo etilishida ishtirok etish rejalashtirilmoqda.
- Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlik neft-gaz industriyasi bilan cheklanib qolmaydi. Marhamat qilib ikki tomonlama o‘zaro manfaatli boshqa loyihalar xususida ham so‘zlab bersangiz.
— Darhaqiqat, o‘zaro hamkorligimiz energetika sohasidagina emas, balki transport, logistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat sohalarida ham amalga oshirilayotgani ma’lumdir. Shuni qayd etish quvonarliki, bugungi kunda mamlakatingizda 400 dan ziyod Koreya kompaniyalari faol ish olib bormoqda.
2009-yildan buyon muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etilayotgan Navoiy shahar aeroportini modernizatsiyalash, Tollimarjon IESni texnik qayta jihozlash, Koreya-O‘zbekiston elektron hukumat markazining tuzilishi loyihalarini alohida qayd etishni istar edim. Joriy yildan e’tiboran agroinshootlar qurilishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda umumiy suv taqsimlash bosh rejasining ishlab chiqilishi va boshqalarni ko‘zda tutadigan qishloq xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish boshlandi.
O‘tgan yilning noyabrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiyaviy forum doirasida o‘zbekistonlik va koreyalik sheriklar o‘rtasida qariyb 1 milliard AQSh dollariga teng miqdordagi bitim va memorandumlar tuzildi.
Bizning hukumatimiz ilg‘or texnologiya va ilg‘or boshqaruv uslublariga ega bo‘lgan Koreya kompaniyalariga ko‘mak ko‘rsatish, O‘zbekistonning sanoat salohiyatini oshirish bo‘yicha loyihalarning hayotga tadbiq etilishida ishtirok etish uchun bor imkoniyatlaridan foydalanadi.
- Shu o‘rinda biz Navoiy, Jizzax va Angrenda yaratilgan maxsus iqtisodiy hududlarda Janubiy Koreya sarmoyadorlari ishtirokidagi biznes-loyihalarning amalga oshirilishiga doir batafsil ma’lumotlarni olishni istar edik.
— Koreya Respublikasi O‘zbekistonning eng yirik sarmoyadorlaridan biri sifatida o‘zbek iqtisodiyotiga katta mablag‘ yotqizdi. “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy, “Jizzax” va “Angren” maxsus industrial zonalarida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan 6 ta Koreya kompaniyasi qariyb 60 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritdi. Ular avtomobillar uchun asosiy ehtiyot qismlar, pardoz-andoz, yoritish uskunalari va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishmoqda. Bulardan tashqari, «Navoiy» aeroporti bazasida tashkil etilgan intermodal logistika markazini rivojlantirish maqsadida Korean Air kompaniyasi bilan yaqin hamkorlik amalga oshirilmoqda.
- Hammaga ma’lumki, O‘zbekistonda ko‘p sonli koreys diasporasi istiqomat qiladi. Mamlakatlarimiz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va bir-birini o‘zaro to‘g‘ri tushunishni mustahkamlash uchun Toshkentda Koreya madaniyati va san’ati uyiga poydevor qo‘yilishi marosimida ishtirok etasiz. Marhamat qilib ushbu loyiha yuzasidan o‘z fikr-mulohazalaringizni o‘rtoqlashsangiz.
— Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekistonda eng ko‘p koreys diasporasi yashaydi. Ularning soni qariyb 180 ming kishini tashkil etadi.
Tashrif davomida bizning delegatsiyamiz O‘zbekistondagi koreyslarning o‘ziga xosligi, an’ana va urf-odatlarini asrash, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilayotgan Koreya madaniyati va san’ati uyi qurilishining boshlanishi marosimida qatnashamiz. Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening 2014-yil iyun oyida Toshkentga buyurgan davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bu muassasani barpo etish tashabbusini ilgari surgan edi. Mazkur loyiha ikki davlat rahbarlarining o‘zbek zaminida yashaydigan koreys diasporasiga nisbatan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligining ifodasi hisoblanadi.
Hukumatimiz O‘zbekistondagi millatlararo hamjihatlik muhitini yuqori baholagani barobarida koreys diasporasi haqidagi iliq g‘amxo‘rlikni minnatdorlik bilan e’tirof etadi.
- Bosh vazir janoblari, Siz O‘zbekiston mustaqilligining 25-yilligi arafasida mamlakatimizga tashrif buyurmoqdasiz. Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan xalqimizga qanday tilaklarni izhor etishni istar edingiz?
— O‘zbek xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillikning 25-yillik bayrami bilan chin dilimdan qutlayman va ushbu tashrifim ana shu yubiley yilida amalga oshayotgani yanada chuqurroq ma’no kasb etishi men uchun quvonarlidir.
O‘tgan davr mobaynida Prezident Islom Karimov rahbarligida Markaziy Osiyoning eng muhim davlati bo‘lib qolgan O‘zbekiston yillik iqtisodiy o‘sishning 8 foizlik darajasini va iqtisodiyotni modernizatsiyalash bo‘yicha dasturlarning hayotga tadbiq etilishini ta’minlamoqda. Mamlakatning jahon maydonidagi maqomi og‘ishmay yuksalib bormoqda. O‘zbekiston joriy yilda bir yo‘la ikki yirik tizimga — Shanxay hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorlik tashkilotiga raislik qilayotgani bu fikrni tasdiqlaydigan dalillardan biridir.
Mamlakatingizda jadal taraqqiyotning kuzatilayotgani sodiq do‘st bo‘lgan, qo‘lni-qo‘lga bergani holda birgalikda muvaffaqiyatlarga erishayotgan Janubiy Koreyani quvontiradi. Ishonchim komilki, biz bundan keyin ham yaqin hamkorlar bo‘lib qolaveramiz.
O‘zbek xalqiga salomatlik va baxt-iqbol, mamlakatlarimizga esa mustahkam do‘stlik va farovonlik tilayman.