O‘zbek avtosanoatining eng katta 5ta kamchiligi

© Sputnik / Igor Zarembo / Mediabankka o‘tishIshchilar avtomobil yig‘ish korxonasining svarka qilish sexida.
Ishchilar avtomobil yig‘ish korxonasining svarka qilish sexida. - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Yaqinda bo‘lgan voqea: "GM Uzbekistan" Bosh direktorining qamalishi, Bosh vazir o‘rinbosari Ro‘ziqulovning iste’foga ketishi o‘zbekistonliklarni nafaqat ajablantirmadi, balki, xalq bunday "tozalash" ishlari tez-tez o‘tkazilishi tarafdori ekanini ochiq oydin ma’lum qildi.

TOShKENT, 17-may — Sputnik. So‘nggi haftada o‘zbek avtosanoati shov-shuvli janjallar markazida qolib ketdi. OAVlarda GM Uzbekistan avtomobil shirkati Bosh direktori Tohirjon Jalilov tovlamachilik yo‘li bilan katta mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblanib, qamoqqa olingani, hamda "O‘zavtosanoat" kompaniyasiga rahbarlik qilib kelayotgan Bosh vazir o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulov o‘z lavozimidan chetlatilgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Kishan solingan qo‘llar - Sputnik O‘zbekiston
“GM-Uzbekistan” rahbarlaridan biri 667 ming dollarni noqonuniy o‘zlashtirib yubordi

Bu mish-mishlarda qanchalik jon bor, vaqt ko‘rsatadi. Ammo, O‘zbekiston aholisi bunga nafaqat ishondi, balki xabarlarning yashin tezligida tarqalishida bevosita ishtirok etganining o‘ziyoq, bu soha vakillari bilan muloqotdan xalq qanchalik "to‘yganini" aniq ko‘rsatib berdi. Sputnik O‘zbekiston muxbirlari O‘zbekiston xalqini "qamoqqa olish" holatlari nima uchun ajablantirmagani boisini o‘rganishga harakat qildi.

Birinchi sabab — narx

Ichki bozorda sotiladigan o‘zbek avtomobillarining narxi butun Markaziy Osiyoda duv-duv gap bo‘lganiga ancha bo‘lgan. O‘zini regiondagi avtogigant deb e’lon qilgan GM Uzbekistan, mamlakat aholisi o‘zining "o‘zbek avtomobili"ga ega bo‘lmasligi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qildi. Bir modeldagi avtomobil narxi mamlakat ichki bozorlarida va undan chetda (bir vaqtning o‘zida) 20-50%gacha farq qilar edi.

Joriy yilda ham xuddi shunday bo‘ldi. Misol uchun, hozirda Moskvadagi avtosalonlarda "Gentra"ni 439 ming rubl(taxminan 6753 dollar)ga, "Nexia"ni — 379 ming rubl(taxminan 5830 dollar)ga xarid qilish mumkin. O‘zbekistondagi avtosalonlarda esa narxlar bir muncha baland — Nexia 6600dan 7780 dollargacha, Gentra esa 9700dan 12600 dollargacha sotilmoqda. Shuni inobatga olish kerakki, Rossiyada, O‘zbekistondan farqli o‘laroq, avtokredit hamda aytilgan narxdan katta chegirma qilish singari samarali tizim ishlaydi.

Ko‘rib turganingizdek, farq juda katta. O‘z yurtingizda ishlab chiqarilgan avtomobil ichki bozorda otning kallasidek pul tursa-yu, chet elda arzon bahoda sotilsa… Bir oz bema’ni holat, shunday emasmi?

Ikkinchi sabab — valyuta

Mustaqil davlatning asosiy belgilaridan biri — bu uning milliy valyutasi. O‘zbekiston ham o‘z milliy valyutasi — "so‘m"ga ega. "So‘m" hamma joyda ishlatiladi, ammo, agar siz GM avtosalonidan o‘z yurtingizda ishlab chiqarilgan avtomobilni xarid qilmoqchi ekansiz, yoqimsiz "surpriz"ga tayyor turing — avtomobil xarid qilmoqchimisiz, "ko‘kidan" taxlashingizga to‘g‘ri keladi. O‘n yildan beri shunday holat davom etib kelmoqda.

