TOShKENT, 17-may — Sputnik. GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi Rossiyaga Ravon R2 avtomobilini jo‘natishni boshladi. Ilk avtomobillar may oyi oxirigacha o‘z sohiblari qo‘liga yetib boradi, deb xabar qilinmoqda Ravon saytida.
2016 yil oxiriga qadar kompaniya 2500 dona yangi modeldagi avtomobillarni sotishni rejalashtirgan.
"Ravon R2" modeli tashqi va ichki tomondan yangi dizaynga ega, tejamkor 1,25 l B-DOHC dvigateli va yangi avloddagi avtomatik transmissiya bilan jihozlangan. Model komplektatsiyasi yaxshilangan shovqin izolyatsiyasi, yangilangan asboblar paneli, MP3, USB, AUX va Bluetooth funksiyalariga ega audiotizimni o‘z ichiga oladi.
"Ravon R2"ning faol va passiv xavfsizlik tizimi xavfsizlik yostiqchalari, rulni elektron boshqarish tizimi, elektr oyna ko‘targichlar, antibloklanish tormozi va bolalar avtomobil o‘rindiqlarini mahkamlash tizimi Isofix bilan butlangan.
GM Uzbekistan konserni Rossiyaga olib chiqadigan avtomobilning keyingi modeli Nexia sedandir. O‘zbekiston ichki bozorida bu model Chevrolet Nexia sifatida, xorijiy bozorlarda esa "Ravon Nexia R3" brendi ostida sotiladi.
Ayni vaqtda "GM Uzbekistan"ning Asakadagi zavodida ikki yangi modelni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha ishga tushirish-sozlash va sinov ishlari yakunlandi.
Kompaniya Ravon dilerlik tarmog‘ini kengaytirishni va Ravon R4 modelini ishlab chiqarish bilan modellar qatorini yangilashni davom ettirmoqda. Joriy yilda Ravon brendi MDHning markaziy bozorlarida, jumladan Qozog‘istonda ishga tushiriladi.