TOShKENT, 7-may — Sputnik. Tojikistonning ikki fuqarosi respublika prezidenti Emomali Rahmonga su’iqasd uyushtirmoqchi bo‘lgani uchun ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda poytaxt sudi vakili Ismoili Somoni Firuz Sultonzoddan olingan ma’lumotga tayangan holda Sputnik Tojikiston xabar qilgan.
"Dilafro‘z Xolova va Izzatullo Fuzaylov “Islom davlati” terrorchilik uyushmasi terrorchilari bilan hamkorlikda 2015-yilning sentabrida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga su’iqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan. Ular shuningdek, Xo‘jand va Vahdotda bir nechta obyektlarni portlatishni rejalashtirgan”, deb xabar qildi sud vakili.
Firuz Sultonzodning so‘zlariga qaraganda, Xolova va Fuzaylov uyushgan jinoyatchilikda aybdor deb topilgan. Xolova — 8,5 yilga, Fuzaylov esa — 10-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Sud vakilining aytishicha, Xolovaning WhatsApp orqali muloqot qilib yuradigan tanishi, suriyalik "ID" terrorchilik uyushmasining “Abu Salloh” laqabli a’zosi 2015-yil 2-sentabr kuni ayolga Xo‘janddagi harbiy qismlarni bosib olish rejasi haqida ma’lum qilgan.
Sudlanuvchi sudda bergan ko‘rsatmasida, “Abu Salloh” shu maqsadda Dushanbedagi tumanlarning birida 20 kishidan iborat guruh tashkil qilgani, Izzatullo Fuzaylov shu guruh a’zolaridan biri bo‘lgani haqida ma’lum qildi.
"ID" vakili Xolovaga So‘g‘dlik terrorchilar mamlakat prezidentining Vahdot shahriga uyushtiradigan ishchi safariga tayyorgarlik ko‘rishayotgani, portlash 6-sentabr kuni, sement zavodi ochilish marosimida ro‘y berishi haqida ma’lum qilgan.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil avgust oyida Xolova WhatsApp orqali portlovchi moddalarni yasash bo‘yicha qo‘llanma olgan.
"Ammo, Xolova va Fuzaylov kerakli qurollarni topa olishmagani tufayli o‘z "xo‘jayinlarining" topshirig‘ini bajara olishmagan. Sudlanuvchilar 12 va 16-sentabr kunlari qo‘lga olingan”, — deyiladi xabar matnida.