So‘nggi besh yil davomida shikoyat bitilgan maktublar GM Uzbekistan va "O‘zavtosanoat" AK ofislariga sig‘may ketgachgina, avtosalonlarda mashinalar so‘mga sotila boshlandi. Ammo bu ish ham firibsiz kechgani yo‘q — avtosalonlarda aniq belgilangan modellargina, ya’ni, aksariyat hollarda narxi juda qimmat va tashqi bozorda talab katta bo‘lmagan mashinalargina so‘mga sotila boshlandi. Ammo xaridor shunisiga ham shukr qildi, "sovg‘a qilingan otning tishiga qarama", degan naql bejizga aytilmagan, axir.

Avtomobil ishlab chiqarish korxonasida payvandlash ishlari - Sputnik O‘zbekiston
GM Uzbekistan avtomobil ishlab chiqarishni 20% ga oshiradi

Afsuski, bu "aksiya"ning umri uzoq bo‘lmadi. Bugungi kunda o‘zbek avtosalonlarida barcha avtomobillar yana dollar evaziga sotilmoqda. Avtosalon egalarining biri muxbirimizga bergan xabarga ko‘ra, kompaniya o‘z oldiga chet elda avtomobillar sotuvidan jalb qila olmagan valyutani O‘zbekistonda to‘plashni reja qilib qo‘ygan. Bu mablag‘ taxminan 50 million dollar ekanligi aytilmoqda. Kim bilsin, kerakli mablag‘lar to‘plangach, avtomobillarni so‘mga xarid qilishdek ajoyib imkoniyat yana paydo bo‘lar. Hozircha esa — dollar izlang.

Dollarga bo‘lsa ham xarid qilishga tayyor odamlar kam emas. Ammo, shundoq ham oson bo‘lmagan masalani yanada qiyinlashtiruvchi muammolardan biri shundaki, O‘zbekistonda avtomobilga ega bo‘lish maqsadida banklardan valyuta xarid qilish imkoni yo‘q. Banklar fuqarolarga valyutani kvartalda bir marta 2000 dollar miqdorida maxsus konversion kartalarga tushirib beradi. Ammo bu kartalardan avtomobil xarid qilish uchun foydalanishning imkoni yo‘q. Bu kartalar faqatgina aviachiptalar xaridi va chet elda foydalanish uchun mo‘ljallangan. Bu ham mayli, konversion kartaga ega bo‘lish ayni vaqtda O‘zbekistonda jasorat ko‘rsatishga tenglashtirilgan desa ham bo‘ladi — navbatda bir emas, bir necha oy turishingizga to‘g‘ri keladi.

Xullas, agar shu paytgacha avtomobil xarid qilish ishtiyoqi yo‘qolmagan bo‘lsa — unda qora bozorga marhamat qiling. Faqat yodingizda tursin, "qora bozor"da valyutani Markaziy Bank o‘rnatgan kursdan ikki barobar yuqori narxda xarid qilishingizga to‘g‘ri keladi.

Uchinchi sabab: ertalab — to‘lov, kechqurun — tovar

Yana bir qiziqarli fakt — eski avtomobillar avtosalonlardagi yangi "toychoq"lardan ko‘ra qimmatroq turgan dunyodagi yagona davlat — bu O‘zbekiston. Sababi oddiy — uzoq vaqtlargacha mahalliy avtosalonlarda avtomobil xarid qilish imkoni umuman mavjud emasdi. Hattoki, dollar va xohish-istak bo‘lgan taqdirda ham. Bu holatdan chiqish uchun sehrli so‘zdan xabardorlik talab etilardi. Sehrli so‘z esa, ko‘pchilik o‘ylaganchalik "iltimos" emas, "shapka"dir.

Ravon avtomobillari - Sputnik O‘zbekiston
GM Uzbekistan Rossiyaga Ravon R2 avtomobilini jo‘natishni boshladi

Mahalliy avtosalonlarda avtomobillarni yetkazib berishning oddiy sxemasi yo‘lga qo‘yilgan. Avtomobillar oldi-sotdisi bo‘yicha shartnomalar bozorga bir necha marta "tashlanadi". Ulkan navbatlarning yuzaga kelishi sababi ham shunda. Respublika bo‘yicha avtosalonlar mashina xarid qilish ishtiyoqida yongan odamlar tomonidan "ishg‘ol" qilinadi, deyish mumkin. Shartnomalar, tabiiyki, bir necha kun ichida o‘z egalarini topadi, ya’ni sotilib bo‘ladi. Agar kishi mana shunga qaramay, avtomobil xarid qilish istagida ekan, salonlarda ishlaydigan iltifotli xodimlar undan "shapka" so‘rashar edi, yani avtomobil narxiga 300dan 1500 dollargacha qo‘shimcha pul to‘lash talab etilardi.

Bugun, avtomobillarga talab tushgan bir paytda, "shapka" o‘ynaydigan rol ham o‘zgardi. Endilikda "shapka"ni avtomobil yetkazib berish vaqtini qisqartirish uchun to‘lashmoqda. Oddiy tartibda puli to‘langan avtomobilni yarim yil yoki hatto bir yildan keyin olsangiz, "shapka" bilan ish tezroq bitmoqda.

Shuningdek, "shapka" evaziga, avtomobilni so‘m evaziga xarid qilish imkonini beruvchi shartnomani qo‘lga kiritishingiz ham mumkin. Faqat, bu holatda tortiq qiladigan "shapka"ngiz oddiy emas, Monomaxnikidek bo‘lmog‘i lozim.

To‘rtinchi sabab — tanlov yo‘qligi

Mahalliy, o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobillarni xarid qilishda duch kelishingiz mumkin bo‘lgan yana bir muammo — oddiygina tanlash imkoniyatining mavjud emasligidir.

Avtosalonga tashrif buyurgach, o‘zingizga yoqmagan komplektatsiyaga ega, o‘zingiz xohlamagan rangdagi avtomobilni xarid qilasiz. Avtomobil sizga qay holatda yetib kelishi haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Xaridorlar orasida salondan yangi avtomobil xarid qilib, uning urilgani, yoki ba’zi bir ehtiyot qismlari mavjud emasligi singari muammolarga duch kelganlari kam emas.

Bunday avtomobilni qaytarish imkoni, mavjud, albatta. Ammo… yillab kutgan toychog‘ingiz uchun sarflagan vaqtingizni o‘ylab, pullaringiz qaytarilishida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni inobatga olib, yaxshisi qaytarmaganim ma’qul, degan xulosaga kelishingiz ham, ayni haqiqat.

Beshinchi sabab — katta to‘lov

O‘zbekistonda avtomobillar to‘lovini amalga oshirishning o‘ziga xos tizimi mavjud. Avtosalonga boramanu, pulini to‘lab, katta xursandchilik bilan avtomobilimni olib qaytaman, deb o‘ylaganmidingiz? Hammasi ham siz o‘ylaganchalik oson emas. Avvaliga ikki barobar qimmat narxda "qora bozor"dan dollar topasiz, shundan so‘ng bankka yo‘l olasiz, bu yerda sizga maxsus plastik kartochka ochishadi(bu uchun taxminan 30 dollar haq olishadi). Ta’kidlash joizki, mamlakatda ushbu xizmat turi atigi 2ta bank tomonidan amalga oshiriladi.

Shundan so‘ng, siz qo‘lingizdagi naqd dollarlarni bankka topshirasiz. Bank bu pullarni sizning plastik kartochkangizga o‘tkazadi. Eslatib o‘tamiz, qora bozordan har bir dollarni 5500-5600 so‘mdan xarid qilib (17 may holatiga ko‘ra), bankka 2920 so‘mdan topshirasiz. Yuzingizda tabassum zohir bo‘lgandir?..

Shunisi ham qiziqki, olgan plastik kartochkangiz bir martalik to‘lov o‘tkazishga yaraydi, xolos. Shundan so‘ng 30 dollarlik kartochkani hech ikkilanmay axlat chelagiga uloqtirishingiz mumkin. Kartani qo‘lga kiritishingiz bilan, avtosalonga yo‘l olishingiz mumkin. U yerda kartangizdan pullarni yechib olishgach, nihoyat, uzoq kutgan shartnomani qo‘lga kiritasiz.

Bu kabi tizim avtomobilni valyuta evaziga xarid qilganingizdagina amal qiladi. So‘mga xarid qiladigan bo‘lsangiz, to‘lovni salonning o‘zida amalga oshirishingiz mumkin. Ammo hozircha hech kim sizga so‘m evaziga avtomobil sotmas ekan, dollarjon qayerdasan, deb bosh qotirishga majbur bo‘lasiz…

So‘ngso‘z o‘rnida

GM Uzbekistan kompaniyasida bugungi kunda o‘tkazilayotgan taftish, tekshiruv ishlari natijasida o‘zbek avtomobillari xalqimizga qaytadi, avtomobil oldi-sotdisi takomillashadi, deb umid qilamiz. Mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarga esa birgina savolimiz bor — janoblar, o‘zbek avtomobillari chet eldan ko‘ra o‘zimizda qimmat turishidan nahotki uyalmaysiz?

Yangiliklar lentasi
0